Domla bilan xizmatkor

Bir domlaning xizmatkori bor ekan. Domla xizmatkoriga:
— Shu ho‘kiz qo‘shga yaramay qoldi, bozorga olib borib sotib kel, — debdi.
Xizmatkor ho‘kizni yetaklab bozorga borayotganda bir daraxtdagi sassiqpopushak «pop-pop» debdi.
— Ha, uka, ho‘kiz olasanmi? — debdi xizmatkor. Popushak yana populabdi. Xizmatkor:
— Ikki yuz tangami, pulini qachon berasan, ertagami? — debdi-da, ho‘kizini daraxtga boylab ketibdi. Domla xizmatkordan: «Ho‘kizning puli qani?» deb so‘rabdi.
— Ho‘kizni nasiyaga sotdim, pulini ertaga olib kelaman, — debdi.
— Kimga sotding? — debdi domla.
— Bir mallapo‘shga sotdim, boshida kulohi, bo‘ynida ridosi bor.
Xizmatkor erta bilan turib haligi daraxt yoniga kelib qarasa, ho‘kiz ham yo‘q, mallapo‘sh ham yo‘q, yolg‘iz bir ko‘k qarg‘a daraxt ustida o‘tiribdi. Xizmatkor borib: «Ho‘kizning puli qani?» debdi.
Qarg‘a «g‘a-g‘a» debdi.
— Ho‘, sen ho‘kizning pulini bermay fo‘rm bo‘lib o‘tarasanmi? Kecha kelganimda egningda malla to‘n, bo‘yningda rido, boshingda kuloh bor edi. Bugun egningga po‘stin, boshingga telpak kiygansan, ho‘kizning pulini bermaysanmi? — deb qo‘lini ko‘targan ekan, qarg‘a qo‘rqib qag‘ilab uchib ketibdi. Xizmatkor etagini belbog‘iga qistirib qarg‘aning orqasidan quvib ketibdi. Qarg‘a uchib borib bir jardagi uyasiga kirib ketibdi. Xizmatkor: «Ho‘kizning pulini ber!» deb uyasining og‘ziga qo‘lini tiqibdi. Qarg‘a uyasidan chiqmabdi. Xizmatkor pichog‘ini olib bir chekkadan uyani kovlay boshlabdi, pichoq bir narsaga tegib jaranglab ketibdi. Qarasa bir xum tilla, «shunda u ho‘kizning pulini undirdim», deb bir qop keltirib tillani to‘ldirib olib ketibdi.