Robiddin Ishoqov (1927-1989)

Robiddin Ishoqov 1927 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat pedagogika institutini tamomlagan. “Qo‘shiq yo‘ldosh yurgan yo‘limda”, “Oyga remont tusharmish”, “Hayqiriq”, “Yuz g‘azal”, “Quvnoq lahzalar”, “O‘ng‘or nafasi” kabi qator kitoblari chop etilgan.
1989 yilda vafot etgan.

KENGLIKLAR

Kengliklarga parvoz qil qalbim,
Kengliklarda keng dunyo yotar.
Kengliklarga parvoz qil qalbim,
Kengliklarda oppoq tong otar.

Olatovning cho‘qqisidan to
Orolqum cho‘lida kezar xayolim.
Shu kichik qalbimga, jo bo‘lur dunyo,
Titragan dunyoning posboni elim.

AYTILMAGAN SO‘Z

Charos ko‘zdan sochilar yog‘du,
Charos ko‘zdan sochilar inju.
Oshiq maktub, yuzida tomchi
To‘lg‘onadi, to‘lg‘oqda tuyg‘u.

Oqshomda oy uqalab ko‘zin
Bo‘sa olar zilol yaproqdan.
Suv yuzida chayqalib to‘lqin
Mehr izlar yoniq dudoqdan.

Oqaradi oqshom ro‘moli,
Sog‘inch ko‘zda namli kipriklar.
Aytilmagan so‘zdir tomchisi,
Ko‘z g‘uborin yuvmoqda ular.

ShAMOL

Shamol, mening hazilkashim,
Sochlarimni etar paxmoq.
Ba’zan turtsa ko‘kragimdan,
Ko‘zlarimda chaqnar chaqmoq.

Surib borar qumloqlarga,
Qamishzorda bellashamiz.
Men kesganda bir qamishni –
Ikki uchin talashamiz.

UChARLAR

Uchar bor –
Uchmoq istaydi,
Oyoqlari tegmagay yerga.
Elga uchib ketsa,
kim ham istaydi,
Izlamang, bevazn yel bilan birga.

KO‘NGIL

Ko‘ngil shisha deydilar, ba’zan,
Og‘ir so‘zdan sinadi chil-chil.
Do‘stga ozor bermoq, hammadan
Og‘ir ekan, do‘stim, o‘ylagil.

Bir so‘z qadri oltindan ziyod,
Bir so‘z bilan ko‘tarilar dil.
Yurakdagi issiq so‘zingni
Mehr kutgan do‘stga ulashgil.

UMRIM

Umrim –
tog‘ chashmasin sachratqisidir,
Singib borar maysaga, toshga.
Qum oralab, o‘pib zaminni –
Oshiq bo‘lgan oy –
qalamqoshga.

Gullatmasa toshni, qumloqni,
Sayratmasa qushlarni tongda.
Bunday umr –
bir o‘tkinchidir,
ajdodlar xoki bor,
avlodlar haqqi bor Vatanda!

QISh ESKIZI

Oq ro‘mol ichida suluv keng dala,
Oppoq dasturxonda daraxt – bir vaza.
Nozik novdalardan chumchuq bir yo‘la
“Gurr-r” etib ufqqa uchgaydir toza.

Novdalar silkindi, to‘kildi oq par,
Erga to‘zg‘ib ketdi bir to‘p kapalak.
Majnuntol kokilin yerga tashlar zil,
Go‘yo tol boshida g‘oz to‘plangandek.

Suv yuzi novvotday yaltirar, ajib,
Quyosh nuri tegib sinadi chil-chil.
Koinot gardishi tolmas un elab,
Olam oppoq, oppoq, oppoq dil!

MANZARA

Havo yana bo‘zraydi qirda,
G‘arb ufqida quyuq bir tuman.
Maysa quloq chiqardi yerdan,
Tuproq hidi yoqimli chunon.

Yomg‘ir quydi, tog‘ to‘shi yashnab,
Ko‘m-ko‘k gilam ochdi gullarin.
Sabo esib, qir, adir osha
Dimoqlarga sochar bo‘ylarin.

Asalari bol ishqida tez
Uchib qolar adirga, qirga.
Bahor kelib, bol sepdimi yo,
Bag‘ri bahor shu ona yerga?!

SUV

Suv –
oyna, boqardik ikkimiz yonib,
Suvratimiz uchrashib suvda.
Xarsangni g‘arq etsa,
shaffof to‘lqinlar,
titrab ketar edik qo‘rquvda.

Lahzalar, suv kabi tiniq, musaffo,
Bizning xotiradan o‘chmas umrbod.
Chaqaloq yig‘lasa, cho‘chiymiz, goho
Kulsa, shalolani eslaymiz bot-bot.

DUNYo

Soat millarida ko‘z ochar dunyo,
Har nafasda –
yo‘l bosar asr.
Gaz quvur yotqizib, tiklaymiz bino,
Dunyo –
xuddi ochilmas qasr.

Biz bilan ishlaydi dunyo,
voajab,
O‘tib ketdi umr deya shoshamiz.
Ne-ne quruvchini o‘tkazib dunyo,
Yana ufq yanog‘in etadi qirmiz.