Donishmand xotin

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, burungi zamonda bir savdogar bulgan ekan. U shaharma-shahar savdo qilib yurar ekan. Har yetti yilda bir o‘z shahriga kelar ekan. Har kelganida xotin olar ekan. Chunki savdodan qaytib kelgunicha olgan xotinlari yolg‘izlikdan o‘lib qolar ekan.
U savdodan qaytib kelib, ko‘chada tursa, uchta qiz suhbatlashib ketayotganiga ko‘zi tushibdi. Ularning gaplariga quloq sola boshlabdi. Qizlarning bittasi so‘z boshlabdi:
— Men uyga borgunimcha oyim chuchvara qilib qo‘yadilar.
Shunda ikkinchn qiz:
— Mening oyim esa osh-nonlarimni tayyorlab, somsalar pishirib qo‘yadilar, — debdi.
Bu ikkala qiz nihoyatda chiroyli ekan-u, ammo o‘zlari nimjon, gapga — chechan, ishga — pichan ekan. Uchinchi qiz:
— O, sizlarning oyilaring shunaqa qiladimi? Mening oyim esa ertadan-kechgacha nasihat qiladi va ish o‘rgatadi, — debdi.
Qizlarning gapini eshitgach, savdogar o‘ylabdi: “Mana shu oyisidan nasihat eshitadigan qizni olsam bo‘ladi, bu aqlli qiz bo‘lsa kerak”.
Savdogar qizlar ketidan orqama-orqa ketaveribdi va uchinchi qizning uyini bilib olibdi. Keyin o‘sha qiznikiga sovchi yuboribdi. Sal o‘tmay to‘y qilib, qizni olibdi. Ma’lum muddatdan keyin savdogar yana yo‘lga chiqadigan bo‘libdi. Juda ko‘p mollarni olib, savdogarchilikka ketibdi. Xotini uyda yolg‘iz qolibdi.
Savdogarning xotini boloxonaga chiqib, pastga qarasa, tovuq bozori bor emish. U arqonning uchiga pul bog‘lab pastga tushiribdts. Bozordagi odamlar, “podshoning qizi buyruq qildi” deb, pulni olib, arqonga tovuq bog‘lab yuboribdilar. Qiz arqonni tortib olibdi. Tovuqni olgach, boloxonaga qarasa, yettita sandiq turgan emish. Yettovini ochib qarasa, yettita ayolning o‘ligi emish. Keyin rosa peshonasiga urib yig‘labdi va “bular yolg‘izlikka chidamay sil bo‘lib o‘lgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylabdi. U arqonni olib, endi ko‘cha tomonga tashlabdi. Odamlar, “podshoning qizi it, mushuk deb ko‘chaga arqon tashlabdi” deb o‘ylab, arqonga mushuk boylab beribdilar. Tag‘in tashlagan ekan, kuchuk boylab beribdilar.
U tovuqqa don sochib, it va mushuklarni boqib, ovqat pishirib, shular bilan ovora bo‘lib, zerikmay hayot kechiraveribdi.
Oydan-oy, kundan-kun o‘tib, xotin o‘g‘il tug‘ibdi. Otini Bahrom qo‘yibdi. Bahrom yetti yoshga kiribdi. Bola ko‘chada yog‘och ot minib o‘ynab yurganida, savdogar kelib qolibdi. U boladan savdogar so‘rabdi:
— Hoy bola, hech jahonda yog‘och ot ham yurarmidi, nuqul “chu-chu” deysan!?
Shunda bola:
— Hech jahonda ota ham bolani yetti yil tashlab yuradimi? — debdi.
Savdogar hayron bo‘lib:
— Uylaring qaysi? — debdi.
— Mana shu uy, — deb bola savdogarning uyini ko‘rsatibdi.
Savdogar, “mening xotinim yettoviga o‘xshab allaqachon o‘lib ketgan”, deb o‘ylab yurgan ekan. U uyiga kirib, xotini bilan so‘rashibdi. Xotini xamirdan buvi yasab qo‘ygan ekan. U o‘g‘liga, xamir buviga, uydagi hayvon-u, yumushlarga ovunib, kech kirganini ham bilmay qolar ekan.
— Uyga salom berib kiring. Buvim o‘tiribdilar, — debdi xotini.
— Assalomu-alaykum buvi qalay omonmisiz, yaxshimisiz, bardammisiz? Bir kelibsiz-da, — debdi savdogar.
Xamir buvi indamabdi. Shunda savdogar:
— Xotin, buving indamayapti-ku! — debdi.
— Ha, endi yetti yil tashlab ketganingizga xafa bo‘lib qolgandirlar-da, — debdi xotini.
— Buvi, xafa bo‘lmang, endi ketmayman, — debdi. Keyin savdogarning xotini xamir buvini ko‘tarib, eshikka olib chiqibdi va tashlab yuboribdi.
Savdogar hayron bo‘lib turgan ekan, xotin shunday debdi:
— Siz bedarak bo‘lib ketdingiz, yilda bir xabar olmadingiz. Uyda yeldim-yugurdim, bir o‘g‘il ko‘rib xursand bo‘ldim. O‘zim xamirdan buvi yasadim. Qo‘yingki, onam qilgan nasihatlarni ishga soldim. Natijada yettala kundoshimga o‘xshab o‘lmay, kasallikka chalinmay qoldim.
Shunday qilib, savdogar bundan keyin ketmaslikka so‘z beribdi. Ona nasihatlarini qulog‘iga olganliga uchun, aql bilan ish tutgani uchun donishmand xotin o‘lmay qolgan ekan.