Tursunboy Adashboyev (1939-2017)

Tursunboy Adashboyev 1939 yil 1 yanvarda O‘sh viloyati, Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUni hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutini bitirgan (1962). Ilk she’rlar to‘plami — «Kamolning olmasi» (1964). «Biz sayohatchilar» (1966), «Olatovlik bo‘laman», «Arslonbob sharsharasi» (1969), «Surnay» (1970), «Nur daryo» (1975), «Guldasta» (1968), «Olatog‘-lolatog‘» (1978), «Oqbo‘ra to‘lqinlari», «Sovg‘a», «Arslonbob afsonasi» (1988), «Sichqonning orzusi», «Uch bo‘taloq va sirli qovoq» (1990), «Orzularim — qo‘sh qanotim» (2003), «Oltin yolli tulpor qissasi» (2003, ertaklar) kabi to‘plamlari nashr etilgan. Uolter De Lamer, K. Chukovskiy, S. Marshak, L. Briyedis kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2017 yil 12 mayda Toshkent shahrida vafot etgan.

TONGDA

Tongda hushtak chalgandim,
Chiqib shuvoq boshiga,
Ma’qul bo‘pti ovulning
Kattasiga, yoshiga.
Bu qilig‘im Xo‘rozning
Tekkan emish g‘ashiga…
Meni ko‘rsa Dakanboy,
Minib jahl otiga,
Ko‘cha-ko‘yni to‘zg‘itib,
Zo‘r berar qanotiga.
Shayton kirdi oraga,
Sizga aytsam dangalin,
Erni uzib olguday
Uning tirnoq-changali.
Chigirtkani egarlab,
Quva ketdim Xo‘rozni.
Adabini beray deb,
Shumtakani, darozni.
Lekin otim yiqilib,
Oyog‘im sinib ketdi.
Chigirtkani jilovlab,
Dakanboy minib ketdi.
…Tomoshaning qizig‘i
So‘qmoqli yo‘lda bo‘pti.
Xo‘roz bilan Chigirtka
Tulkiga o‘lja bo‘pti…

KAPADA

Sanjar bobosi bilan
Qovun poylar kapada.
Ko‘kda yulduz marjoni,
G‘ir-g‘ir esar shabada.
Nabirasi bidillab,
Cholni tutar so‘roqqa.
Yarmi kemtik oy chiqdi
O‘xshab oltin o‘roqqa. –
Bobo, qarang, tunov kuni
Butungina oy edi.
Birov uni sindirib
Qo‘yganmi, deb koyidi…

OLTI XURJUN

Yodimda yo‘q, bahormidi
Yo xuftonmi, nahormidi?
Sheriklarim Mutalmidi,
Balki Abduqahhormidi?
Xullas O‘ng‘or toqqa chiqib,
Kapalakning sutin ichib
Kezib tog‘ning uyog‘idan,
Kungayidan, buyog‘idan
Terskayini – kesganidan,
Chilvirko‘li paydo bo‘lgan,
Toychog‘imning tuyog‘idan.
Oltmish olti ko‘k baqani
Tutib olib qayirmoqda
Biz olti kun sarson bo‘ldik
Terisini ayirmoqqa.
Dovulg‘idan kergi yasab,
Tuyoqparin kerib qo‘ydik.
Har birini tongdan boshlab
Ro‘yan bilan bo‘yab-oshlab,
Olti xurjun tikib berdik,
Cho‘pon tog‘am Xoliqulga.
Shunday gaplar, bo‘sh yurmadik,
Do‘stim, yozgi kanikulda.

OSMON QAYDAN BOShLANADI?

Tokqa boshin qo‘ysa quyosh,
Ufq ortin cho‘g‘ qilarkan.
Burgut uchun osmon asli
Boshlanadi cho‘kqilardan.

Chumolining vaqti ziqroq,
Gapi qisqa, qalbi qaynoq.
Uning uchun ko‘k gardishi
Oltin rangli momaqaymoq.

Mirzacho‘llik dehqon bobo
Gurung boshlar olisdan:
–    O‘tar osmon chegarasi,
Bizning qovun polizdan.

Muruntovlik mergan aytar:
– Kuni-kecha qaytdim ovdan.
O‘zim ko‘rdim, osmon asli,
Boshlanarkan Tangritog‘dan.

TUPROQ

Ajdodlardan meros bo‘lib
Qolgan tuproq.
Bobolarning qon va teri
Tomgan tuproq.
Qizg‘aldoqlar ochilganda
Qilmay kanda,
Qir-adirlar gulxan bo‘lib
Yongan tuproq.
To‘kin-sochin dasturxonni
Solgan tuproq.
Dori-darmon, sinovlardan
Tolgan tuproq.
Qotilni ham, botirni ham
Sukut saqlab,
Ehtiyotlab, o‘z bag‘riga
Olgan tuproq.
Bobolarning qon va teri
Tomgan tuproq.

ChUMChUQLARGA UYaDIR

Ashraf aka ANOR so‘ydi,
Anormisan-anor deysiz.
Har donasi gavhar misol,
Yalt-yult etar FANOR deysiz.
“A” harfini olgan edik,
Yo‘q narsadan “bor” bo‘ldi.
Barchamizga tanish hayvon,
Qo‘sh o‘rkachli NOR bo‘ldi.
Bolakaylar, bilib qo‘ying,
Nor degani TUYadir.
“T” harfini qisqartirsak,
Chumchuqparga UYadir.