Dono yigit va uning qaylig‘i

Bu ertakni men bir bedanabozdan eshitganman. Bedanaboz ham bir bedanabozdan eshitgan ekan.
Bir dono, o‘qigan, oqu qorani tanigan, lekin uylanmagan bir odam bor ekan. Do‘stlari unga:
— Birodar, nega uylanmaysan, yoshing anchaga borib qoldi-ku? — debdilar. Ularga hamisha bir javob:
— Bo‘yi bo‘yimga tenglar ko‘p, yoshi yoshimga tenglar ko‘p, lekin aqli aqlimga, qalbi qalbimga mos keladiganini izlab topa olmay xunobman, — deb javob beraveribdi.
— Agar bunisi yaxshi, bunisi yomon, deb yuraversang bir umr xotinsiz o‘tib ketasan, yaxshisi, birisini sen-da, shunga uylanib qo‘ya qol, — debdi do‘stlari.
— Mayli, sizlarning aytganingizni ham bir o‘ylab ko‘raman. Xotirjam bo‘laveringlar, to‘yga bosh bo‘larsizlar, — deb dehqonchiligini qilib, o‘z ishi bilan yuraveribdi. Kunlardan bir kuni u yig‘im-terimdan bo‘shabdi-da, zora ko‘ngli ko‘nglimga, so‘zi so‘zimga mos keladigan qizni topsam, deb o‘ziga-o‘zi tasalli berib, yo‘lga chiqibdi. Bir necha tosh yo‘l yurganidan keyin otiga dam beribdi va o‘zi ham ozgina uxlab orom olib yana yo‘lga tushibdi. Bir necha chaqirim yo‘l bosganida bir otliq kishi uchrab, unga hamroh bo‘libdi. Ikkovlari bir-biri bilan gaplashmay bir necha chaqirim yo‘l yurishibdi. Oxiri dono yigit hamrohiga:
— Yo siz menga mingashing, yo men sizga, — debdi. Hamroh bo‘lgan kishi ham gapning ma’nosi shu ekan, deb otini yana qistab haydab:
— Mingashishning keragi bormi? Otlarimiz yaxshi-ku, — deb yo‘lni bosaveribdi.
Yana bir tosh yo‘l gap-so‘zsiz o‘tibdi. Ular bir qishloqning chekkasidan chiqibdilar. Qarasalar bir tobutni odamlar ko‘tarishib o‘tayotgan emishlar. Dono yigit hamrohidan so‘rabdi:
— Bu tobutda yotgan kimsa o‘likmi yo tirikmi? Hamroh dono yigitga bir qarabdi-da, o‘zicha: «Bu kishining esi joyidami o‘zi, tobutda yotgan tirik bo‘larmi hech», deb, indamay yo‘lni davom qilaveribdi. Dono yigitning savoli javobsiz qolibdi. Yana bir necha tosh yo‘lni gap-so‘zsiz bosib o‘tibdilar. Bir bug‘doyzorning ustidan yo‘li tushibdi ularning. Shunda dono yigit hamrohiga bug‘doyzorni ko‘rsatib:
— Bu bug‘doy yeyilganmi yo yeyilmaganmi? — deb savol boribdi.
Hamrohi yana: «Bir jinni bilan yo‘ldosh bo‘lgan ekanman-da», debdi o‘zicha va indamasdan yo‘lini davom qildiraveribdi. Bir necha daqiqa yo‘l bosganlaridan keyin shaharga kiribdilar. Yo‘llari bir hovliga kelibdi, bu uy dono yigit hamrohining uyi ekan. Shunda dono yigitga qarab hamrohi:
— Mana, men uyimga yetdim, endi siz ham otdan tushib bir piyola choy ichib ketsangiz, — debdi.
— Ichsam icha qolay, marhamatingiz qaytmasin, — debdi dono yigit. Otdan tushibdilar va ichkari kirishibdilar. Uy egasining xotini va qizi bor ekan. Xotini choy tayyorlashga ketganida qizi otasidan so‘rabdi:
— Ota, bu yo‘ldoshingiz kim bo‘ladilar?
— Qizim, so‘rab nima qilarding, bir jinni bilan yo‘ldosh bo‘lgan ekanman, yo‘limiz uy ustidan tushdi, uyga kiring, deb istar-istamas aytgan edim, «Marhamatingiz qaytmasin», deb kirdi, — debdi otasi.
— Nimasi jinni bu yigitning, ota? — so‘rabdi qizi.
— Savollarimi, gap-so‘zimi, nimasi ekanini bilmayman, ishqilib so‘zi tuzsiz ekan.
— Otajon, nimalarni so‘zladi u yigit?
