Baliq sotuvchi Ahmad

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir qishloqda er-xotin yashar ekan. Xotini aqlli, tadbirkor, eri bo‘lsa ahmoqroq, bo‘shang ekan. Bechora xotini sahardan to shom qorong‘usigacha ishlar ekan, eri bo‘lsa laqillab yurar ekan.
Bir kuni xotini eriga:
— Birorta ish bilan shug‘ullansangiz yaxshi bo‘lardi, — debdi.
— Biror ish qilsam, qilarman-da, dunyoda ishdan ko‘pi bormi? — debdi eri.
— Unda baliq sota qoling. Men daryodan baliq tutib kelaman, siz esa ularni sotib kelaverasiz, — debdi xotini.
— Baliqni kim ham sotib olardi? Hamma o‘zi tutib olaveradi-da, — debdi eri norozi bo‘lib.
— Daryo, ko‘l yo‘q yerga olib borib sotasiz-da, — debdi xotini.
Ahmad rozi bo‘libdi. Xotini tutib kelgan baliqlarni sotish uchun daryo yo‘q joyni qidirib yo‘lga tushibdi. Yurib-yurib bir qishloqqa yetib boribdi. U yerning odamlaridan so‘rasa, “bizda katta daryo bor” deb javob berishibdi. Keyin boshqa bir qishloqqa yetib boribdi. U yerdan ham shunday javobni olibdi. “Ishim o‘ngidan kelmayapti-da”, deb xafa bo‘libdi. Shunda o‘tib ketayotgan bir odamdan:
— Bilmaysizmi, daryo yo‘q joy qayerda bor? — deb so‘rabdi.
— Shu bosgan yo‘lingizdan yana ikki barobar ko‘p yo‘l yursangiz, yetib borasiz, u yerda suv yo‘q, — deb javob beribdi yo‘lovchi.
Ahmad o‘sha yerga ham yetib boribdi. Haqiqatan ham u yerda daryo yo‘q ekan. Atrof tog‘lar bilan o‘ralgan ekan. Ahmad:
— Kim baliq sotib oladi? — deb baqirib yuraveribdi. U yerda hech kim yashamas ekan. Ahmad xafa bo‘lib, ishi yurishmay uyiga qaytib kelibdi va xotiniga bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
— Odamlar bor joyda sotish kerak-da, baliqni, — debdi xotini.
Ertasiga yana ikki savat baliqni ko‘tarib, yo‘lga tushibdi. Ahmad u ko‘chadan bu ko‘chaga yugurib hech qayerda to‘xtamabdi. Unga atrofda odam kamdek tuyulaveribdi. Nihoyat, tor bir ko‘chaga kirib qolibdi. U yerda bir to‘da odamlar to‘planib turgan ekan. Bitta uyni o‘t olgan ekan, odamlar o‘shani o‘chirgani yig‘ilishgan ekan. Ahmad o‘sha yerga borib “kim baliq oladi?” deb qichqiraveribdi. Odamlar ko‘pligidan sevinib ketib, ularning ichiga kirib ketibdi. Odamlarning achchigi kelibdi.
Bittasi Ahmadning belboridan ushlab bir tepibdi, bechora u yerdan qanday qilib uchib ketganini bilmay qolibdi. Ahmad bechora uyiga kelib, xotiniga do‘q qilib:
— Odamlar o‘rtasida baliq sotishni sen menga o‘rgatgan eding, sening gapingga kirib kaltak yedim, — deb baqiribdi. Shunda xotini:
— Kim axir o‘t o‘chirayotganlar orasiga kirib baliq sotadi. Undan ko‘ra o‘t o‘chirayotganlarga yordam bersangiz bo‘lmasmidi? — debdi.
Ertalab Ahmad yana baliq sotgani ketibdi. Ahmad temirchilarning yonidan o‘tib ketayotsa, darang-durung ovoz eshitilibdi. Qarasa, o‘t yonayotgan emish. Bir chelak suvni olib, yonayotgan o‘tga qarab sepib yuboribdy. Bir vaqt temirchilar Ahmadni savalay ketishibdi.
— Sen nega bizning o‘tni o‘chirding? — deb rosa urishibdi. Ahmadning baliqlari yerga to‘kilib ketibdi. Ahmad baliqlaridan ajralib, ko‘ylaklari yirtiq holda uyiga qaytibdi, yuziga ham qarab bo‘lmas ekan.
— Tag‘in nimalar bo‘ldi? — debdi xotini jahl bilan.
Ahmad bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi:
— Temirchining do‘koni yonidan o‘tib ketayotsam, birov bir narsani ikkinchisiga hadeb urayotibdi. Kirib qarasam, olov ekan. Darrov bir paqir suvni olib sepib uni o‘chirdim. Yaxshiligimni bilmaydigan temirchi meni shunday ahvolga soldi.
— Temirchining olovini o‘chirish kerak emas edi. Buning o‘rniga siz temirchiga yordam bersangiz, sizga “rahmat” aytardi, — debdi xotini.
— Attang, yaxshilik qilaman deb aksini qilib qo‘yibman-da. Bundan keyin endi shunday qilaman, — debdi Ahmad.
Bir necha kundan keyin Ahmad yana baliq sotgani chiqib ketibdi. Tush paytida qandaydir bir shaharga kirib kelibdi. Bir katta bino yonidan o‘tib ketayotsa, qiy-chuv ovozlari eshitilib qolibdi. Bu yerda tomosha bo‘layotgan ekan. Ahmad yugurganicha ichkariga kiribdi. Qarasa, odamlar bir-birlari bilan do‘pposlashib urishayotgan ekanlar. Shu vaqtda xotinining gaplari yodiga tushib, ularga yordam bermoqchi bo‘libdi. Ahmad sahnaga chiqib, artistlarni ura ketibdi. Tomoshabinlar, “bu ahmoq, artistlarni mayib qilib qo‘ymasa edi” deb, uni sahnadan pastga olib tushib savalashibdi. Hamma joyi shilinib, yara bo‘lib ketibdi.
Uyiga kelgach, bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi. Shunda xotini:
— Artistlarning tomoshalariga nega aralashasiz? Endi siz bironta odam urishayotgan bo‘lsagina, ularni ajratib qo‘ying. Keyin ular sizga “rahmat” aytishadi, — debdi.
Ahmad ikki savat baliqni olib yana yo‘lga chiqibdi. Yo‘lda ikkita molning bir-biri bilan suzishayotganini ko‘rib qolibdi. U mollarni ajratmoqchi bo‘libdi:
— Yarashinglar, urishmang. Menga esa “rahmat” aytinglar, — debdi.
Mollar esa bechora Ahmadni rosa suzibdilar. Ikki tomondan uribdilar. U o‘lar holatda zo‘rg‘a uyiga yetib kelibdi va ovozi boricha “voy-dod” deb baqiribdi. “Ahmadga nima bo‘ldi?” deb qishloqdagilar yugurib kelishibdi. Ahmad ularga urishayotgan mollarni yarashtirmoqchi bo‘lganini aytib beribdi, yig‘ilganlar rosa kulishibdi.
Shunda keksa bir chol shunday debdi:
— Aqlli odam cho‘lda suv topadi. Ahmoq esa daryoni o‘rtasida suvsizlikdan o‘ladi.
O‘shandan beri Ahmad o‘zining qishlog‘idan hech qayerga chiqmas ekan.