Xurshid Davron (1952)

Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvarda Samarqand viloyatiga karashli Chordara qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1999). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1975). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Qadrdon quyosh» (1979). «Shahardagi olma daraxti» (1979), «Tungi bog‘lar» (1981), «Uchib boraman kushlar bilan» (1983), «To‘marisning ko‘zlari» (1984), «Bolalikning ovozi» (1986), «Qaqnus» (1987) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Samarqand xayoli» (1991), «Sohibqiron nabirasi» (1995), «Shahidlar shohi» (1998) kabi tarixiy-ma’rifiy qissalar muallifi. Tarixiy siymolar hayoti haqida ham sahna asarlari yozgan («Mirzo Ulug‘bek» — «Alg‘ul», 1995; «Boburshoh», 1996). Sharq va G‘arb shoirlarining asarlaridan iborat «Qirq bir ishq daftari» (1989) va yapon shoirlari she’rlaridan tarkib topgan «Dengiz yaproqlari» (1988) to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).


YoZ ERTAGI

Dalalarning qoq o‘rtasida
Eru osmon aro bir ertak –
Yulduzlarning mayin sasidan
Tebranadi oppoq belanchak.

Uxlab qolar horigan ota,
Uxlab qolar terimchi – suluv,
Uxlab qolar chorbog‘ ortida
Ariqchada jildiragan suv.

Faqat qora ko‘zlarin ochib,
Hayratlarga to‘ldirib quchoq.
Onasiga o‘xshatib oyni,
Tamshanadi oyday chaqaloq.

Va mehrdan ichib, ko‘ksini
Chaqaloqqa tutar oy xushhol.
So‘ng allalar aytib, o‘ksinib,
Belanchakni tebratar shamol.

YoNAYoTGAN GULXANLAR

Ko‘z o‘ngimda bepoyon bog‘lar,
Yaproqlarda tillarang g‘ubor.
Yaqinlashib qolgandek tog‘lar,
Havo shunday tiniq, beg‘ubor.

Shitirlagan tungi yomg‘ir ham,
Tumanlarni quchoqlagan tong,
Qop-qoraygan dala-yu qir ham
Bari menga tanish, qadrdon.

Daraxtlarda lovullar gulxan,
Yuragimda uning tafti bor.
Bog‘chadagi xazonlar bilan
Uchib yurar kechagi bahor.

Meni tashlab ketmoqchi do‘stni
To‘xtatmoqchi bo‘lganday, bu on
Men jimgina qo‘lim cho‘zaman,
Yonayotgan gulxanlar tomon.

DARAXTZOR QOShIGA KELAR BIR AYoL

Tunda silkitarkan daraxtni shamol,
Daraxtlar titrarkan mahzun, bukchayib,
Daraxtzor qoshiga kelar bir ayol,
Nozik oyoqlarin shabnamga chayib.

U gullar sochadi hovuch-hovuchlab,
Hayratga to‘ladi armonli bog‘lar.    ,
U kuylay boshlasa, gullarni tishlab
Uyg‘ona boshlaydi qurigan shoxlar.

KUZ ERTAGI

Terimchi qizlar
Shoxlardagi qushlarday yengil,
Qomatli – xayol,
Quyosh isi anqib turar chehralaridan.
Ular
To‘lib ketgan armonlar kabi
Egatlarga sochilgan,
Orzulari mezonlar kabi
Oppoq-oppoq uchib yurguvchi
Oydin shamollarga osilgan.
Huv… Bo‘g‘ilib sayragan
Qushdan ham uzoq,
Qishlog‘imning cheksiz dalalarida,
Oppoq shiyponlarda ko‘ksini titroq,
Iliq, moviy shamollar o‘pib,
Uxlab yotar terimchi qizlar
Tushlarini quyoshga ko‘mib…

AYoL, QAYG‘U VA MUHABBAT HAQIDA

1. Ayol

U ayolning qo‘llari dag‘al,
U ayolning ko‘ylagi dag‘al.
Uni har kun kaltaklar eri,
Har kun yuzda ko‘karar dog‘lar.

Kecha nogoh yo‘lning chetida
Ko‘rib qoldim o‘sha ayolni:
U hidlardi men sezmay o‘tgan
Mittigina marvarid gulni.

