Aldarko‘sa va boy

Bir kuni Aldarko‘sa yo‘lda ketayotsa, uning oldidan boy chiqib qolibdi. U Aldarko‘saga:
— Hoy Aldarko‘sa, qani meni bir aldab ko‘r-chi, qo‘lingdan kelarmikan? — debdi. Aldarko‘sa qarasa boy juda takabbur ko‘rinadi. Aldarko‘sa «buni qanday qilib aldasam ekan, quruq aldasammikan yoki ho‘l aldasammikan», deb o‘ylanib turibdi-da:
— Boy ota, aldar edimu hozir kayfim yo‘qroq, — debdi.
— Nega kayfing yo‘q? —  debdi boy.
— Bir odamdan uch tanga olgan edim, shu ta’bimni xira qildi.
— Mana, senga yeb ketarga uch tanga. Qani, endi aldab qo‘yasanmi? —  deb boy unga pul tutqazibdi.
— Rahmat sizga, boy ota, men mana bu pulni haligi nokastaga berib, kelishda aldar xaltamni olib kelaman. Ana undan keyin hangomani ko‘rasiz, — deb Aldarko‘sa jo‘nab ketibdi.
Boy uni yetti xuftongacha kutibdi, kelmabdi. Shundan keyingina aldanganini bilibdi.