Qari bilganni pari bilmas

O‘tgan zamonda, Xorazm degan tomonda bir podsho yashagan ekan. U doim sayohatga chiqqanida o‘n to‘rt-o‘n besh yoshdagi yigitlarni o‘zi bilan birga olib ketar ekan. Podsho sayohatdan qaytguncha haligi yosh yigitlar ulg‘ayib qolar ekan.
Kunlardan bir kun podsho safarga chiqmoqchi bo‘lib, o‘z viloyatidagi hamma yosh yigitlarni chaqirtiribdi.
Podshoga qarashli bir qishloqda sakson yoshli kambag‘al chol yolg‘iz o‘g‘li bilan yashar ekan. Bu yigit nima qilishini bilmay, otasini ham o‘zi bilan birga sandiqqa solib, olib ketishga majbur bo‘libdi.
Shunday qilib, podsho o‘z yigitlari bilan safarga jo‘nabdi. Yo‘lda ular katta sahrodan chiqishibdi. Meshdagi suvlari tugab qolgan ekan. Havo issiqligidan, suvsizlikdan otlar ham holdan toyibdi. Podsho yigitlarga qanday bo‘lmasin, suv topishni buyuribdi. Yigitlar nima qilishlarini bilmay qolishibdi. Shunda haligi yigit otasiga maslahat solibdi:
— Ota, suv topishning iloji bo‘lmayapti, — debdi yigit.
— O‘g‘lim, podshoga ayt, bir otni so‘ydirsin, otning go‘shtiga ari keladi. Ari go‘shtdan yeb, suvga qarab uchadi. Arining ketidan borsalaring, suvni topasizlar, — debdi chol.
Yigit otasi aytgan gaplarni podshoga yetkazibdi. Otni so‘yishibdi, qanoraga ilishibdi, arilar kelib qo‘nishibdi, keyin suvsab qolib, ucha boshlashibdi. Arining ketidan bular ham yo‘lga tushishibdi. Yurib-yurib bir daryo yonidan chiqishibdi. Hammalari quvonib, to‘yib-to‘yib suv ichishibdi, otlarni sug‘orishibdi, meshlarga ham to‘ldirib olishibdi.
Keyin yana o‘z safarlarini davom ettirishibdi. Yo‘lda ular bir g‘orga duch kelishibdi. U “kirsa chiqmas” g‘ori ekan. Podsho g‘orning ichida shifobaxsh suv borligini bilar ekan. Yigitlarga g‘orga kirib, bir mesh shifobaxsh suvdan olib chiqishni buyuribdi.
Ko‘p yigitlar kirib qaytib chiqishmabdi. Navbat haligi yigitga kelibdi. U yana otasiga maslahat solibdi. Otasi:
— O‘g‘lim, podshoga ayt, bitta bolali biyani toptirsin. G‘orning og‘ziga olib borganingda, undan bolasini tortib olib, biyaning o‘ziga minib kirgin. Shunda biya o‘z bolasiga intiq bo‘lib, g‘orning qayeridan bo‘lsa ham, qaytib chiqadi, — debdi.
Yigit otasining maslahatini podshoga aytibdi. Bitta biyani topishibdi. Haligi yigit biyani g‘orning yoniga olib borganda, bolasini qoldirib, o‘zini minib kiribdi. Chol aytganidek, yigit va biya meshda shifobaxsh suv bilan eson-omon g‘orning narigi tomonidan chiqishibdi.
Podsho yana yo‘lga tushishga buyruq beribdi. Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yurishsa ham, mo‘l yurishibdi. Yana bir daryoga duch kelishibdi. Daryoning narigi tomonida juda baland bir tog‘ bor ekan. Daryoning ichida bitta chiroyli shamchiroq ko‘rinibdi. Podsho yigitlarga shu shamchiroqni olib chiqishni buyuribdi. Ko‘p yigitlar urinib, nobud bo‘lishibdi. Navbat haligi yigitga kelibdi. Yigit yana otasiga maslahat solibdi. Otasi:
— Daryoning yuqori qismida nima bor, — deb so‘rabdi.
— Katta tog‘ bor, — debdi yigit. Otasi:
— O‘g‘lim, podshoga ayt, shamchiroq shu tog‘ning tepasida bo‘ladi, — debdi.
Hamma toqqa qarabdi, daryoning o‘rtasidagi shamchiroq tog‘ning tepasidagi shamchiroqning shulasi ekanligini bilishibdi. Uni qanday qilib olishni maslahat qilishibdi. Hech ilojini topa olmabdilar. Yigit yana otasiga maslahat solibdi.
— O‘g‘lim, podshoga ayt, ko‘zi bor odamni toptirsin. Uni shu shamchiroqqa qaratib, yomon nazar tashlatinglar. Shunda o‘sha shamchiroq uzilib tushadi, — debdi chol.
Podsho ko‘zi bor odamni topish uchun buyruq beribdi. Ko‘zi bor odamdan ikkita topibdilar. Birini haligi shamchiroqqa yomon nazar soldirishibdi. Shamchiroq uzilib daryoga tushibdi. Yigitlar uni darrov olio chiqishibdi. Birinchi ko‘zi bor odamga qarab ikkinchi ko‘zi bor odam, “sening ko‘zing o‘tkir ekan” deb, yomon nazar tashlabdi. Shunda birinchi ko‘zi bor odamning ko‘zi oqib tushibdi.
Bu voqealarni ko‘rgan podsho yigitni o‘z yoniga chaqirtiribdi va:
— Sen o‘zing yosh yigitsan-u, bunday qiyin masalalarga qanday qilib yo‘l topding? — debdi podsho.
— Taqsir, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, aytaman, — debdi yigit.
— Ayt, — debdi podsho.
— Men qishloqda qari otam bilan yashar edim. Safarga chiqayotganimda qari otamni yolg‘iz tashlab kelishga ko‘nglim bo‘lmay, uni sandiqqa solib, o‘zim bilan birga olib yuribman. Bu maslahatlarni menga otam bergan edi, — debdi yigit.
Podsho cholni olib kelishni buyuribdi. Yigitlar cholni olib kelishibdi. Podsho cholga rahmatlar aytib o‘z yoniga o‘tqazibdi.
Ha, bejiz xalq orasida “Qari bilganni pari bilmas” degan naql yurmas ekan.