Zohidjon Xolov (1986)

Zohidjon Xolov 1986 yilning 17 oktyabrida Parkent tumanida tug‘ilgan.
U 2003 yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Zominda o‘tkazilgan iste’dodli yosh ijodkorlarning 7-an’anaviy Respublika anjumanda ishtirok etgan. Shu yili “Kamolot” YoIH tashkillashtirgan “Iste’dod — 2003″ ko‘rik-tanlovida she’rlari yuqori baholanib, “Mohir ijodkor” nominatsiyasi bo‘yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.
O‘zDJTUning Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Jurnalistika sohasida rasman faoliyatini 2006 yili “Sog‘lom avlod” respublika gazetasida boshladi.
2007 yili O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning qisqacha so‘zboshi bilan “Olamvor orzular” nomli ilk she’riy to‘plami chop etildi.
2007 yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan Respublika tanlovida Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi.
Zohidjon ayni kunda “Ma’rifat” (2008) gazetasida ishlayapti.

DEBOChA

Ehtimol ertakdir tanlagan rohim,
Ehtimol yolg‘onning toshdandir joni.
Bir lahza bo‘lsa ham tiriklik chog‘im
Pok ko‘rmoq istayman ko‘hna dunyoni.

Mehr ko‘zlaridan yosh oqar mung-mung,
Bitta tomchisini bir muddat illo
To‘xtatish kelmasa ojiz qo‘limning
Qalam ushlashga ham haqqi yo‘q aslo.

Adolat — g‘amgusor, dardlari uzun,
Gumonlar kuydirar jonu jismimni.
Bir bor kuldirmasam haqiqat yuzin
Tilga olish — uyat mening ismimni.

Ko‘ngilga taslimdir shuuriy tilsim,
Yoshlik vujudimda gullagan mahal…
Bosh ko‘tarib yursam, boshim kesilsin,
Ishqdan o‘zim uchun qo‘ymasam haykal.

Muhabbat — iztirob, ranj, qayg‘u, zafar,
Osmondan tushgan ul saodat — g‘irrom.
Hijronlar o‘tida tobla, ey dilbar,
Zahmatsiz kelgan baxt — men uchun harom.

7.03.2006

YoLG‘ONChI ShABBODA

Aytishlaricha, Napaleon Bonapartni
yaqinlari “Janob, turing, sizni
buyuk ishlar kutyapti!”, deya uyg‘otishar ekan.

Ayt-chi, nima ko‘rdik dunyoga kelib,
Kuzlarni yetaklab yillar o‘tmoqda.
Tong chog‘i shivirlar shabboda yelib:
— Turing! Sizni buyuk ishlar kutmoqda!

Bir xil holat bo‘lgay mehmoning har kun,
Bir xillik sindirib sinar bardoshing.
Hech narsa o‘zgarmas, yasharsan beun,
Faqat umring nurar, o‘zgarar yoshing.

Buyuklik axtarib kezarsan sarson,
Nahotki aldagan qurg‘ur shabboda?!
Asli olam ichra bir nuqta inson,
Qanchalik yuksalsa — shunchalik sodda…

Na metin qonun bor, na chin aqida,
Lahzalar qarshingda chopar bepisand.
Har kun so‘zlashasan odam haqida,
Odam deb atalgan sukunat bilan…

Qalbing to‘la oppoq orzular — lim-lim,
Elkalab yurarsan lek tashvishlarni.
Men kimman?
Sen kimsan?
Biz kim? Biz — hech kim!
Buyuk qo‘llar qilar buyuk ishlarni!

Dod solmoq istarsan to‘rt tomon giryon,
Oh bilan qalqitib bo‘lmas fanoni.
Shunda koinotda tuzib keng maydon,
Koptok qilib tepging kelar dunyoni.

Lol bo‘lmasin darddan ko‘ksi kuyuklar,
Shabboda yanglishdi uyg‘otib bizni.
G‘aflat bosib uxlab yotmas buyuklar,
Uxlasa ham ochib uxlarlar ko‘zni…

Ayt, nelar ko‘rmadik dunyoga kelib,
Kuzlarga qorishib yillar o‘tmoqda.
Tun chog‘i shivirlar shabboda yelib:
— Uxlang! Sizni buyuk tushlar kutmoqda!

27.08.09

SUNBULA

Sumbulayu, sunbula
Netay, ko‘ksim yonmoqda.
Sevib turib bevafo
Sevgisidan tonmoqda?!

Sumbulayu, sumbula
Kel, poyingga bosh uray.
Jajji yaproqlaringga,
Yuragimni yashiray.

Sumbulayu, sumbula,
Dodimga yetar bormi?
Men bilan jannatlarga
Bosh olib ketar bormi?

Sumbulayu, sumbula,
Yorsiz umrim tamom-ku?!
Ketsam do‘zah, arosat —
Jannatlar ham harom-ku?!

Sumbulayu, sumbula,
Hijron mening yo‘limdir.
Ishqli o‘lim — hayotu,
Ishqsiz hayot o‘limdir!

2008

SO‘Z

Ruhim samolarga bo‘ylagan,
So‘z — savobim,
So‘z — totli oshim.
Faqat haqiqatni kuylagan
Tilim ko‘kka ko‘tarar boshim.

Sovrilmasmi havoga ochun,
Topilmasa yolg‘onga malham?
Haqiqatning visoli uchun
Barcha shoir qurbon bo‘lsa kam!

To‘g‘rilikka berilmay mansab,
Siylamasa rostgo‘yni zamon.
Quloq bilan ko‘raru, ajab
Tili bilan yugurar yolg‘on.

Yuzlashmoq-chun oliy baxt bilan,
Kamlik qilar birgina tilak,
Kamlik qilar shunchaki istak —

E’tiqodni muhrlab dilga
Farishtalar shakliga kirgan
Shaytonlarni fosh qilmoq kerak!

Ruhim ona-Erga bo‘ylagan,
So‘z — gunohim,
So‘z — chaynar toshim.
Faqat haqiqatni kuylagan
Tilim ko‘kka ko‘tarar boshim…

19.10.2005

BORLIGINGChA SEVAMAN

Ey ona-Zaminning mash’ali, qalbi,
Ey xasta ko‘nglimda ko‘kargan chaman.
Do‘stini pullagan ta’magir kabi,
Seni unvon uchun sevmayman, Vatan.

Havoiy so‘zlarga yo‘q menda havas,
Va zarra kamsitish xoinlik, zotan.
Tokay olarkanman bag‘ringda nafas,
Seni borligingcha sevaman, Vatan.

