Bir xotinga bir er

Qadim zamonda bir boyning xizmatkori bor ekan. Xizmatkor yigitning hech kimi yo‘q ekan, uylanay desa, puli — dunyosi yo‘q ekan. Shunday bo‘lsa ham elatdagi qizlar uni yaxshi ko‘rishar, hurmat qilishar ekan.
Kunlardan bir kuni boy o‘tib ketayotsa, hovlisining yonida, uzumning suvidek go‘zal bir qiz bilan haligi xizmatkor yigit allanimalarni so‘zlashib turganmish. Qizni ko‘rib boyning ham ko‘ngli ketibdi-da, shu qizni xotinlikka olishni xayolidan o‘tkazibdi. Kech bo‘lganda boy xizmatkorni yoniga chaqirib:
— Yaxshigina bir qiz bilan so‘zlashib turgan ekansan, senga shu qizni olib beraymi? — debdi.
— Xudo umringizni uzun qilsin, ikki yoshning savobiga qolar edingiz, — debdi xizmatkor yigit.
— Unday bo‘lsa menga shu qizning ota-onasi, urug‘ini ayt, kishi qo‘ydiray, — debdi boy.
Yigit aytib beribdi.
Ertasi kuni boyning sovchilari borib xizmatkor yigit uchun ishni bitirib qaytishibdi. Yigit ham, qiz ham shod bo‘lishibdi. Oradan bir-ikki oy o‘tgandan so‘ng yigit bilan qizning to‘yi boshlanibdi. Boy esa o‘zining odamlariga qizni to‘g‘ri o‘z uyiga tushirishni uqtiribdi. Boyning aytganidek bo‘libdi. Yigit:
— Hali meni chaqirarlar, hali chaqirarlar, — deb qizning oldiga kirishga tayyorlanib, sahargacha kutibdi. Lekin hech kim yigitni chaqirmabdi. Qiz ham yigitni kutib o‘tirsa, to‘y tarqalib, boy kelinning yoniga kiribdi. Qiz qarasa — boy, birdan rangi o‘chibdi-da, bildirmabdi va ta’zim qilib o‘tiribdi. Boy qizning yoniga yaqin borib, turli tilla uzuklar, bezaklarni qizga ko‘rsatib:
— Mana, bular hammasi sen uchun, sen endi bu katta hovlining erkasi, olti xotinimning bekasi bo‘lasan, — debdi.
— Hm!.. Man bu katta hovlining egasi, olti xotiningizning bekasi bo‘lsam, siz kimim bo‘lasiz? — debdi qiz. Boy bir necha bor qaltirab, aytmoq so‘zini ayta olmay, qiynalib oxiri muddaosini aytibdi. Qiz:
— Unday bo‘lsa, men sevgan anavi yigitim, sizning xizmatingizdagi umidvor baxti qora yigit bilan xayrlashayin, unga: “Endi meni esingdan chiqar”, deb aytayin, uni bir iloj qilib bu hovlidan yo‘q qilayin, — debdi qiz. Boy rozi bo‘libdi-da, xizmatkor yigitni qizning yoniga kiritibdi. Qiz esa yigit bilan bir oz vaqt yolg‘iz qolishni iltimos qilib boydan so‘rabdi. Boy rozi bo‘lib, yigit bilan qizni xoli qoldiribdi. Uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib qiz yigitga:
— Tez kiyimingni yechib menga ber, men chiqib ketaman va seni falon yerda kutaman. Sen mening o‘rnimda kelin bo‘lib o‘tirsang, boy kirib qolsa ayt, “Bir xotinga bir er lozim”. Yigit kiyimlarini yechib qizga beribdi. Qiz ham yuziga qora-quralar surtib, yig‘lamsirab eshikdan chiqib ketibdi.
Qiz chiqib ketgandan so‘ng boy kirib qizning kiyimida o‘tirgan yigitning yonboshiga kelib, yuzidagi pardani ko‘taribdi.
Qarasa yigit emish. Boy jahl bilan faqat:
— Nonko‘r! — deb baqiribdi.
— Ha, boy ota, nima gap? Axir, bir xotinga bir er-da, — deb hovlidan chiqib ketibdi. Boy sharmanda bo‘lganicha qolaveribdi.