Hasadgo‘ylik

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bitta aka-uka bor ekan. Akasi ukasini hech ko‘rolmas ekan. Ikkovlari ham egar yasab sotishar ekan. Akasi kuniga juda ko‘p egar yasar ekan-u, lekin ishlab topgan pulini hech barakasi bo‘lmas ekan. Ukasi esa bir kunda bitta egar yasar ekan-u, lekin o‘ziga to‘q yashar ekan. Bu esa akasiga doim alam qilib kelarkan. Bir kuni u ukasini bir boplamoqchi bo‘libdi.
Ukasi tomga egarlarini yoyib qo‘ysa, u yo‘qligida akasi kelib hamma egarlariga o‘t qo‘yib yuboribdi. Ukasi hayron bo‘libdi-yu, lekin indamabdi. Tomdagi egarlarning kulini yig‘ishtirib, qopga solibdi va bozorga olib boribdi. Bozordagilar uning egar sotishini bilishar ekan. Eshakning ustiga qopni yuklab olgan ekan, bitta xaridor kelib:
— Qopdagi egaringni sotasanmi? — deb so‘rabdi.
— Egarni sotaman-u, lekin qopni yerga qo‘ysam, kul bo‘lib qolsa, xunini to‘laysanmi? — debdi u.
— Darrov kul bo‘lib qolarmidi, yerga qo‘yaver, — debdi xaridor.
— Endi, bilib bo‘lmaydi-da, — debdi va qopni eshakning ustidan olib yerga qo‘yibdi. Ichini ochib qarasa, to‘la kul emish.
— Endi xunini to‘laysan, — deb turib olibdi.
U kishi noiloj pulini to‘lashga majbur bo‘libdi. Kechqurun uyida o‘tirsa, akasi kelib qolibdi. U akasiga kulni ham pulga aylantirib kelganini aytibdi.
Akasi o‘ylab-o‘ylab sigirini o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Bir kuni ukasi uyida yo‘qligini poylab borib, sigirini o‘ldirib kelibdi. Ukasi qarasa, sigiri o‘lib yotganmish. Sigirni eshak aravaga solib, bozorga olib boribdi. Dallol:
— Mol necha pul turadi? Pastga tushiring, — debdi.
— Tushirmayman. Tushirsam, o‘lib qolsa, xunini to‘laysizmi? — debdi ukasi.
— Darrov o‘lib qolarmidi, tushiravering, — debdi dallol. U molni aravadan tushiribdi, qarasa, o‘lib yotgan emish.
— Molimning xunini to‘laysan, — deb turib olibdi. Dallol noiloj molning xunini to‘lashga majbur bo‘libdi. O‘sha kuni kechki payt yana akasi kelibdi. U akasiga:
— Mana aka, men baribir bechora bo‘lmayman. O‘lik molni ham pul qilib keldim, — debdi.
Akasi buni ko‘rib hayron bo‘libdi. Shunday qilib, akasi ukasini ko‘rolmay o‘tibdi. Ukasi esa doim o‘ziga to‘q, yaxshi hayot kechiraveribdi.