Nafs sirtmog‘ida depsinar olam,
Xalqlar yuksalmoqda zo‘r shiddat bilan.
Sen hasadga yo‘qsan va havasga ham,
O‘sha yo‘qligingcha sevaman, Vatan.

Mehrim talosh bo‘lar aytsam oshkora,
Aytmasam dilimni tilkalar tikan.
Osmoniy hislarga qilmay nazora,
Anglaganim kabi sevaman, Vatan.

Garchi ona kabi noming muqaddas,
Garchi farzandingman, ey aziz Maskan.
Seni onam emas, otam deb emas,
O‘zbekistonim, deb sevaman, Vatan.

5.01.2006

YoMG‘IR

Aldanganmi, zor yig‘lar osmon,
Kiprigimda tomchilar og‘ir…
Darddan zada, qayg‘uga oshyon —
Yuragimga sanchilar yomg‘ir,
Sanchilar yomg‘ir…

Bo‘g‘zim ichra yonar qo‘rg‘oshin,
Zil ko‘ksimda tuyg‘ular og‘rir.
O‘h, o‘z qo‘lim mushtlagan boshim,
Bilmam nega siypalar yomg‘ir,
Siypalar yomg‘ir…

Tor dunyoning to‘rt tomonida,
Xiyonatlar yoygan keng tomir.
Nopoklarning kir tovonida
Asrolmayman yanchilar yomg‘ir,
Yanchilar yomg‘ir…

Umr — bir qur telbalik darsi,
Vujud — avval, ruh esa oxir.
Nomardlarning kasofat kasrin,
Yog‘ar yuvib farishta yomg‘ir,
Farishta yomg‘ir…

Sen samoviy hur, inja hilqat,
Har qatrangda Haq vasli zohir.
Kel, tomchingda o‘ldir-u faqat,
Tomchilarga ko‘m meni yomg‘ir,
Ko‘m meni yomg‘ir…

2005

* * *
Men tug‘ilmaganman!
Bu makru firib,
Tug‘ilsam yashagan bo‘lardim axir.
Eh shunchaki mening shaklimga kirib,
Yashayotgan menmas, zo‘ravon taqdir…

Men hech kim!
Odamga o‘xshayman faqat,
O ruh, kechir meni bo‘lolmam erkin.
Qo‘y yig‘lama, yurak, shu ekan qismat —
Taqdirning abadiy hukmida erkim…

Men tug‘ilmaganman!
Shu bo‘lsa ochun,
Orzularim ermak, tuyg‘ular abas.
Yo Rab, so‘rog‘im bor. Javob ber. Nechun
Manim manim mandan iborat emas?!

O‘h taqdir,
Qiyofang bunchalar turfa,
Qulman. Netay kuch yo‘q seni yengishli…
Yutuqlar, shubhasiz, sen eltgan tuhfa,
Xatolarning bari menga tegishli.

Lahza ham tinchlik yo‘q fano mulkida,
Har dam cho‘ng havotir ko‘nglimni g‘ashlar.
Ha! Men o‘yinchoqman taqdir ilkida,
Yoqmay qolgan kunim burdalab tashlar.

2006

ETMISh YIL…

Etmish yil…
Qo‘lingdan tushmadi kishan,
Etmish yil…
Qarg‘ading qattol temirni.
U — senga qo‘riqchi,
Sen — unga dushman!
Seni u, uni zang kemirdi…

Etmish yil…
Oyoqlar tepkilab o‘tdi,
Etmish yil…
Tupuklar sachradi yuzga…
Seni har kun, har tun o‘limlar kutdi,
Umring bahorida yo‘liqding kuzga…

Etmish yil…
Diydorin qizg‘andi osmon,
Etmish yil…
Istading bir qatim ziyo.
Seni qul etdilar, qolgani yolg‘on,
Ozodlik tush edi,
Ozodlik ro‘yo!

Etmish yil…
Tik turib uxlading bedor,
Teskari uchburchak edi yotog‘ing.
Etmish yil…
Betonga tiralib nochor,
Ildiz otib ketdi yerga oyog‘ing!

Etmish yil tugadi!
Kishan yechildi!
Hur sabolar esdi to‘rt tomoningdan…
…Ayrilgandek qaqshab yig‘laging keldi
Etmish yillik yolg‘iz qadrdoningdan.

Hadiksirab qolding hurlik otidan,
O‘h, bu ne ko‘rgulik?
Qanday haqorat?
Qo‘llaring… cho‘zilib qoldi ortidan,
Sen… kishanga mehr qo‘yganding!
Dahshat!!!

15.09.2006

LILIJON
(Xalq ohangida)

Oh Lilijon, Lilijon,
Yuragim qon, dilim qon.
Mening bor-yo‘g‘im — alam,
Butun vujudim — isyon.

Oh Lilijon, Lilijon
Bir bor yonmay, kuydim-a.
Guldek nozik qalb bilan
Toshyurakni suydim-a.

Oh Lilijon, Lilijon
Men qayda, sen qaydasan?!
Yillar qaytdi ortiga,
Ayt, sen qachon qaytasan?

Oh Lilijon, Lilijon,
Sen samosan, men-chi yer.
Quyoshingda muzlatding,
Isinay qoringdan ber.

Oh Lilijon, Lilijon,
Sevgim topmas nihoya.
Meni baxtli qilish-chun,
Bitta bo‘sang — kifoya!

KO‘NGIL ARShI

Ko‘ksim dengizida o‘sgan, nilufar,
Harir farishtasan, ohanrabosan.
Ne-ne oshiq to‘kmish poying uza zar,
Sen tamom befarqu
ham beparvosan.

Suvdagi aksingga bo‘lib mahliyo,
Go‘yo unutgansan borliqni butkul.
Ammo quyoshmanzar taratib ziyo,
Dunyoni o‘zingga chorlaysan nuqul.

Seni istab kelar olis ellardan,
Devonalar vasling shaydosi bo‘lib.
Husning boj undirar asov yillardan,
Umringning serg‘alva savdosi bo‘lib.

Suzib ketayapmiz minglab oshiqlar,
Muhabbat nahrida oqimga qarshi…
Ruh tanni sipqorib senga oshiqar,
Sen — so‘nggi manzilsan,
ko‘ngilning arshi!

Yillar shafqat bilmas,
umr — sarosar,
Ko‘yingda majnunlar telbarib so‘ldi.
Men-ku, senga yetib borguncha, dilbar
Ko‘zlaringga cho‘kib ketmasam bo‘ldi.

25.12.2008

ShE’RIY TORTIQ

Shubhasiz, dunyoda sen — bir, yagona,
Sen bor: kunlarimni baxt tark etmaydi.
Bu kun-ku bayraming, eh naylay, ona,
Eng qimmat sovg‘aga pulim yetmaydi.