Otasi qiziga yigitning uchta savolini va o‘zining javob bermaganini aytib bersa, qizi otasiga qarab:
— Otajon, bu yigit jinni emas, yomon ham emas. Bu yigit dono ekan. Agar siz bu yigitning savollariga to‘g‘ri tushunsangiz bir dunyo ma’no topardingiz. «Yo siz menga mingashing, yo men sizga mingashay», degani, «Siz so‘zlang, yo men so‘zlay», degani. «Tobutda yotgan o‘likmi yo tirikmi?» degani, «Bu kishining ketida farzandi qoldimi yoki befarzand dunyodan o‘tdimi?» degani. Uchinchisi  esa, «Bu bug‘doy sotilganmi yoki sotilmaganmi?» degani, — debdi.
Ota yigitning oldiga chiqib choy ichib o‘tiribdi, u shunda:
— Yo‘lda xayolim uyda bo‘lgani uchun savollaringizga javob bera olmagan edim, — deb yigitning yo‘lda bergan savollariga javob beribdi.
Shunda dono yigit: «Bu yerda bir sir bor», — deb ko‘nglidan o‘tkazibdi-da, so‘rabdi:
— Uyingizda kimlaringiz bor?
— Bir xotinim va kamolga yetgan bir qizim bor, — debdi u kishi.
— Unday bo‘lsa to‘g‘ri gapiring, bu savollarimning javobini shu ikkovidan biri aytib bermaganmikan?
— Taqsir, shunday, qizim aytib berdi, — debdi soddalik qilib uy egasi.
— Unday bo‘lsa men murodimga yetdim, — debdi dono yigit, — men ko‘ngli ko‘nglimga, so‘zi so‘zimga mos umr yo‘ldoshi izlab yo‘lga chiqqanman. Ayb qilmang, qizingiz bilan bir daqiqa ko‘rishmoq murodini bersangiz, men qizingiz bilan yuzma-yuz uchrashib bir kalima so‘zlashsam, — debdi yigit.
Bu gaplarni qiz ham tinglab turgan ekan. Qiz o‘zicha sevinibdi. Dono yigitning xotini bo‘lishni jonu dildan istabdi. Qizning otasi ham bir oz o‘ylanib qolibdi-da, yigitga qarab:
— Sizning iltimosingizni qizim bilan kengashib chiqaman, — debdi.
Ota shu so‘zni aytib qizining oldiga chiqibdi. Qizi ham bir sinab ko‘rish maqsadida otasiga: «Borib ayting, qizim ko‘r, qulog‘i garang, oyog‘i lang», deng. Agar shunda ham menga uylanishni istasa, mayli.
— Yolg‘on gapni qanday aytaman, qizim, — debdi otasi.
— Shunday deyavering, xohlasa shu, xohlamasa yo‘q, — debdi sirli kulib qizi.
Qizining bu so‘zlarini eshitib otasi mehmon yigitning oldiga chiqibdi va bir oz o‘tirgandan keyin:
— Yigit, siz qizimni ko‘rishni istagan edimgiz, lekin aybli narsani birovga ko‘rsatish yomon. Qizimning aybi ko‘p, — debdi.
— Nima ayblari bor qizingizning, — debdi yigit.
— Qizimning ayblari shu: — ko‘zi ko‘r, qulog‘i garang, oyog‘i lang.
— Shundaymi? — debdi yigit va bir oz o‘ylanib qolibdi, yigit o‘zicha: «Ko‘zi ko‘r degani yomonni ko‘rmagani, qulog‘i garang degani yomonni eshitmagani, oyog‘i langligi yomon yo‘lga yurmagani bo‘lsa kerak. Bu gaplarni qiz o‘rgatgan»— debdi-da, mezbonga:
— Mayli, men shu qizni o‘zimga loyiq ko‘rdim, ketidan afsusim yo‘q, — debdi.
Qiz bu gaplarni ham eshitibdi. Keyin otasi qizni yigitning oldiga keltiribdi.
— Mana mening qizim, — debdi.
Qiz bilan yigit bir-birlariga bo‘y-basti bilan ham, eshitgan-bilgan gap-so‘zlari bilan ham mos kelibdi. Otasi bir qiziga, bir yigitga qarasa, go‘yoki bir olmani ikki bo‘lib qo‘yganday emish. Shunday qilib, hammalarining roziligi bilan to‘y bo‘libdi, to‘yda yigitning do‘stlari, qizning qarindoshlari xizmat qilishibdi. Shunday qilib, qiz bilan yigit ham, to‘yda bo‘lganlaru eshitgan-bilganlari ham murodu maqsadiga yetibdilar.