Sulaymon Shodiyev (1951)

Culaymon Shodiyev 1951 yilda tug‘ilgan. Buxoro davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini bitirgan. Shoirning “Yangi oy chiqqan kecha”, “Qanotsiz qush”, “Ishq fasli”, “Orzu bekati”, “Xayol”, “Ey, muhabbat”, “Sen uchun yashayman” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

Har ko‘yi chaman mushku muanbar Vatanimsan,
Tong sabzasiday toza muattar Vatanimsan!

Bog‘lanmish aziz noming ila rishtayi jonim,
Men olam aro faxr ila aytar Vatanimsan!

Jannatni qiyos aylasa senga na go‘zaldir,
Ul jannat ichinda obi kavsar Vatanimsan!

Mashriq elida husnu kamolingga taraf yo‘q,
Sen orazi oftob ila sarvar Vatanimsan!

Farhod kabi quvvatga to‘lib yuksaladirsan,
Bu shahdu shitob birla muzaffar Vatanimsan!

Ming yilki, jahon mulkida taxtingga munosib,
Ham ushbu zamon baxtga muyassar Vatanimsan!

Mavj ursa agar bahri dilim deydi Sulaymon,
Olam bezagi – dur ila gavhar Vatanimsan!

* * *

Gul-gul ochilgaysan mudom, ey, sarvinoz, gul faslida,
Kiysang yana kimxobu atlasdan libos gul faslida.

Hech bir chamanda bo‘lmagay ikki yonog‘ing lolasi,
Jumla-jahonning ziynati husningga xos gul faslida.

Kipriklaringdan nayzalar otmakka shaydir qoshlaring,
Porlar yana jodularingda ehtiros gul faslida.

Poshnangni o‘pgan sochlaring inja “alif”day bir tutam,
Ko‘rking bo‘libdur ham bo‘yu bastingga mos gul faslida.

Jonlar sadog‘a sollanib yursang, parivash, bog‘ aro,
Ey, mahliqo, senga yarashgay ishva-noz gul faslida.

Yil – to‘rt fasl ko‘rmoq seni qanday ajoyib hol, vale,
Ayni bahor senla ko‘rishmoq buncha soz gul faslida.

Kel, birga sayr aylab, visol gashtin suraylik ikkimiz,
Oshiq dilimga bir nafas bo‘l dilnavoz gul faslida.

Ko‘ksimda ishqim mavj urib toshmoqdadir daryo kabi,
Kel, sarvinozim, aytayin, men senga roz gul faslida.

* * *

Yorimning zulfini silaysan, shamol,
Sen hali rashkimni bilmaysan, shamol.

Men uni qizg‘ansam hatto sabodan,
Nega erkalashdan tinmaysan, shamol?

Sochlarini tarab chiqqandi hozir,
Ket, desam, yonidan jilmaysan, shamol.

Buncha o‘chakishding, buncha yopishding,
Bag‘rimni timdalab, tirnaysan, shamol.

Yorku ohlarimga qilmaydi parvo,
Sen qachon zorimni tinglaysan, shamol?

Ko‘yida yonganman, ado bo‘lganman,
Mudom toqatimni sinaysan, shamol.

Ishqing tushgan bo‘lsa, qo‘y bu savdoni,
Men kabi bir umr yig‘laysan, shamol.

* * *

Zangor nigohlaringiz osmonlarga o‘xshaydi,
Qator kipriklaringiz posbonlarga o‘xshaydi.

Boqay desam sig‘maydi haddim jamolingizga,
Jamolingiz bir mohi tobonlarga o‘xshaydi.

Baxmal kokillar atri iforidan maxmurman,
Xushbo‘ylari muanbar rayhonlarga o‘xshaydi.

Bir durri bebaho deb, sizga baho berurlar,
Bu ta’riflar, bahrlar arzonlarga o‘xshaydi.

Sizni ko‘rsam banogoh titraydi jismu jonim,
Titroq emas bu jonim, larzonlarga o‘xshaydi.

Balki, muhabbatdir bu, nahot, oshiq bo‘libman,
Endi mening ahvolim yomonlarga o‘xshaydi?

Deysizki: Ey, sabr qil, visolimga yetursan,
Ko‘nglim aytur, va’dangiz yolg‘onlarga o‘xshaydi!

* * *

Yoding ko‘ngil chirog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham,
Visoling dil so‘rog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

Agarchi, vaslu diydoring nasibam bo‘lmagay endi,
Yo‘lingga to‘rt qarog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

O‘zing ketsang, qolar ishqing mening birla bu ko‘ngilda,
Umrlik dardu dog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

O‘zim bitta, so‘zim bitta, sadoqat, ahdu paymonim –
Shiorimdir, mayog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

Ko‘zim yoshi oqib turgan hajrning dasht-biyoboni
Chechak, rayhonli bog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

Sening birla xayol surgan, quvongan, yayragan damlar
Ajoyib baxtli chog‘imdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

Tilimdan tushmagay isming, dilimda suvrating tanho,
Hamisha yodga olgumdir, meni, ey, yor, unutsang ham.

* * *

Olamga shod boqsang agar: har yon chaman, har yon go‘zal,
Balki suluvmas loladek, ko‘hlikkina rayhon go‘zal.

Har dilda yuz yaproq yozar orzu-havas og‘ochlari,
Garchi, ushalmas barchasi: orzu go‘zal, armon go‘zal.

Qilma shikoyat, suyganing javri qaddingni etsa dol,
Ohlar chekib shomu sahar chekkanlaring afg‘on go‘zal.

Do‘stu habiblar ta’nasi payhon etar ko‘ksing, vale,
Qilsang vafolar va’daga, ul ahd ila paymon go‘zal.

Suvratda rahmon, siyrati shayton kishidan qo‘rq, rafiq,
Rahmon kishilar har makonda, har nafas, har on go‘zal,

Boshdan oyoq hayrat erur bu ko‘hna olam gulshani,
Andin gahi kim shodu, kim giryonu ham hayron go‘zal.