Qachon tabrikladim seni so‘nggi bor,
Mana, eslolmayin ortar xunobim.
Har ko‘klamda tinglab yangi bir ash’or,
Mendan gul olmagan qiz yo‘q, hisobi.

Sendan bo‘lak do‘st yo‘q — borlari yuzsiz,
O‘zingdan o‘zgaga yo‘qdir keragim…
Yurarman shaharda beparvo, hissiz,
Yostig‘ing tagida qolgan yuragim!

Yotlarga soatlab so‘zlarman o‘ychan,
Bilmam sen-la qachon qurganim suhbat…
Birdek qarshilaysan borsam va deysan:
“Tinch yursang, men uchun shu katta tuhfa!”

Xabardor bo‘ldimmi tunlar to‘lg‘onsang,
So‘ng marta ayt, qachon so‘radim ko‘ngling?
Nahot sovg‘a bilan qadring o‘lchansa,
Shunchalar pastkashmi shonparast o‘g‘ling?!

Savobmas gunohim ko‘paygan zahot,
Yuz burib oladi farishtalar ham…
Ammo sen sodiqsan bir umr, hayhot —
Ona, onaginam, onam-a, onam!

Bugun to‘lar dunyo madhu yallaga,
Bugun onalarni qutlaydi borliq.
Bu she’rni almashmam bir qop tillaga,
Lek senga chin dildan qilaman tortiq.

Ona!
Onaginam!
Onam-a!
Onam!

07.03.09

RINDONA

Sevdim, ammo sevilmadim biror qizga,
O‘polmadim labidagi handasidan.
Bir sirim bor, quloq tuting aytay sizga,
Xudo meni qizg‘onadi bandasidan.

Quvonchimga tushov solar gunohlarim,
Oh-vohlarim gunohimga guvohlarim…
Bilib qo‘ysin o‘shal tannoz gulmohlarim,
Xudo meni qizg‘onadi bandasidan.

Tushlarida g‘ulu solgum dilchasiga,
Bir kun ismim jon kiritib tilchasiga,
Qizlar ko‘nglin yopar qo‘shib kulchasiga,
Xudo meni qizg‘onadi bandasidan.

Qizg‘ongandan qo‘ymas meni zahmatga ham,
Ishonmaydi ba’zan baxtu omadga ham,
U dunyoda… balki bermas jannatga ham,
Xudo meni qizg‘onadi bandasidan.

Bandasi kim?
U uch kunlik o‘tar mehmon,
Bandasiga mehrim to‘kib, topdim hijron.
Endi qalbda ikki olam shohi Rahmon —
Xudoni men qizg‘onaman bandasidan!

09.04.09

MUZQAYMOQ

Dunyo — bir omonat, notinch boshpana,
Qonli changallarda talashdir hamon…
Shundoq dunyo bilan ishi yo‘q, mana
Miriqib muzqaymoq yalar bolajon!

Yorug‘ kun ko‘rmagan quvg‘in ezgulik,
Bola kaftlarida topgandek panoh…
Nahot kattalardan tortmaydi hadik,
Mas’um kichkintoydan qo‘rqqan
shum gunoh?!

Kattalar… hirsibad nafsiga bandi,
Hushin o‘g‘rilagan shaytoniy sheva…
Otasi… dunyo deb jangga kirgandi,
Onasi… dunyo deb qolmoqda beva!

Bolasi… muzqaymoq yalar hotirjam,
Poklik isi tutgan mitti jismini…
Muzqaymoq ko‘rsatsa talpinar ildam,
O‘zin-ku tanimas, bilmas ismini!

Jajji barmoqlari ohista silab,
Quchog‘iga bosar o‘yinchog‘ini…
Avaylab yalaydi tilchasi bilan,
Burni tavof etgan muzqaymog‘ini…

Go‘dak nigohidan javob izlayur,
Ko‘nglimga sanchilgan fig‘onu dodlar…
Borliqqa egalik qilmoq istayur
Shu mishqi bolacha fikri yo‘q zotlar!

Yuzingizni burmang nuru ziyodan,
Oqlang ruhingizni ipak toladay…
Sizga ibrat bo‘lsin shundoq dunyodan
Muzqaymog‘in afzal bilgan bolakay!

26.05.2009

KUYDURDI

Meni turfa ishq rangining
qarolari kuydurdi,
Qaro tuhfa etgan ko‘zlar
shahlolari kuydurdi.

Qirqta kiprik, qirqta kokil,
qirqta jon bir qizda jo,
O‘h, yigitlik ichra bari
tanholari kuydurdi.

O‘zim saylab, o‘zim suyib,
andin istab bir vafo,
Ay, na qilay, har lahza ming
jafolari kuydurdi.

Armon aro ado bo‘lgan
tiyra, nigun ko‘ksimni,
Orzularning so‘ngsiz samum
sahrolari kuydurdi.

Ey Zohidjon, tovbalarga
asir tushgan umringni,
“Sevmayman!” deb gulning qilgan
xatolari kuydurdi.

2005

AYo DO‘STIM

Ko‘hna tuyg‘u savdosidan so‘ylar ishqiy masal lablar.
O‘z so‘zidan uyalib so‘ng qizargaylar yal-yal lablar.

Ayo do‘stim, ul sanamning ko‘zu qoshu belidan ham,
Go‘zalroqdir bir tabassum hadya etsa o‘shal lablar.

O‘pib, tishlab, so‘rib novvot kabi holin bilar bo‘lsang,
Sening-chun lazzati jonon asaldan-da asal lablar.

Dema, yorni ibodin bexabar bir nozanin, tarso
Ikki nuqta hayo shakli, ikki misra g‘azal lablar.

Saf chekib ul sadaflar tek turar gulyuz kulib qo‘ysa,
Qosh chimirsa ganji durin aylar jamlab qamal lablar.

Bu lablarda nazokat bor, nafosat bor, harorat bor,
Tutib nogoh olov bo‘sa, o‘ldirgay beajal lablar.

Qatldan g‘unchadek titrab bosar oshiq labin asta,
Va baxsh etgay qaytadan jon, ki taqdiri azal lablar.

Ul Zohidjon ovvoradur necha yilki yor hajrida,
Base, roz aytmasa bu gal qilar umrini hal lablar.

ILTIJO

Menga yor bergin, Xudo
Husni to‘lin oy bo‘lsin,
Iboyu hayosida
Jannatiy chiroy bo‘lsin.

Farishtadek qomatin
Iffatiga yashirsa,
Ishqdan limmo-lim ko‘ksim
O‘shal gulga poy bo‘lsin.

Rayhon iforin sochib
Orombaxsh nozlari-la
Bo‘lsa zebu zar emas,
Aqlu hushga boy bo‘lsin.

