Qaynona bilan kelin

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, yaqin zamonda bir qaynona bilan kelin bo‘lgan ekan. Kampirning o‘g‘li savdogar ekan. Bir kuni yigit safarga ketayotib, bir nechta ko‘ylarni so‘yib, xotiniga “onamga yaxshi qaragin deb tayinlab ketibdi. Ertasi kuniyoq kelin qaynonasiga kashta olib kelib tikishni buyuribdi. Sakson yoshli kampir kecha-kunduz tinim bilmay kashta tikibdi. O‘g‘li savdodan kelguncha kampirning yelkalari bukri bo‘lib qolibdi. O‘g‘li kelgach, onasidan so‘rabdi:
— Onajon, sizga nima bo‘ldi? Tinchlikmi?
—Bolam, tinchlik. Seni sog‘inib shunday bo‘lib qoldim, — deb kelinining aybini yashiribdi.
Lekin qo‘ni-qo‘shnilar, atrofdagilar butun voqeani yigitga aytib qo‘yishibdi. Shundan keyin yigitning jahli chiqib, xotinini uydan haydab yuboribdi.
Bir qancha vaqtdan keyin u ikkinchi marta uylanibdi. Yana safarga jo‘nash oldidan xotiniga, “onamga yaxshi qaragin” deb tayinlabdi. Ammo yigit savdoga ketishi bilan xotini qaynonasini uydan haydab yuboribdi. Yigit safardan uyiga qaytib kelsa, onasi yo‘q emish. Xotinidan so‘rasa, u:
— Onangiz o‘zidan o‘zi uydan ketib qoldi, o‘zi yomon xotin ekan-da. Siz bekorga avvalgi xotiningizni haydab yuborgan ekansiz, — debdi.
Lekin yigitning yaqinlari uning onasini kelin haydab yuborganini, hozir ko‘chama-ko‘cha qiynalib yurganini aytishibdi. Yigitning jahli chiqib, bu xotinini ham haydab yuboribdi va onasini axtarib yo‘lga tushibdi. Bir yerga borsa, odamlar to‘planishib turishgan emish. Qarasa, o‘zining onasi o‘yinga tushib, ashula aytayotgan emish. Yigit buni ko‘rib juda xafa bo‘lib ketibdi. Odamlar orasidan o‘tib, onasini olib chiqibdi-da, uyiga olib kelibdi.
“Agar xotin zoti shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, boshqa uylanmaganim bo‘lsin” deb, savdogar yigit boshqa uylanmay o‘tgan ekan.