Toshpo‘lat Ahmad (1942-2019)

Toshpo‘lat Ahmad 1942 yil 13 dekabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan (1964). Turli yillarda Samarqand viloyat gazetasi adabiy xodimi, “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasi adabiy xodimi, tarjimoni, bo‘lim mudiri, Bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” (1990), “Mehnat shuhrati” (1998), “El-yurt hurmati” (2007) ordenlari sohibi.

 IShQNI ASRA

Kimning elda hurmati bor,
Yo‘llarida yog‘maydi qor,
Unga mangu hamroh bahor,
Bundaylarga darvozang och,
Qadamiga dil mehring soch.

Subutsizda or bo‘lmaydi,
G‘anim aslo yor bo‘lmaydi,
Mard hech qachon xor bo‘lmaydi,
Bersang noning mardga bergin,
Hatto joning mardga bergin.

Ishq sof ersa tumor o‘sha,
Qalbda naqshu nigor o‘sha,
Minor o‘sha, chinor o‘sha,
Ishqni asra, hech cho‘kmaysan,
Ko‘zlaringdan yosh to‘kmaysan.

Oshkor etma darding bo‘lsa,
Yashnat yupun guli so‘lsa,
Yurt yig‘lamas xoin o‘lsa,
Dardi borga darmon bo‘lgin,
Sotqinlardan hazar qilgin.

Elim desang, el gul tutar,
Uzoq ketsang, yo‘ling kutar,
Gar gadosan podshoh etar,
Unay desang elim deb un,
So‘nay desang, elim deb so‘n…

YuRAK BILAN MULOQOT

Bugun uyda ikkimiz qoldik,
Boqsam, biroz horibsan chog‘i.
Ko‘rinasan bir oqsoqoldek,
Ko‘zlaringda yillarning dog‘i…

Beshikdan to shu kunga qadar
Hamroh bo‘lib kelding, ming rahmat.
Sen borsanki, kecham munavvar,
Tuyuladi tashvish ham rohat.

Dunyolarning ko‘rdim qanchasin,
Samolarda uchdim oqqushday.
O‘tib ketdi barcha-barchasi,
Eslagayman ularni tushday.

Anglaganim shulki, yurakjon,
Bag‘rikenglik bir jahon ekan.
Tirik yursa gar ota-onang,
Boshing uzra soyabon ekan.

Halollikka aslo yetmaskan,
Ochunning na zari, boyligi.
Yaxshilik hech o‘chib ketmaskan
Va birovning hotamtoyligi…

To‘lib-toshib tursa ro‘zg‘oring,
Bisyor bo‘lsa farzand, nevarang.
So‘roqlasa do‘st-jo‘ralaring,
Omon bo‘lsa yoring-mahraming.

Shu ekandir omading, baxting,
Shu ekandir beqiyos savlat.
Shu ekandir oltin, zar taxting,
Shu ekandir tuganmas davlat.

Bugun uyda tanho emasmiz,
Ey, yurakjon, beiz ketmasmiz…

MEHR DARAXTIM

Men nihol o‘tkazdim entikib, titrab,
Qo‘qonda – «Shoirlar xiyoboni»da.
Nazdimda, buyuklar turardi qarab,
Ketmon chopib turgan men — mehmoniga.

Ilg‘adim, bu bog‘da yurgaydir uchib,
Ustozlar shod ruhi misli kaptardek.
Ular ko‘zi, pokni yurgaydir quchib…
Ey, yurak, sahfang och toza daftardek.

So‘ngra yoz shundoq deb har varog‘iga,
Ki halol so‘zu soz aslo o‘lmagay.
Ekkan niholim ham bir yaprog‘iga
Dard tegmas, yashnagay — aslo so‘lmagay.

Men uni o‘tqazdim qo‘shib qalb qo‘rim,
Mehr daraxtimu, sog‘inch daraxtim.
U o‘sib, har kuni Ahmadiyman deb,
Ustozlarga salom bersa — shu baxtim!

MUNOJOT

Ulfati chor bo‘lib suhbat
Qurarkansan qilib rohat.
Samo bag‘rin tirnab shu on
Yulduzning uchgani yomon.

Qo‘ling oshga yetar chog‘da,
Taqdir gullar tutar chog‘da.
Jismu joning o‘rtab fig‘on,
Omadning qochgani yomon.

Daryo kechsang suzib-suzib,
To‘lqinlarning avjin buzib,
Sohilga yetganing zamon
Girdobning quchgani yomon.

Begonani do‘st fahmlab,
Dardi diling qo‘ysang gullab.
U boshing xam bo‘lsin debon,
Siringni sochgani yomon.

Nomardga duch kelishdan qoch,
Unga hamdard bo‘lishdan qoch.
U zo‘r kelsa sotib iymon,
Qasamlar ichgani yomon.

Ey, Ahmadiy bog‘bonlik qil,
El-yurtingga posbonlik qil.
Yo‘qsa yuraging g‘am chekib,
Bemahal sanchgani yomon…

MARVARID TOMChILAR

Bir kaft tuproq olsam, nami bor ekan,
Demakki, ko‘nglimning g‘ami bor ekan.
Voajab, sho‘rmi deb unga lab bossam,
Onam yopgan nonning ta’mi bor ekan.

