Tursun Ali (1952)

Tursun Ali (O‘rmonov) 1952 yil 5 fevralda Farg‘ona viloyatining Quva tumani, Toshyo‘li qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1981). «Yurakdagi so‘zlar» (1983), «Yorug‘ kunlar» (1985), «Iztirob ostonasi» (1992), «Tun tovushi» (1993), «Yolg‘izim» (1995), «Uyg‘oq sukunat» (1999), «Tuyg‘ular rangi» (Saylanma, 2001), «Sokin xayqiriq» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

1.
Men uxlayapman,
Uxlayotgan odamni
Faqat uyg‘otadi shoirlar.

2.
Qish. Qorli so‘qmoq,
Oh, qanday og‘ir
Birovning izidan yurmoq.

3.
Sahar. Men qayta tirshdim.
Iul kursat,
Bor bo‘lsang, ey, tirik odam!

4.
Sensiz kirdir oq kunlarim,
Sensiz qoradir oydin tunlarim.
Sensiz men – men emas yorug‘ dunyoda!

5.
Taqillatar eshikni shamol,
Nimagadir orziqib ketdi
Mening o‘jar yuragim.

* * *

Sen kaydasan,
yaraqlar ko‘zlarim.
Yo‘qsan-ku
ko‘zlarimga urilgan
baxt qushi.

* * *

Sen shodon,
men shodon,
o‘rtamizda yashar
qora rido kiygan
umidsiz sevgi.

* * *

Sen shu qadar go‘zalsan,
ko‘z uzib bo‘lmaydi.
Ham abad, ham azalsan,
yurak aslo to‘lmaydi,
bag‘rimda ko‘kargan SEVGI.

INAGU*

1.
Tunlar o‘lib qolaman men,
hali olib ketmay jasadni
qabristonga boraman o‘zim.

2.
Tun qa’rida chigirtka
uzoq g‘amgin chirillar,
men tinglayman ovozimni yutib.

3.
Dilimda so‘zlar ko‘p,
ayrimlarin
zanjirlab qo‘ygan til.

4.
Uyimdan uzoqdaman,
biroq yashayman uyimda.

5.
Ko‘ksimdan sitilib ketgan turnalar,
qaytdingizmi?
endi mudroq tuyg‘ularim uyg‘onar beshak.
_________________
* Shivirlab aytiladigan she’rlar. Vetnam.

* * *

Ayoz…
Yomg‘ir…
Kezinar kuchuk yetaklagan ayol.
Ayol beparvo…
Mening botinimga esa beto‘xtov
yog‘ayotir qip-qizil yomg‘ir.

* * *

1.
Uchib ketdi ko‘ldan o‘rdaklar,
qamishzor shitirlar g‘amgin –
nahot men ovchi bo‘lsam.

2.
Keksa chol arava tortib
tun og‘ushiga kiradi horg‘in,
aravada ne bor, bilmadim buni.

3.
Shubhakanib bordim uning oldiga,
u esa kuchukday mo‘ltirab
mendan ketishga izn so‘radi.

4.
Ko‘ksimga yig‘ilib qolgan toshlarni
to‘kdim yerga,
oh, yer esa yumshoq ekan.

5.
Chumoli, yig‘asan, terasan,
er qa’riga olib ketasan,
singlim sen chumoli emassan-ku.

SOYa

Yo‘q, daraxt
Men sengamas,
suyanaman soyamga.

Men sening ortingdan emas,
soyam ortidan
yurmoqdaman dadil, mardona.

Har qalay.
Ey odam, shukr
men senga ergashmayman.

* * *

Umrim ko‘chasida uchratdim seni,
Hey, sohibi tashlab ketgan chinnigul.
Sarg‘aygan yuzlaring kuydirdi meni,
Aql-hushim, borimni yo‘qotdim butkul.

Qarshingdan ketolmay hayallab uzoq,
Quyoshdayin sochdim qaynoq mehrimni.
Tilimiz qutbday yiroqdan-yiroq,
Senga baxsh ayladim ajib sehrimni.

Changli yuzlaringga bosdim qaqroq lab,
Tomirimda jo‘shdi dengiz misol qon.
Muzlagan vujuding yonib, erkalab,
Quchog‘ingga singdim, dilda hayajon.

Falak kabi sohir qalb sohibasi,
Senga men zanjirband erurman mangu.
Ey sen, sohibjamol – sevgi bekasi,
Menga baxsh etursan guliston tuyg‘u.