Turib sobit vafoda,
Sadoqatda benazir.
Yuragida bir umr
Faqat menga joy bo‘lsin.

Baxtdan qurgan yo‘limiz
Juftimning, ayo Rabbim,
Quyoshga soya solgan
Sochi misol soy bo‘lsin.

Kun kelib, o‘tib zamon
Farzandalar davrasida
Mehrin qo‘shib tutgani
Bir piyola choy bo‘lsin.

16.04.09

YoR-YoR

Dalli dardda devonaman,
Devonaman, yor-yor.
Boru burdga begonaman,
Begonaman, yor-yor.

Yo‘lim to‘sma, ey notavon,
Ey sen g‘ofil ahli zuhd.
Men toshlarning fig‘onidan
Hayronaman, yor-yor.

Falakdandur bu navolar,
Bu faryodu nidolar.
Zikr aylab ismin giryon
Aylonaman, yor-yor.

Ko‘zim ochsam turfa gumroh
Sajda aylar nafsiga.
Vujud ichra ruhi kuygan
Vayronaman, yor-yor.

Dahri dunning zardasidan
Zarbasidan qon dil,
Foniy aro hajr o‘qiga
Nishonaman, yor-yor.

Na birovdan mehr ko‘rdim,
Na vafoyu sadoqat.
Endi kimga ishonaman,
Ishonaman, yor-yor.

O‘n sakkiz ming olamga Haq
O‘shal Kotibi qudrat
Oshiq deya qismat bitgan
Peshonaman, yor-yor.

* * *
Bu ne qahr, bu qanday g‘azab,
Vujudimni etdi karaxtlar.
Qor ostida qoldi, vo ajab,
Erta gullab qo‘ygan daraxtlar.

Tish qayradi Qorabotir — qor,
Lab kulgi-la uchrashgan payti.
Qarg‘alarga jon kirdi takror,
Qaldirg‘ochlar ortiga qaytdi…

Er ko‘ksiga sanchildi bexos,
Ko‘kdan yoqqan minglab nayzalar.
Oq zulmatdan o‘randi libos,
Bosh ko‘tarib chiqqan maysalar.

Kapalakni sovuq muzlatdi,
Gul poyida qotdi cho‘kib tiz…
Kapalakni sovuq muzlatdi,
Meni esa…
muzlatdi bir qiz.

Sevdim!
Izlab nigohidan erk,
Afsus, poymol bo‘ldi tilagim.
Erta gullab qo‘ygan daraxtdek,
Qor ostida qoldi yuragim…

25.08.09

* * *
Biz agar mehmon bo‘lsak, kim erur mezbon bunda?
Biz agar mezbon bo‘lsak, kim erur mehmon bunda?

Etti qavat samodan nigoh tashlab Muallim,
Toliblarin birma-bir qilar imtihon bunda.

Kimnidir aylab gado sinar, etar xoru zor,
Kimnidir sulton saylab, ulashar davron bunda.

Gohi do‘st, gohi ag‘yor pand berar yo‘lda mudom,
Kulfat, g‘amu saodat hanuz yonma-yon bunda.

Bevafo yordek kulib jon olar makkor fano,
Osiylar sho‘xu xandon, oqillar giryon bunda.

Dardi ishqdan mosuvo ruhidan lollar emas,
Ko‘pdurur o‘z jamolu husniga hayron bunda.

Aslu nasling tuproq der, tuproq der ibtidong ham,
Umr o‘tib, shu tuproq intiho oshyon bunda.

Saf-saf bo‘lib kelarlar, saf-saf bo‘lib ketarlar,
Yo Rabbano, bormi ayt, Hazrati inson bunda?

Har nafasda bir jumboq, lek javob yo‘q mukammal,
Qay toshga boshin ursin, bilmas Zohidjon bunda…

2.09.09

* * *
Qiz uyiga sovchilar kelar,
Qizingizning bo‘yi yetdi, der.
Ona xursand, quvonchga to‘lar,
Atrofida aylanadi Yer…

Qiz uyiga sovchilar kelar,
Kelaverar takror va takror.
Ota xursand, ko‘ksini kerar,
Qiz cho‘k tushib yig‘laydi zor-zor…

G‘olib qaytar sovchilar izga,
Boshlanadi qudalik fasli.
To‘planishar yangalar… qizga
O‘tiladi kelinlik darsi.

Ko‘rpa tikar momolar — odat,
Tashvish bo‘lar sarpolaru sep…
So‘rashmaydi qiz ko‘nglin faqat,
So‘ramaydi “Sevasanmi?”, deb.

Qiz poyiga yozilar gilam,
U so‘z aytmas, yig‘laydi betin.
Ertaga to‘y — ertaga bayram:
Kimdir kuyov, qiz esa kelin!

Men esa… Men esa… Hech kim!

4.11.2005


BIZLARNI HAM SOG‘INARMIKAN?

Ey yolg‘iz qarovsiz, tashlandiq daraxt,
Ko‘pdan seni qushlar yo‘qlamay qo‘ymish.
Mendan-ku arazlab yashayapti baxt,
Quchog‘iga bosib hijronlar to‘ymish.
Nima deb o‘ylaysan, so‘yla daraxtjon,
Kapalak qanotin etib soyabon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Yillarni qoldirib o‘z bekatida ,
Umr otliq ulov yelib boradir.
Ishqdan yuzin burgan ishq elatida
Ishqsizlik ruhimni tilib boradir.
Hislarin yashirib, aytolmay hamon,
Mushtoqligin tutib botinda pinhon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Har bahor ko‘zingni kuydirib gullar,
Navqiron daraxtlar, nihollar o‘ktam…
Meni-ku har safar tahqirlar, kular
Armonli sevgimni eslatib ko‘klam…
Atrofda uyg‘onar tabiat shodon,
Sen — tugagan faryod, men — unut isyon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Kuzakni kim aytar fasli hijron deb,
Yo‘q, so‘zlari yolg‘on, do‘stim, aslida
Bilsang, bog‘lar uzra sepib bunda zeb
Barglar o‘z soyasin yetar vasliga!
Etolmay, soyasin axtarib sarson,
Ko‘ksiga to‘kilib bir ko‘ngil hazon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Hech kim sog‘inmasa, sog‘inmasin kel,
Men seni, sen meni sog‘inib yasha…
Toki borligimiz bilib qo‘ysin el,
Men qayta uyg‘onay, sen gullab-yashna!
Lek… baribir o‘rtar dilni shu chiston —
Mayliga yanglishib ming yilda bir on
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

9.11.2009

SAKKIZINChI NOTA

Men qo‘shiq kuylayman,
Bilmaydi birov,
Tinglasa xo‘rsinib tuyg‘ular tinglar.
Yurak zindonida depsinar asov,
Yorug‘ kun ko‘rolmay mung‘aygan munglar…

Men qo‘shiq kuylayman,
Ux tortar quyosh,
Tilka-pora qilar ko‘ksimni tug‘yon.
Chidab turolmayman, qandoq beray dosh,
Bo‘g‘zimda olovdek lovullar fig‘on?..

