Aqlli qiz

Bir podsho shikordan qaytayotib, tashna bo‘libdi va bir hovli oldiga kelib suv so‘rabdi. Go‘zal bir qiz suv olib chiqibdi. Podsho u qizga:
— Kimning qizisan? — debdi.
— Dadamning qiziman.
— Dadang qayerda?
— Ishdalar.
Podsho haligi qizning uyiga sovchi yuboribdi, “Nima desa ham berib, o‘sha qizni olib kelinglar”, deb tayinlabdi.
Sovchilar qiznikiga borishibdi.
Qizning dadasi:
— Xo‘sh, xizmat taqsirlar, — debdi.
— Podsho yubordi, — deb javob beribdi sovchilar.
— Nimaga? — deb so‘rasa.
— Qizingizni xotinlikka olmoqchilar, — deyishibdi.
— Men-ku roziman-a, lekin qizimning o‘zi nima derkin? — debdi qizning otasi.
Dadasi qiziga kelgan mehmonlar haqida aytibdi. Qiz darhol bir kichik xaltacha berib:
— Podsho mana shuni to‘lg‘azib tilla bersa, tekkanim bo‘lsin, — debdi.
Sovchi xaltachani olib borib podshoga beribdi va qizning shartini aytibdi. Podsho kulib:
— Sho‘ring qurg‘ur kambag‘al, otda, tuyada tilla so‘ramaydimi? — debdi. So‘ng:
— Ha mayli, bor to‘lg‘azib, elta qol! — debdi. Ammo qiz yuborgan xaltachaga podshoning xazinasidagi hamma tilla-kumushlarni solishsa ham, xalta to‘lmas emish. G‘azablangan podsho xalqqa turli-tuman soliqlarni solibdi. Yangi-yangi soliq turlarini chiqara boshlabdi. Hatto bir kuni:
“Tepasi kalga to‘rt tanga. Miyasi kalga besh tanga”, solig‘ini solish kerak, degan qarorga ham kelibdi. Lekin baribir, qizning xaltachasini to‘ldirisha olmabdi.
Podsho oxiri bir oqsoqolni qizning huzuriga yuboribdi.
Qiz kulib, oqsoqolga:
— Yerdan tuproq olib bir hovuch tashlang, xalta to‘ladi-qoladi, — debdi.
Qizning aytganini qilishsa, xalta darrov to‘libdi.
Shunday qilib, ona yerning bir qism tuprog‘i oltin-kumushlar bilan to‘lmagan xaltani to‘ldirgan ekan. Podsho qizning aqliga qoyil qolib, uni xotinlikka olgan ekan.