Voqif (1952)

Voqif (Mo‘minjon Turg‘unov) 1952 yilda tugilgan. Andijon Paxtachilik institutining Gidromelioratsiya fakultetini tugatgan.  Shoir she’rlari tuman va viloyat matbuotida muntazab chop etib turiladi.

* * *

Qalbi toshim na qilay, qalbim suyib yor etmasang,
Tiyra ko‘nglimni zor etib, umidlarim bor etmasang?

Ishq dardi, hijron azobi, ayriliqdin jonim halak,
Na bo‘lg‘ay hajr nashtarin ko‘nglim uzra xor etmasang?

Qayda qoldi dilxushliging, ishq mayidin sarxushliging,
Yo‘q najotki, menga bergan va’dalardan or etmasang.

Chora topmay, har tomon uchsa qalbim zor qushlari,
Qasdu sayd etma,  alarni birga sayyor etmasang.

Menga endi kom yo‘q visolingdin umid etmoq,
Izhori visol aylab, qayta xaridor etmasang.

Voqifo, yor vaslin izlama, nachora endi kechgil,
Dahr eli ichrakim o‘zni sarkor etmasang.

* * *

Xasta dilman, ul quyoshni kuydirur ohim mening,
G‘amu hasratdin kuymasmen, dilku o‘z panohim mening.

Raqiblar qo‘zg‘atib fitna, solsalar g‘am boshim uzra,
Ulki, Farhoddek bo‘ling deb o‘rgatur mohim mening.

Qalbimdagi tig‘ zahridin ozormen, el bexabar,
Xabar etmoq noshoista deb qo‘ymas imkonim mening.

Pandga hech solmay quloq, umr yo‘lin sarbasar bosdim,
Bilmam, endi qay tomon bo‘lg‘ay to‘g‘ri rohim mening.

Ishq mayi sharbatin totdim piri mug‘onlar qo‘lidan,
Zora bo‘lsa umidim xoslar hamrohim mening.

Yor yodini hech qo‘ymayin dilda takrorlab o‘tdim,
Umidvorman bo‘lsin deya tuprog‘i pok joyim mening.

Dilda qo‘ymay qalb sirlaring ochding endi Voqifo,
Kunlar o‘tib shoyadki, ul so‘z bo‘lsa rizvonim mening.

* * *

Charx avzoida ko‘nglim har dami afgor o‘lur,
Bilmam, bu afgorlikdin tanla jonim bezor o‘lur.

Qayga boqdim do‘st debon, izlab vafokim ondin,
Suvrati do‘stdir va lek, siyrati ozor o‘lur.

Ishq otashi qalbim uyin chok-chok etar hajrdin,
Hajr shomi yor debon, ko‘nglim kuyi zor-zor o‘lur.

Oshiq eliga meros ko‘p kuymoq yor javridin,
Ne qilay, tole bergan qismatim du tor o‘lur?

Ikki qismat – ikki tordin orazimdir devonavor,
Cheksa qalbim paykon tig‘i zahridin xunxor o‘lur.

Ey soqiyo, tutib may sarxush etgil bodadin,
Zoraki, qalbim ochilib, bo‘stonlarim gulzor o‘lur.

Gulzoru bo‘stonlar aro izlab yor vaslin necha kim,
Dog‘i hijron kuyidin Voqif ham bedor o‘lur.

* * *

Hijronidin o‘rtanurman, ul dilrabo kelmas, netay,
Kelib qalbimni chok etgan nashtarin olmas, netay?

Tunu kun ishq hajridin yo‘lga nigorondir ko‘zim,
Hajr o‘tida kuydirib, ul parivash kuymas, netay?

Qalbima solmay quloq, telbalardek suydim o‘zim,
Bu ishimdan tashna qonman, bilmam, u suymas, netay?

Shum raqiblar hiylasiga uchradimu ul yoru zor,
Kim raqibu kim chin oshiq, farqiga yetmas, netay?

Kel, ey dayr, piri telba oshiqni irshod et,
Zora, ko‘nglim taskinidin xumorligimni bas etay.

Telba oshiq sirlaridin bo‘lsang Voqif, ne  ajab,
Ishq dardi oshiq eliga ko‘p sinov bo‘lsa, netay?