Men qo‘shiq kuylayman,
O‘tar beparvo
Qaddini g‘am bukkan sarxush so‘roqlar.
Qora libos kiyar Oy ham benavo,
Jovdirar sham’ yoqib minglab nigohlar…

Men qo‘shiq kuylayman,
Shitirlaydi kuz,
Xazonrezg xayollar shuurimda jo.
Mendek buyuk sasni, ajabo, hanuz
Nechun ko‘tarolmas boshiga dunyo?!

Men qo‘shiq kuylayman,
Titrar avj parda,
Sabolar bir lahza to‘xtar muallaq.
Diqqinafas bo‘lib qiladi zarda,
Va portlar yosh to‘kib takror-takror barq…

Men qo‘shiq kuylayman,
Kengliklarga sha’n,
Hech kim turtkilamas, berolmas halal.
Nogoh nigoh tashlab atrofga teran,
Shu damda anglayman bir sirni tugal.

Men qo‘shiq kuylayman,
Unda aks etar,
Barcha qayg‘ularim, quvonchim bari.
Dilga makon qurgan sanchiqlar ketar,
Yuksalib boraman mangulik sari!

Bildimki, men kabi oshiqlar bisyor,
O‘rtar ularni ham hijron bodasi.
Bas, har bir yurakning o‘z qo‘shig‘i bor,
Bor ekan har qalbning shaxsiy notasi!

16.01.2010

TO‘RTLIKLAR

Shafqatsiz jang borar mudom o‘rmonda,
Qulay fursat kutar soyalar sadri…
Kuni qashqirlarga qolgan makonda,
Pista po‘choq bo‘lar sherlarning qadri.

* * *
Miq etmay til tishlab turar ustozi,
Xiyonat bo‘lsa ham shogirdin gardi.
Boltaga sop bergan avvalo o‘zi,
Shu bois ildizning ichida dardi.

* * *
Bu dunyoda do‘stdan dushman ko‘p.
Bu dunyoda do‘stdan dushman ko‘p?
B-u-u, dunyoda do‘stdan dushman ko‘p,
Bu dunyo-da, do‘stdan dushman ko‘p.

2009

* * *
Senga uylanmadim, lek qilmam hasrat,
Chin dildan sevoldim, shudir asli baxt!
Sen farishta eding, men — osiy banda,
Qay banda malakka uylanibdi, ayt?!

2010

* * *
Meni o‘z holimga qo‘y, ey koinot,
O‘zim yashab ko‘ray, kel, bir kun bir bor.
Yiqilsam, kimdandir kutmayin najot,
Quvonsam, kimdandir bo‘lmay qarzdor.

XAYoL

Yomg‘ir bo‘lsam,
Tomchilasam yuzlaring silab,
Ayt dilbarim, qocharmiding mendan yiroqqa?
Zohir bo‘lsam piyolangda bir bo‘sa tilab,
Etolmayin sovurmidim otash dudoqqa?

Xayol bo‘lsam
Kechalari oydin, farovon,
Sog‘intirib paymonamni toshirarmiding?
Shamol bo‘lsam, zulflaringni o‘ynasam har tong
Ro‘mol o‘rab sochlaringni yashirarmiding?

Bir gul bo‘lsam,
Quchog‘ingda atirgul bo‘lsam,
Tovoningda toptarmiding kirsa tikonim?
Bir qul bo‘lsam eshigingda qorovul bo‘lsam,
Seni goh-goh ko‘rmoqlikka bormi imkonim?

Sezgi bo‘lsam,
Singib ketsam bori tanangga,
Parvo qilmay qoshlaringni uchirarmiding?
Sevgi bo‘lsam, yuragingda yoqsam alanga,
Qishdek sovuq qahring sochib o‘chirarmiding?

Tilak bo‘lsam,
Diling o‘rtab qiynaguvchi cho‘g‘,
Meni bir bor oshig‘ingga o‘xshatarmiding…
Yurak bo‘lsam… ko‘ksingdagi urib turgan sho‘x
Chiday olmay… ovozimni to‘xtatarmiding!

Yomg‘ir bo‘lsam…

25.12.2009


TUG‘ILGAN YuRT

Tug‘ilgan yurt — bog‘u guliston,
Taqroni ham aziz shu elning.
Goh bulutli, gohi nurafshon
Osmoni ham aziz shu elning.

Shoshu Keshu Buxoro — bir yon,
Bir yon — Farg‘onayu Namangon,
Samarqandu Xiva, Andijon,
Surxoni ham aziz shu elning.

Yigitlari Alpomishkelbat,
Vujudiga sig‘maydi g‘ayrat…
Qizlaridek farishta hilqat
Rayhoni ham aziz shu elning.

Mehrin bersa gullar jonsiz tosh,
Tuproq bilan tutingan sirdosh,
Ming yillarki, dehqonga darddosh
Ketmoni ham aziz shu elning.

Mehmon kutib yopilmas eshik,
Der, odamdan qolar yaxshilik…
Qaldirg‘ochga qo‘nalg‘a, beshik
Ayvoni ham aziz shu elning.

Tongda xo‘plab bir piyola choy,
Ter to‘karlar to chiqquncha oy…
Zog‘chalarga talangan bug‘doy,
Somoni ham aziz shu elning.

Bolam, deydi tashvishga botib,
Elkasiga zahmatlar ortib…
Xalq deb yongan sultondan tortib,
Cho‘poni ham aziz shu elning.

Tushlarida manzilga yetgan,
Orzulari qaddin dol etgan…
Shoh Boburga ergashib ketgan,
Armoni ham aziz shu elning.

Yurtsevarlik — ulug‘ fazilat,
Yurt sevganga bilinmas illat,
Bolarisi, tulkiyu kalxat,
Iloni ham aziz shu elning.

Qalbi olov, ko‘ksi mag‘rur, tek,
O‘ziga — xon, u — o‘ziga bek!
Yurt ishqida g‘am chekkan mendek,
O‘g‘loni ham aziz shu elning.

9.12.2009

E’TIBOR

Oyni orzu qilib, yetay degan chog‘,
Qoqilsang tirgaging bo‘lmasa yomon.
Xizr uchrab qolsa yo‘lingda nogoh,
Aytarga tilaging bo‘lmasa yomon.

