Umida Abdusalom (1974)

Umida Abdusalom (G‘afforova) 1974 yil Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

VAQT

Hayot daraxtida mitti yaproqdek,
Shoxlarda tizilib turibmiz qator.
Birga yashamoqlik bitta bahorda,
Nasib etmagaydir hech kimga takror.
G‘animat bu kunlar o‘tib bormoqda,
Sezdingmi, bahoriy nasimlar tindi.
Azizim, qo‘limni cho‘zdim sen tomon,
Umidbaxsh bog‘larda kezamiz endi.
Kel, kulib yashaymiz qolgan kunlarda,
Boqiy anduhlarga bermasdan tutqich.
Biz bilan ketmoqda qadamdosh hayot,
Qo‘lida yaltirar vaqt degan qilich.
Charxlangan qilichu almisoq kunda,
Muhabbat tongida balki tingaydir.
Azizim, vaqt degan beshafqat qilich,
Behisht eshigida balki singaydir.

OSMONDAN RANG OLGAN…

Samoga bo‘y cho‘zgan osmonrang gullar,
Bag‘riga bosh qo‘yib, ko‘zimni yumdim.
Azal hikmatini kuyladi ular,
Boshqa dunyolarni butkul unutdim…

Bo‘y cho‘zib osmonga tikilgan gullar,
Ko‘ksim yorib chiqqan kabi muborak.
Erkalab siladim kokillarini,
Haq so‘zni takrorlab urardi yurak…

Osmoniy ruh sizdi tomirlarimdan,
Yurak e’zozida takroriy duo,
Zangori qanotga aylandi gullar,
Men samo toqida turibman go‘yo.

Osmondan rang olgan moviy sanamlar,
Ko‘zlari tolmaydi ko‘kka intilib.
Havvo onam bosgan bir-bir qadamlar.
Zarrin nurlar kabi qolgan to‘kilib…

Egamning rahmati kabi yog‘ilgan,
Haqni kuylab turgan mitti muhrlar.
Haq so‘zni aytmoqda qaddi bukilmay,
Samoviy, samimiy, moviy mehrlar.

YoMG‘IR

Yomg‘ir! Yuragimni olib mo‘ljalga,
Ayamay yog‘yapsan jiddu jahd bilan.
Darding nima sening, ne demoqchisan,
Ortga qaytmaydigan qat’iy ahd bilan?

Zarb ila urilib toshga, tuproqqa,
Butun vujuding-la erib ketyapsan.
Ayt, kimni qoldirib mangu firoqqa,
Hijron kuylarini chalib ketyapsan.

Kuylaring quyilib kirdi dilimga,
Hatto yig‘layapsan tushlarimda ham.
Eh! Shu on kelmaydi bir so‘z tilimga,
So‘zsiz termulaman hushlarimda ham…

Bilaman, shunchaki yog‘mayapsan sen,
Dunyoda shunchaki bironta dard yo‘q.
Sening ruhing osmon!
Mavjudligingda
Nina uchichalik bironta gard yo‘q.
Yomg‘ir! Men poyingda turibman qara,
Qoshu ko‘zlarimni silab o‘tyapsan.
Men senga boshimni tutib berganda,
Nechun oyog‘imga boshing uryapsan?
Sen ota makonin tark etib nochor,
Taqdir poylariga xoksor cho‘kkan tiz.
Ko‘kning hur, parivash malikasisan,
Muqaddas zaminga uzatilgan qiz!