* * *

Zaminning, osmonning ko‘zi bor,
Imonning, vijdonning ko‘zi bor.
Hayotda mard bo‘lib yashay olmasang,
Elingni nomard, deb aytar so‘zi bor.

* * *
Elim, sen, intizor farzandidursan,
Ming yillik e’tiqod dilbandidursan.
Har kimga buyursin fidolik farzi:
Boymisan, qashshoqmi – arzandadursan.

* * *
Bir kaft tuproq olsam, nami bor ekan,
Demakki, ko‘nglimning g‘ami bor ekan.
Voajab, sho‘rmi deb, unga lab bossam,
Onam yopgan nonning ta’mi bor ekan.

* * *
Sunbula suvida xayolni poklang,
Shaffof nazar bilan hilolni poklang.
Agarchi, dunyoning ozori bisyor,
Uni ko‘p o‘ylamang iqbolni poklang.

* * *
Zaminning, osmonning ko‘zi bor,
Imonning, vijdonning ko‘zi bor.
Hayotda mard bo‘lib yashay olmasang,
Elingning nomard, deb, aytar so‘zi bor.

* * *
Hey, mashaqqat, umring bunchalar uzun,
Asr oshgan cholday yashaysan uzoq?
Hey, orom, ne sabab qisqadir yoshing,
Yangraysan bir lahza… misli qo‘ng‘iroq?

* * *
Begona yurt, aslo, yurting bo‘lolmas,
Garchi, seni quchib, ochsa-da quloch.
Axir, kim ko‘ribdi, kim eshitibdi,
Tayanch bo‘lolganin nuragan og‘och?

* * *
Mendan ko‘p uzoqlashma, do‘sti g‘aribim,
Nafasimdek aziz bo‘l, toki tik yuray.
Bilsang, olisdagini tez unutgaylar,
Kel, ko‘zim bo‘l, olamni sen bo‘lib ko‘ray.

* * *
Tabassum qil, tabassum, ey do‘st,
Chin tabassum qulflarni ochgay.
Tabassumsiz kimsaning hatto,
Do‘konidan diyonat qochgay…

* * *
Nodonlar davrasiga tushsang, mabodo,
Boshingdan to‘ksalar-da etak-etak zar.
Tilingga bermagin erk, nafasingni tiy,
Chin sukut – ajib chechak, bebaho gavhar.

* * *
Mehrning ko‘ngliga daricha ochsang,
Oqibat o‘rgilib, senga tutar gul.
Quyunlar qo‘zg‘atib, gar uni yopsang,
Oqibat buralib, senga separ kul.

* * *
Suv bo‘yida o‘sgan majnuntolman,
Oshiqlar tilida kuyman – iqbolman.
Hech kim quritolmas sha’nim-shukuhim,
Chunki, men vaznsiz, shirin xayolman.

* * *
Ko‘nglingda gar bo‘lsa nuri hidoyat,
Xartangga1 simobday kelgin tozarib.
Bunda gul, maysalar o‘qiydi oyat,
Ularni simirsang, qaytgung yasharib.

* * *
Buxoro!
Sen umrim yashil chechagi,
Qonimni jon etgan suvratu siyrat.
Shuurim, g‘ururim – qalbim tirgagi,
Ko‘zlarimda yongan chashmai hayrat.

* * *
Do‘stni do‘st sotganda, vijdon yig‘laydi,
Do‘stni do‘st otganda, iymon yig‘laydi.
El-yurtin kim sotsa, qabrdan turib,
Fitratu Qodiriy, Cho‘lpon yig‘laydi.

* * *
Kapalakning ko‘zida gullar gullaydi,
Qulunlar tik oyoqda tunlar uxlaydi.
Bu dunyoda nima ko‘p? Sir-sinoat ko‘p,
Chaqaloq belanmasa, beshik yig‘laydi.

* * *
Gulob ichmoq esang, Yassaviyni o‘qi,
G‘amdan qochmoq esang, Yassaviyni o‘qi.
Joningga jon qadar oqin, turkona –
So‘zni quchmoq esang, Yassaviyni o‘qi.

* * *
Hayotning past-baland o‘ngu so‘li bor,
Taqdirning taqdirga ulash yo‘li bor.
Kimki toj aylasa mehrni boshga,
Uni qo‘llaguvchi olloh qo‘li bor.

* * *
Iymon tog‘ini ey, sen, buza olmaysan,
Loqayddirsan, mavjlarda suza olmaysan.
Urinib-chiranganing bari befoyda,
Suvning sathiga surat chiza olmaysan.

* * *
Chekinma bo‘rondan, hovri so‘ngaydir,
Bog‘larga boz billur shabnam qo‘ngaydir.
Ayo, do‘st, toqat qil, sabrga suyan,
Bardoshli daraxtda oltin ungaydir.

* * *
Yurakni to‘smangiz e’tiqod haqi,
Tilakni to‘smangiz sadoqat haqi.
Yurakda, tilakda ishq-vulqon, axir,
Toshni ham teshgaydir muhabbat o‘qi.

* * *
Kiyikning ortidan chopgan kimsaga
Pisandmas tog‘larning xarsanggi, toshi.
Yugursang iqbolning ortidan, o‘g‘lon,
Bir kun yuz ochgaydir baxtning quyoshi.