Haq so‘zga zavol yo‘q

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda aka-uka bo‘lgan ekan. Ular juda inoq yashashar ekan, lekin nihoyatda kambag‘al ekanlar. Aka-uka o‘zlariga to‘q yashashni, uylanishni orzu qilar ekanlar. Buning turli yo‘llarini o‘ylay boshlashibdi.
Kunlardan bir kun akasi ukasiga:
— Men bir narsani o‘yladim, — debdi.
— Ayt bo‘lmasa, — debdi ukasi.
— Biz hammadan avval qovun ekib yetishtiraylik, keyin podshoga sovg‘a qilib olib boraylik. U balki bizga qimmatbaho sovg‘a berar, — debdi akasi. Ukasi rozi bo‘libdi.
Erta bahorda aka-uka qovun ekib yetishtiribdilar. Qovun juda katta, usti to‘rlagan, ko‘rgan kishiga “meni ye” deb turadigandek bo‘libdi.
Aka-uka qovunni zambilga solib ko‘tarib, podsho huzuriga jo‘nashibdi.
Podsho “xalqim mening oldimda yaxshilab, orqamdan yomonlab yurmaganmikin, qani bir sinab ko‘ray-chi” deb bir darvesh qiyofasida shaharda yurgan ekan. Shunda zambil yonida ikki yigit dam olib o‘tirganini ko‘rib qolibdi. Darvesh yigitlarning yoniga borib, qayerga ketayotganliklarini so‘rabdi.
— Podsho huzuriga ketyapmiz, — deb javob beribdi aka-uka.
— Zambilda nima olib ketyapsizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Qovun, — debdi aka-uka.
— Buni podshoga olib borishdan maqsadlaring nima? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podshoning o‘zi biladi, — debdi aka-uka.
— Agar podsho qovunlaringni olib, o‘zlaringni zindonga solsa, unda nima qilasizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podshoning o‘zi biladi, — deb aka-uka.
— Agar podsho qovunlaringni olib, o‘zlaringni kaltaklatib o‘ldirsa, unda nima qilasizlar? — deb so‘rabdi darvesh.
— Podsho qonxo‘r, bizni o‘ldirgani bilan to‘yarmidi? Uning ixtiyori o‘zida, — debdi aka-uka va zambilni ko‘tarib podsho huzuriga jo‘nab ketaverishibdi.
Podsho ham tezda saroyga qaytibdi. U kiyimlarini o‘zgartirib, o‘z o‘rniga borib o‘tiribdi. Shunda aka-uka ta’zim qilib, kirib kelishibdi,
— Podshohi olam, sizga sovg‘aga qovun olib keldik,— debdi aka-uka.
— Qovunni qayerda, qanday qilib yetishtirdinglar?— deb so‘rabdi podsho.
— Ozgina yerimiz bor edi, o‘sha yerda mehnat qilib yetishtirdik, — debdi aka-uka.
— Bu qovunni olib kelishdan maqsadinglar nima? — deb so‘rabdi podsho.
— O‘zingiz bilasiz, — debdi aka-uka.
Podsho darvesh qiyofasida bo‘lib yurganida bergan savollarining hammasini qaytadan bera boshlabdi. Aka-ukalar savollarga xuddi avvalgidek javob berishibdi.
Podsho yigitlardan xursand bo‘lib, ularning bir so‘zligiga, to‘g‘riligiga tan beribdi. Qimmatbaho kiyimlar kiydirib, ko‘pdan-ko‘p sovg‘alar beribdi. Katta to‘y qilib, ikki qizini aka-ukalarga nikohlab beribdi.