* * *

Uyingga daryodek toshib kiraman,
Entikib, iymanib qarayman har yon.
O‘g‘ri kirgan misol xonang to‘zg‘igan,
Go‘yo hamma narsa mungli, bezabon.

Kulbangni rutubat nafasi bosgan,
Sopol tuvakdagi gul so‘lgan nochor.
Shipda-chi, o‘rgimchak o‘zini osgan,
Kezinar atrofda kalamush beor.

Yotoqxona zaxchil, havosi buzuq,
Ilonday chirmashgan ko‘rpalar ayqash.
Radio ham gapirmas, ovozi – yuluq,
O‘ksib kuzataman, ko‘nglim tortib g‘ash.

Bolalaring kuzdek yupun, sarg‘aygan,
Bo‘shliqqa termilar – mung to‘la ko‘zlar.
Ota erkalashin tuymagan garchand,
Qismatdan emranib, ovozsiz bo‘zlar.

Qoraygan burchakda qop-qora mushuk,
Yunglari hurpaygan, tamshanar tili.
Tashlandiq yuraging uradi duk-duk,
Ko‘z yoshlar selida yuzadi diling.

Sevgi. Yupataman seni erkalab,
Anvoyi so‘zlarim ruhingga taskin.
Xonangga Oy yog‘du sochar charaqlab,
So‘ng eshik yopaman tovushsiz sekin.

* * *

Zax tortgan xonada o‘ltirdim ruhsiz,
Osmon ko‘z yoshlarin to‘kdi shashqator.
Sen ham so‘z ochmading xatto bir og‘iz,
Garchand atrofingda kezsa-da, bahor,
Men esa dardlashdim qish bilan yolg‘iz.

* * *

Dunyo keng, besarhad, bepoyon osmon,
Menga tor osmonu Yer yuzi,
Ajab.
Vujudda sirqirar nechukdir bu jon,
Illo so‘ramasman kimsadan najot.

* * *

Meni tushunmading, bilmading sen,
Vujudimda gurillar olov.
Endi sovqotgan qo‘llaring isitib ol, gulim.

Men jimgina yoningdan ketdim,
Yuragimda yig‘ladi o‘kinch.
Men seni yo‘qotdim, qaydasan endi.

Sen kecha bormiding, bugun yo‘qsan-ku,
Nahotki, qishdagi daraxtdek karaxtman,
Men o‘zimni tergayman, o‘zim.

Bir so‘z aytding – o‘zing eshitmay,
Mening qulog‘imda guldiradi momoqaldiroq.
Oppoq dunyoimni qopladi chipor bulutlar…

* * *

Kuppa-kunduz o‘zimni adashtirdim men,
Yo‘lim chalkash.
Oldinda hadikli ko‘cha.
Kiprigimga qo‘nmoqda yulduzsiz kecha.
Hayqiraman ovozsiz, kim bor?
Kim bor?..
Chirmashaman
O‘z tovushimga o‘zim.

* * *

Muzday qo‘ng‘iroqni bosaman yonib,
Ostonada yalang‘och xayol.
Sen qaydasan,
Ey, oltin soch ayol?..
Seni izlar sog‘inch to‘la ko‘zlarim.
Paydo bo‘lar qarshimda suvrat,
Engil-boshi chaynalgan uning.
Afsus,
Yolg‘iz emas u,
Yonida dildirar ikki qorako‘z.
Oraga cho‘kadi sukunat,
Ajablanmas ko‘pni ko‘rgan bu Dunyo.

Ichkariga yetaklar Sevgi.

* * *

Gulga qo‘ngan kapalakdek
Nigohimiz to‘qnashdi.
Kulding oy shu’lasidek mayin,
Jaranggi yurak chinnisiga urildi bo‘ronday,
Men sukunat ummonida
Qulochni keng otolmay,
To‘lqinlar qa’rida qalqidim, suzdim uzoq,
Ey, notanish sohibjamol!

* * *

Eski zovurlarda qamishlar shovillar kuyday,
Uvatlarda tutlar quloch yozar erk qo‘shig‘in kuylay.
Zotan,
Momo dalalarning jigarbandi shular.

* * *

Kunduz kuni…
It hurar betin.
Boraverdim
Unga qasdma-qasd.
Qadamlarim tog‘ kabi vazmin
Yo‘l yurishdan tolmadim bir pas.
Tingan selday –
It tindi horg‘in.
Men yurakdek
Tinmadim bexos.
Manzil oydek
Ko‘rinar yorqin.