Har bir hamalasiga chap bermoq mushkul,
Der, tiriklik — kurash, kurash beomon.
Oyog‘ingdan chalar qo‘yningdagi ul
Xoindan daraging bo‘lmasa yomon!

Olam tor ko‘rinar kengaysa kulfat,
Ko‘nglingni zang misol yemirar armon…
Shunda hayot bilan bog‘lovchi hilqat —
Pariro‘y malaging bo‘lmasa yomon.

Ishq — Haq shafqatidan taralgan uchqun,
Har qayu dilni-da etmagay oshyon.
Lek yodingga tushib necha ming Majnun,
Sevishga yuraging bo‘lmasa yomon.

Qalb — ilhaq, e’tibor istar ziyoda,
Oniy mehrdan ham baxt topar inson…
Shunoq keng dunyoda,
Gavjum dunyoda
Hech kimga… keraging bo‘lmasa yomon!

8.03.2010

HADYa

Bir bo‘sa taftidan lovullar olam,
Uyalib tilingdan qochar gaplaring.
Atirgul bargiga tomgandek shabnam,
Tuyqus titrab ketar billur lablaring.

So‘ng to‘lib yig‘larsan sababsiz, bevaj,
Turarman qarshingda misli gunohkor.
Shunda avjlanar-u, qalbingdagi mavj,
Ko‘zlaring! Sevgingni etadi oshkor!

Qo‘l ushlashib asta aylanarmiz bog‘,
Kapalak o‘ynashar sochingga qo‘nib…
Men esa… falakda ucharman bu chog‘,
Shaffof xayollarning bag‘riga do‘nib!

Bir bo‘sa taftidan tirik kamina,
Jismimga qaytadan oqib kirmish jon.
Balki anglamassan g‘addor Zaminda,
Shu hadyang tufayli qolganim omon.

17.03.2010

SEN UChUN…

Sen uchun tug‘ildim, desam-da biroq,
Yolg‘on! So‘zlarimga inonma tugal.
Axir Haqdan o‘zga bo‘lganmi ogoh,
Taqdir manglayimga bitilgan mahal?!

Sen uchun yashayman, deyishim ham lof,
Bilganingdan qolma jilmayib qo‘yib.
Umr goh ijobat, gohida sarob,
So‘ng yurma aldanib, ko‘ksingni o‘yib…

Sen uchun gar kulsam va yoki kuysam, —
Desam xushyor tutib o‘zni nogahon.
Yolg‘on! Ishonmagil, jonim, bunga ham
Axir egizak-ku visol va hijron?!

Sen uchun jon bergum, deyman telbavor,
Yana puch ertakdan bo‘larsan zada…
Ha, rostini aytsam, senga ey dildor,
Ishqdan bo‘lak boylik qilolmam va’da!

Sen uchun baxsh etay shunday bir ma’vo,
Qolsin oshiqlarning mangu yodida.
Hayotim, bor-yo‘g‘im… o‘zim ham hatto
Hech narsa bo‘lsin, oh, uning oldida!

31.03.2010

VISOL

Xayr, deysan istamay ma’yus,
Oqshom cho‘kib borar izingdan…
Kipriklaring qayrilma hanuz,
Hanuz otash sachrar ko‘zingdan!

… So‘ng tun ichra ketarsan singib,
Men qolarman termulib yakkash.
Tizginsiz o‘y otiga minib,
Tuyg‘ularim tentirar sarkash.

Garchi bo‘lak chora yo‘q, illo
Xayrlashgim kelmas sen bilan…
Netay, visol ko‘shkining hatto
Ostonasi boshimdan baland!

Kechiksang gar onang ham dilxun,
Otang tushmas g‘azab taxtidan.
Sen-la yana ko‘rishmoq uchun,
Xayrlashish kerak vaqtida.

Sen ketarsan — kelar sog‘inch, zor,
Osmonda Oy suzadi befarq…
Men Quyoshni kutarman bedor
Salom! — degan so‘zingga ilhaq,

Salom! — degan o‘zingga… ilhaq.

3.04.2010

OSMON QIZ

Oshiqsa bo‘z jilg‘a ummonlar sari,
Yashil ro‘mol silkib kuzatar yalpiz…
…Mening xayolimda hamon bir pari —
Er kabi xokisor ko‘ngli osmon qiz.

Tunlar tushimga ham kiradi yo‘qlab,
Ohista jilmayar, so‘z aytmas biroq.
Ko‘nglimda o‘t yoqib, ko‘ksimni cho‘g‘lab,
Tong chog‘i qalbimga berkinar ul moh.

Ishq atrin ufurar mayin shabboda,
Qizarar dilimda qirmiz lolazor…
Sarmast o‘ltirarman ichgandek boda,
Ruhimni tebratar totli xushozor.

Qo‘l cho‘zsam yetgudek bir qadam tog‘lar,
Falak ham boshimda go‘yo parvona.
Olma iforiga cho‘milgan bog‘lar,
O‘shal qiz haqida so‘ylar afsona.

Shunchalar munisa, farishta, zebo,
Usiz hayotimda mazmun yo‘q zinhor.
Men uni… sevaman! Sevaman, ammo
Qani, sevishimni etolsam izhor?!

4.03.2010


SEVAMAN

Ko‘rganda tilim lol, boshim xam,
Ko‘nglimni yorolmay sevaman.
Oramiz bor-yo‘g‘i bir qadam
Yoningga borolmay sevaman
Sevaman, sevaman, sevaman!

Ul sirni ishonmam sirdoshga,
O‘t qo‘yar har qanday bardoshga,
Tik boqib bo‘lurmi quyoshga —
Ko‘zingga qarolmay sevaman,
Sevaman, sevaman, sevaman!

Ayt, kimni qalqitmas bu husn,
Kipriging qayrilma, soching tun…
Bir lahza qayg‘urib o‘zim-chun,
Xayol ham surolmay sevaman,
Sevaman, sevaman, sevaman!

Oqshom oy nuglanar yuzingdan,
Raqiblar bahramand so‘zingdan,
Qolmayin ergashib izingdan,
Soyangdek yurolmay sevaman,
Sevaman, sevaman, sevaman!

Sen durkun malaksan, navnihol,
Poyingda men g‘arib, qul-qarol.
Sen bilan bir umr ehtimol
Baxt qasrin qurolmay sevaman,
Baribir, baribir sevaman!

22.04.08

DIYDOR

Hozircha jim!
Bilmasin birov,
Visol yaqin, yaqindir diydor.
Bu sitamlar shunchaki sinov,
Hali baxtli bo‘lmog‘imiz bor.

