Zohidjon Obidov (1923-1996)

Zohidjon Obidov 1923 yili Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent Davlat dorilfununini tamomlagan. Namangan pedagogika institutida, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasida, G‘afur G‘ulom va “Yosh gvardiya” nashriyotlarida, “Mushtum” oynomasida faoliyat ko‘rsatgan.
U shoir sifatida 50-yillardan beri ijod qilib keladi. Uning “Yaxshi niyat” (1957), “Yangi oyning o‘rog‘i” (1961), “Oshiq ko‘ngil bilan” (1963), “Xitoydan sovg‘a” (1963), “Tong yulduzlari” (1965), «Ko‘ngil navosi» (1968), “Xandalarim” (1969), «Umid to‘lqinlari» (1972), “Yurakdagi mavjlar” (1973), «Kuygan kuyov» (1973), Tanlangan asarlar (1974), «Talpinur dil» (1977), “O‘g‘lingni ber” (1979), «Ko‘ngil taronasi» (1983), “Kuyla dilkash dutorim” (1984), «Dilrabosan» (1984), “Bahshida” (1985), «Senga talpinaman» (1990), “Qanotli qo‘shiqlar” (1991), kabi kitoblari chop etilgan.
Zohidjon Obidov M. Lermontov, T. Shevchenko. M. Bajan, R. Hamzatov, S. Mixalkov kabi mashhur shonrlar asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


KUYLA, DILKASh DUTORIM

Kuyla, dilkash, sadoqatli dutorim.
Yozib dildan yor ishqida xumorim.
Qalb sadosi bo‘lib yangra qo‘limda,
Zarra qo‘ymay bu ko‘ngilning g‘uborin.

Hamdamim bo‘l, uyqu qochgan kechalar,
Intizorlik daftar ochgan kechalar.
Har pardada visol shomin et yaqin,
Qo‘msatur yor birga yurgan ko‘chalar.

Dardlashurmap boshing bosib ko‘ksima,
Yor kelganda chetda qolib o‘ksima.
Yor ketganda qo‘lga olsam o‘rtanib,
Dilkashim bo‘l, nozlanib sen yo‘q dema.


OShKORALIK

Duch kelsang xavf ko‘rdilar,
Churq etsang, cho‘rt bo‘ldilar
So‘ng telba deb kuldilar,
Sho‘ring qurib qolgandi
Bechora, oshkoralik.

Tik boqsang boshga so‘qib,
Ayyorlar zog‘day cho‘qib,
Sha’ningga bo‘hton to‘qib.
Tinkangni quritdilar,
Ey, sho‘rlik oshkoralik.

Mast tuyadek bo‘kirib,
Chaqmoq chaqib, o‘kirib
Minbarlarga musht urib,
Tuhmatchi ham dedilar,
Seni, ey, oshkoralik.

Illatlarga o‘t qo‘yib,
So‘zlolmay, tiling kuyib,
Dimiqib, diling kuyib,
Darding yutib yurakka,
O‘rtanding oshkoralik.

Qaydan kelsang, shart to‘sib,
O‘tar yo‘llaring buzib,
Umid rishtasin uz deb,
Abgor etmoq bo‘ldilar
Seni, ey, oshkoralik.

Qo‘l sinig‘i yeng ichra,
Sir ochako‘rmang sira,
Darkor deb yuz-xotira,
Dakki, dashnom berdilar
Jim bo‘l deb, oshkoralik.

Necha bor dog‘da qolding,
Toru tang chog‘da qolding.
Quvg‘in, avloqda qolding
Lol bo‘lib, hayron bo‘lib,
Uy surib, oshkoralik.

Tislanding, chekinmading,
Shumlarga bukilmading.
Qo‘rqib duv to‘kilmading,
Berding bariga bardosh,
Jafokash, oshkoralik

Avroqlarga yurmading,
Ikkilana ko‘rmading,
Otni ortga burmading
Sinovlarda sinalgan
Ey, tanti oshkoralik.

Odillik zamin edi,
Pok vijdon g‘aming yedi.
Tantanang ta’min edi,
Na o‘t, na suvda yitmas
Barhayot, oshkoralik.

Bor ekan-ku, ro‘shnolik,
Adolatga oshnolik,
Bor bo‘l haqqa tashnalik,
Bor bo‘l hamisha hamro‘z
Qadirdon, oshkoralik.

Yolg‘on to‘kilgay to‘s-to‘s,
Qing‘irlik qo‘rg‘onin buz,
Haqlik — doim yorug‘ yuz.
Yashayver yorug‘ yuz-la
Ey, rostgo‘y, oshkoralik!