2. Qayg‘u

Lattani ho‘llar ekan
Qotib qoladi,
Erga egib boshini
O‘yga toladi.

Ajin bosgan yuzlarida
Aks etar qayg‘u –
Kimni o‘ylab, kimni eslab
G‘am chekadi u?

3. Muhabbat

–    Men sevaman, – shivirlar ayol –
Kirlaringni yuvib beraman.
Dazmollayman ko‘ylaklaringni
Seni quchgan qo‘llarim bilan.

Bir kun tongda to‘shakda yotib,
Qulog‘ingga shivirlasam, bas:
«Yuragimning ostida kimdir
Xuddi sendek olmoqda nafas».

ERIB KETAR XIRA TUMANLAR…

Erib ketar xira tumanlar,
kapalaqdek uyg‘onar yalpiz.
Osmon daryo bo‘lib tuyular,
o‘tlar uzra chopqillaydi ko‘z.

Qayrag‘ochning guli – mitti jom –
jaranglaydi – taratar atir.
Tushlarimga kirar bu oqshom
maysalarni quchoklab adir.

Shamol yelar erkin, quturib,
quriy boshlar tomlar to‘sini.
Gullayotgan olchani ko‘rib,
derazalar ochar ko‘ksini.

Yoritgancha to yurak ichin
sabza o‘tlar shabnamga qonar.
Vatanini sog‘inmoq uchun
er ostida jangchi uyg‘onar.

OYBEK

1.
Oybekning she’rini dalaga chiqib,
Maysaga ag‘anab o‘qimoq kerak
Va sokin shivirni – ohangni o‘qib,
Oybekmi? Maysami? – deb tolsin yurak.

Oybekning she’rini bedazor aro
Soy sasi aralash tinglamoq zarur,
Bilmay qolsin yurak suv uzrami yo
Oybekning she’rida o‘ynaydi bu nur?

Oybekning she’rlari bamisli nigoh,
Bu nigoh asrorin yo‘kdir poyoni.
Xuddi bo‘lmagandek maysaga izoh,
Yo‘q Oybek she’rining to‘la bayoni.

Oybek – bu maysaga cho‘kkan bujur tosh,
Hayratdan yorilib-yorilib ketgan.
Oybek – bu daraxtzor ustida quyosh,
Nuri to chumoli ko‘ziga yetgan.

Oybek – bu ulkan bir chorbog‘ ostida
Yovvoyi uzumzor oralab, titroq
Quyosh tangalari o‘ynab sirtida,
Birdan yorug‘likka chiqqan sho‘x irmoq.

Oybek – bu og‘riqni qari tol kabi
Yurakning tubida asragan so‘zlar.
Barcha hasratini, jim turib labi,
Eng yaqin do‘stiga so‘zlagan ko‘zlar.

2.
She’r – faqat qush tili, degandi shoir
Quloq tutib quvnoq, sho‘x tovushlarga.
Boshida rutubat qilganda qahr,
U tilin qaytarib berdi qushlarga.

She’r – yulduz kiprigi, degandi Oybek,
O‘zi kiprik edi O‘zbekistonga.
So‘ngga dam boshida so‘narkan osmon,
Shoir ko‘zlarini berdi osmonga.

* * *

Yulduzlarin ko‘kka sochdi g‘ayb,
Oy ham chiqdi sochlari to‘zib,
Go‘yo qilib qo‘ygandayin ayb,
Shol ro‘mol-la yuzini to‘sib.

Sukut aro uxlaydi dala,
Oy sutini ichib go‘dakday –
Qaylardadir, qilgancha nola,
Bo‘zlayotir g‘amdiyda qo‘shnay.

Tiniq tortib boradi osmon,
Ammo sirin ochmas mavjudot.
Poyoni yo‘q adirda bu on
O‘tlab yurar kirtillab bir ot.

Ot yonida cho‘zala tushib,
Ko‘katlarni silaydi qo‘lim.
Yulduzlarning taftida yayrab
Bunday paytda isinar o‘lim.

Huv, pastliqda shag‘illar daryo,
Qirg‘og‘ida qamishlar qalin.
U yashirib turganday go‘yo
Bu dunyoning hasratli qalbin…