Shukurjon Jabborova (1959)

Shukurjon Jabborova 1959 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Uning “Dil izhori”, “Farishtam”, “Meni kechir, dilkashim”, “Mahallam – mening faxrim”, “Ko‘ngildagi dunyo” singari kitoblari nashr etilgan.

* * *

Kabutar! Bir dona paring tashlab o‘t,
Tinchlikni asrasin, toki, odamlar.
Qanoting ostida nurli kumush xat,
Do‘stlikka yo‘g‘rilsin durkun qadamlar.

Kabutar! Oq ko‘ngil, ey, sodda qushcham,
Tinchlik ramzi o‘zing, har so‘zda hissang.
Pahlavon eldoshning yelkasida ham
Ko‘rinar oq rangli muazzam jussang.

Parvozing chinakam, osmon seniki,
Er esa men uchun muqaddas mudom.
Musaffo osmon u, yerda bilginki,
Tinchlikni birdayin aylasin bardam.

Qaydadir dahshatga tushadi odam,
Ko‘rgilik ko‘rinmas uning kaptari.
Sen kabi qanoti qog‘ozlari kam,
Tinchlik so‘zin bilmas ko‘ngil daftari.

Ona-bola so‘zi uchadi dildan,               .
Kabutar, parvozing tinchlikdan sado.
Tashlab ket, paringni samoviy yo‘ldan
Tinchlik, saodatni qutlasin dunyo!

* * *

Yuragim rangini to‘kaman,
Qaddimning qadida shu’lalar.
Ishq bizni o‘g‘irlar bilaman,
Biz baxtli tug‘ilgan bolalar.

Yuragim rangini to‘kaman,
Kamalak ham undan tug‘ilar.
Ranglarning siyratin chizaman,
Jonimga sig‘magach tuyg‘ular.

Yuragim rangini ochaman,
Shodligim kasridan o‘y ko‘char.
Borimni dunyoga sochaman,
Boshimda saodat rang chizar.

Yuragim rangini suratkash
Nola deb ataydi, bilaman.
Muhabbat bizdan-da hayotkash,
Bizdan-da rangindir ishq hamon.

* * *

Sokindir, bu oqshom tabiat,
Uyqusiz kezaman shaharda.
Bo‘yidan olganday taft-quvvat,
Nozgulni silayman gulzorda.

Yorqin shu’lalarday uyg‘oq dil
Intizor dunyoga fol ochar.
Daraxtlar chizadi uzun yo‘l,
Yomg‘irning kuyiga kuy qo‘shar.

Archalar ko‘rk bergan shaharda
Kezaman yolg‘iz va piyoda.
Tun bo‘yi sep yozgan bahorda
Gul hidin to‘zg‘itar shabboda.

Men kabi daydigan kim bo‘lar,
Oy izg‘ir izimda nurlanib?
Ohular topmagan tuyg‘ular
Qaygadir, shoshilar sirlanib?

Tog‘ oshib, oshig‘in topmagan
Quyoshgul mo‘ltirar saharda.
Oy ketdi, xonamga kirmagan
Bahorni uyg‘otib daftarda.

* * *

Xayolimni shamolga berdim,
Olib qochdi dala, qirlarga.
Tog‘ ungurda lolalar terdim,
Ummon bo‘ldim tomchi sirlarda.

Xayolimni visolga berdim,
Elkasiga bosh qo‘ydim ishqning.
Yuragimdan armonlar terdim,
Ko‘ngil yurtin topdim oshiqning.

Xayolimni chamanga berdim,
Rayhon hidi oldi ko‘nglimni.
Ko‘ksimdagi ayvonda ko‘rdim
Sog‘inchlarda qolgan dilimni.

Xayolimni yomg‘irga berdim,
Tomchilarday to‘yib yig‘ladim.
Quvonchni-da, qayg‘uni terdim,
Saroblarga umid bog‘ladim.

Xayol kezdi: osmonda, yerda,
Balki mehr istadi ko‘ngil.
Fasllarning shohi bahorda
Tug‘ilgan ishq, maysada qol, dil!