Begonadek tashlayver nigoh,
Sevgingni ham etmay tur izhor.
Faqat shuni unutma nogoh,
Bir kun Oydek to‘lmog‘imiz bor.

Hamon umid sochib turar nur,
Qish ortidan kelmish, deb bahor.
Faryod bilan o‘tmaydi umr,
Yig‘lab-yig‘lab, kulmog‘imiz bor.

Kel, g‘amlarni ortga tashlaymiz,
Axir yaqin ko‘rishmoq diydor.
Bizlar uzoq baxtli yashaymiz,
Mingga kirib o‘lmog‘imiz bor!

17.04.08

MEHR

Buyuk qayg‘u kabi yurakni ezar,
Siyrati insoniy darddan judolar,
Goh yo‘lingdan chiqib g‘ashingga tegar,
Sohta avliyolar, sohta xudolar.

Baxt va g‘am bo‘lmagan hargiz barobar,
Chin oshiq qismati — abadiy sitam.
Hajru vasl ilkida bo‘lib sarosar
Ko‘zidan qon oqar muhabbatning ham.

Nahotki hammasi shunchaki bir tush,
Daryolar, dengizlar, ummonlar — ro‘yo?!
Odamlar — ozurda, odamlar — xomush,
Boshi berk ko‘chadan ketmoqda dunyo…

Qaydadir insonlar bo‘lmoqda nobud,
Qaydadir o‘smoqda nihollar durkun…
Hali hamon bir kam, notugal, beburd,
Hamon “besh kunlik”dan oshmagan ochun!

Alahsirab borar gunohkor vujud,
Jirkanch uyqu bilan yumilran ko‘zi.
Oxirat… oqibat… hammasi unut,
Chimdim mehrra zor mehrning o‘zi?!

Ona Yer-ku — bo‘m-bo‘sh, ravjum keng samo,
Ehtimol tugagan tiriklik hayhot!
Shunchaki sharpasi yuribdi ammo,
Allaqachon o‘lib bo‘lgan odamzot!

17.12.07

SIYLOV

Hatto oyog‘ingga cho‘kmoq bo‘lib tiz,
Hajringda har lahza kuyganim g‘alat.
Qurib ketganmidi, axir, boshqa qiz,
Tanlab-tanlab seni suyganim g‘alat.

Bor mehrimni sochib o‘ynoqi yelga,
Yalpizlarga tutib yashardim yelka.
Dunyo teskarimi va yo men telba
Tanlab-tanlab seni suyganim g‘alat?!

Bu kun ko‘tarolmay qayg‘ularimni,
Qo‘msayman baxtiyor kulgularimni,
Uvol qildim guldek orzularimni,
Tanlab-tanlab seni suyganim g‘alat.

Qanday yigit edim: sho‘h, norg‘ul, asov,
Ko‘ksimni kuydurdi bir nigoh aldov,
Shumikan umrimga atalgan siylov,
Tanlab-tanlab seni suyganim g‘alat?!

Til tegkazsam yonar lovullab so‘zim,
Kul bo‘lgum gar Tangrim bermasa to‘zim,
Hayronman, tushunmay o‘zimni-o‘zim,
Tanlab-tanlab seni suyganim g‘alat?!

15.05.08

FUTBOL VA SEVGI

Muhabbat o‘tiga tashlaguvchi hur,
Hech bir qiz tortmagach e’tiborimni.
Bo‘lak mo‘jizadan topay deb huzur
Futbolga topshirdim ixtiyorimni.

Zarbalar yog‘dirdim, yog‘dirdim betin,
Milyon bor zabt etdim darvozalarni.
Mutlaqo o‘zimga ayladim maftun,
Diloro, Dilrabo, Dilnozalarni…

Men masrur g‘alaba qozongan mahal,
Poyimga sochildi guli nargislar.
Futbol sabab meni sevishdi avval,
So‘ng men sabab sevdi futbolni qizlar.

Ammo eplolmadim bedard yurakni,
Toshdek hissiz yashash tegdi jonimga.
Qo‘l siltadim, ko‘rgach zebo malakni,
Futboldan orttirgan shuhrat-shonimga.

Maydon, to‘p, olqishlar… endi afsona,
Bugun qalbni qiynar o‘zga o‘y-xayol.
Meni shoir qildi, qildi devona
Bir qiz yuragiga urilmagan gol!

26.03.08

QUYoSh BOTMAY

Yuragimning bir chetida, o‘h,
Hamon yoniq umidbaxsh uchqun.
Hali quyosh botganicha yo‘q,
Hammasiga ulgurish mumkin.

Fikru yodim band etgan bir his,
Derlar, vaslning bahosi baland.
Biroq meni sevardi… u qiz,
Qandoq yashar begona bilan?!

Karnay-surnay chalinar shitob,
Sho‘x yallalar chiqar avjiga.
O‘zim bilan o‘zim ushbu tob,
G‘arq bo‘laman dardlar mavjiga…

Yo Rab! Qayda adashdim, bilmam,
Kunlarimni qoraga bo‘yar?!
Orzular puch, tuyg‘ular mubham,
Hatolarim ko‘zimni o‘yar…

Aybim nedur?! Yo Parvardigor,
Qiz ko‘nglini bilmaganimmi?
Shuncha kuyib ishqida, bir bor —
Sevgi izhor qilmaganimmi?!

… Har nafasda sitamlar turtib,
Yuragimda so‘ndi so‘nggi cho‘g‘…
Hali quyosh botmasdan turib,
Ulgurganlar ichida men yo‘q!

25.09.2008

KUZGI MANZARA

Yaproqlar sarg‘arib uchar havoga,
Ohista ingraydi mung, hazin navo.
Horg‘in suyangancha chetan asoga,
Nelar haqda xayol suryapsan, bobo?!

Uzoqlashib borar tobora quyosh,
Turnalar jim, unsiz ortiga qaytar…
Bobo, ne sababdan diydang jiqqa yosh,
Tushdimi yodingga bolalik paytlar?!

O, qancha talpinma ko‘klamlar sari,
Endi olovlanmas ko‘ksingdagi cho‘g‘…
Er-la og‘a-ini tutingan bari,
Sen chillak o‘ynagan do‘stlar bugun yo‘q.

Bu kun sen mo‘ysafid,
Munkillagan chol,
Lek qalbing to‘rida yashar ko‘hna his!
Hamon yuragingni ezar ehtimol,
Seni sevib,
Yotga tegib ketgan qiz?!

Shamol yulqib otgan har bitta yaproq
Armonga aylangan orzularingmi?
Tutar vujudimni bir o‘ksik titroq,
Seni asrab turgan qayg‘ularingmi?

