Zokirjon Boyxonov (1962)

Zokirjon Boyxonov 1962 yilda Namangan viloyati, Uychi tumanida tug‘ilgan. Toshkent qishloq xo‘jalik institutini tamomlagan. “Hislarimdan tizgan marjonlar”, “Ko‘ngil yog‘dusi”, “Onajonim Namangan” kabi kitoblari chop etilgan.


YoR YIG‘LADI

Yor yig‘ladi, dil yig‘ladi, ko‘z, yig‘lama,
Ko‘z yosh qilsam quyosh kular, oy ham kular.
Lablarimdan qochib ketgin, so‘z, yig‘lama,
Uchib yetsang osmondagi yulduz kular.

Tomchi yoshing qaro yerga tushirmasdan,
Qaqrab yotgan yurakkinam ichib oldi.
Nozik hisni nahot endi tushunmasman,
Dil tubida yoshga to‘lib ummon qoldi.

Yuragingdan sizib chiqqan ko‘z yoshlaring,
Yuragimni chok-chokidan uzib ketdi.
Yoshga to‘lgan o‘shal ma’yus qarashlaring,
Nigohimni olib birga suzib ketdi.


DILIM YoNAR

Dilim yonib tor ko‘changda qolib ketdi,
Seni o‘sha boyning o‘g‘li olib ketdi.
Yoshga to‘lgan nigohlarim tolib ketdi,
Tillosi ko‘p bo‘lsa hamki boy bolasin,
Terib bermas senga hech ham tog‘ lolasin.

Oydan oydin edi oyday yuzlaring-a,
Oh, nechundir ma’yuslandi ko‘zlaring-a.
Kim tinglaydi endi mungli so‘zlaring-a?
Tillosi ko‘p bo‘lsa hamki boy bolasin,
Terib bermas senga hech ham tog‘ lolasin.

Zarlarining ichida zo‘r zar bo‘lasan,
Kunlar o‘tib, bolishiga par bo‘lasan.
Alam qilar, yor mehriga zor bo‘lasan,
Tillosi ko‘p bo‘lsa hamki boy bolasin,
Terib bermas senga hech ham tog‘ lolasin.


ARMONLI IShQ

Gul yuziga qayg‘u solgan iz
Tik turar-u, go‘yo cho‘kkan tiz.
Kulib turib yig‘laydi, essiz,
Ilk sevgisi armon bo‘lgan qiz.

Sababini bilmaydi tayin,
Erkalardi u mayin-mayin.
Oppoq kuni tun bo‘lgandayin,
Ilk sevgisi armon bo‘lgan qiz.

Ayta olmas shirin so‘zini,
Yashiradi ma’yus ko‘zini,
Gunohkorday sezar o‘zini,
Ilk sevgisi armon bo‘lgan qiz.

Oriyati zorlanar chir-chir:
“Yurak ko‘ngin, nomini o‘chir”.
Suratini ko‘rishdan cho‘chir,
Ilk sevgisi armon bo‘lgan qiz.