Kutarsan,
Sog‘inib har tun kunduzni,
O‘limga tik boqib yashamoq og‘ir…
Balki ko‘rayapsan so‘nggi bor kuzni,
So‘ngbor manglayingda o‘rmalar yomg‘ir…

Nasib etarmikan
Qishni mahv aylab,
Sho‘x kuyin tinglamoq bahoriy sozning?
Va ko‘zingga surtmoq gulin avaylab,
Nabirangga atab ekkan gilosning?

Yaproqlar
sarg‘arib
uchar
havoga…

24.10.2008

BO‘SA

Jim tinglab turasan,
So‘ylayman toshib,
So‘zsiz jilmayasan taratib chiroy.
O‘ylayman, sharbati haddidan oshib,
Lablari yopishib qolgan hoynahoy?!

Na iloj, parchalab bu sokin holni,
Nozik qo‘llaringdan asta ushlayman.
Lutfingga qulf solgan ortiqcha bolni,
Kel gul, labim bilan olib tashlayman.

IBRAT

Nogahon boshiga ish tushgan paytda,
Aqli komil inson bir hikmat bildi.
Nyuton dunyoni kashf etdi qayta,
Nyutonni esa olma qashf qildi.

Biz-chi?!
Tashvish tushsa, zahrimiz to‘kib,
Xayolga ham kelmas izlamoq ma’ni.
O‘tgan bo‘lar edik bir umr so‘kib,
Peshonamiz g‘urra qilgan olmani…

QANOAT

Garchand o‘zni mudom ko‘kda tuyasan,
Sendek men ham Yerni bosib turibman.
Sen har lahza yangi libos kiyasan,
Men hamon eskirgan to‘nda yuribman.

Na ta’ma, na ilinj, na gina-kadar,
Bir umr iymondan qalbga yo‘l soldim.
Sen ming bor yangi to‘n kiygan bo‘lsang gar,
Men ruhimni ming bor yangilab oldim!

27.10.2008

* * *
Yoshlik to‘yib totmoqlik payti,
Sevgi degan jonbaxsh zahardan.
Ona, yana shumshayib qaytdi,
Shuhratparast o‘g‘ling shahardan.

Mahzun ko‘zi qayg‘uga to‘ldi,
Ko‘ksi bo‘m-bo‘sh, ship-shiydon dala…
U bir qizga bag‘ishlab bo‘ldi,
Bor ishqiyu umrin bir yo‘la.

Garchi ishq — bu ilohiy fatvo,
Lek sen munis, dilkash, durdona.
O‘sha qiz ham, o‘g‘ling ham hatto
Kiprigingga arzimas, ona.

Mayli novvot qo‘shma choyingga,
Bir piyola mehringdan ichir?!
Taskin istab keldi poyingga,
Shu safar ham o‘g‘lingni kechir.

Uzilganmi darddan diltori,
Kuyib bitdi ko‘ngli pinhona.
Nega uni toshlar qatori,
Qalbsiz qilib tug‘mading, ona?!

18.11.2008

SABABINI SO‘RAMANG

Elkamga qulagandek
Tuyulmoqda dard tog‘i,
Yuragimni timdalar
Sitamlarning tirnog‘i,
Ayo do‘stim, «Nechun?»
Deb so‘ramoqchisiz chog‘i,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Ishq dengizin hijroniy
Qirg‘oqlari ko‘p, derlar,
Ko‘z yoshiyu firog‘i,
Titroqlari ko‘p, derlar,
Rohatidan azobu
Qiynoqlari ko‘p, derlar,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Daxr elida shafqat yo‘q:
G‘amni g‘amga ulaydi,
Sof sevgimni sochqilab
Saroblarga pullaydi,
Yor tushimga kirgan tun
Tomirlarim gullaydi,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Necha yilki, xastamen
Etisholmay bir qizga,
Go‘yo qanoti yo‘q qush
Talpingandek yulduzga!
Zulmatlarni opichlab
Ketayapman kunduzga,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Parilarga ergashib
Samo uzra uchgum bor,
Oy yuzidan bir o‘pib
Hovurimdan tushgum bor!
So‘ng qovushib yer bilan
Ildizlarni quchgum bor,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilasiz…
Sababini bilasiz…

30.04.08

* * *
Seni sevib topganlarim jafo bo‘ldi,
Yovlarimning ko‘rgani kayf-safo bo‘ldi.
Bilmadim, sen qanday qilib kulayapsan,
Mening bag‘rim kuyib bitdi, ado bo‘ldi.

Orzu deya armonlarni quchdimmi men,
Bir lahzada poyingga cho‘k tushdimmi men,
Ko‘zu qoshing, kiprigingga uchdimmi men,
Sendan na bir taskin, na bir sado bo‘ldi?!

Yurmaymanmi erkalab xuv ilonlarni,
Yuragimga bosib qotil chayonlarni,
Ko‘rmas edim bu kunu, bu hijronlarni,
To‘rt tomonim faryod to‘la nido bo‘ldi.

Kim qo‘yibdi men — bir dehqon bolasiga
Dil bermoqni boyning guli lolasiga?!
Teng ko‘rmading sochingning bir tolasiga,
Teng ko‘rganing osmon bo‘ldi, samo bo‘ldi.

Sen zebu zar og‘ushida mastsan bu kun,
Eh, shunchalar bedard, shuncha pastsan bu kun,
Men sevgan qiz senmas, sen bir xassan bu kun,
Endi mening yorim yolg‘iz Xudo bo‘ldi!

14.04.08

GILOS

Sevib qoldim
Qizsaroyning bir qizini,
Tishlari dur, yonoqlari qirmizini.
Nargis nadur, rayhonlaru yalpiz nadur,
Ko‘klamlar ham ko‘zga surtar gul izini!

Ko‘zlaridan sho‘x ohular jilo olmish,
So‘zlaridan zargarlar zar, tillo olmish.
Go‘zallikka timsol oyu kamalakalar,
Kamon qoshu kiprigidan imlo olmish.

Sochlarida sollanadi shalolalar,
Havas qilar Zulayhoyu Zilolalar…
Lablariga yugurtirsa bir tabassum,
Hayratidan qizaradi gullolalar.

Ado bo‘lmas ta’riflasam yor husnini,
Sarf etsam-da umrim bor tun-kunduzini!
Ko‘ngil ekan, na qilayin bilib-bilmay,
Sevib qoldim Qizsaroyning yulduzini.

O‘h! U mening eng bokira ertagimdir,
Qishlog‘iga kuyov bo‘lmoq istagimdir.
Bog‘larida gilos bo‘lib pishayotgan —
Gilos emas… asli mening yuragimdir!

8.01.2006