Razzoq Abdurashid (1936)

Razzoq Abdurashid 1936 yilda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakulteti jurnalistika bo‘limini tugatgan. Shoirning “Yo‘l boshida”, “Kaftimda olam”, “Sukunat”, “Musaffo osmon”, “Yulduzlar xayoli”, “Ehtiros”, “Yorug‘lik” singari to‘plamlari nashr etilgan.

TONG SURURI

Borliq yana zebolashdi,
Ajab, qara, boynagidan.
Unga qarab zavqlanaman
Muhabbat ko‘zoynagidan.

Ko‘ngil o‘sar har daqiqa,
Ham ko‘zimda ortadi nur.
Unga singib ketgim kelar,
Misli ziyo, misli surur.

Borliq ko‘rkam, hayot shirin
Tuyuladi, ayting, nega?
Boshing osmon, osmoning tinch,
O‘z erkingga bo‘lsang ega.

Yangi tongning zavq, sururi
Singib borar tanu jonga.
Men shunaqa qarshilayman
Tongni har kun hayajonda.

Ko‘k choy emas, nur ichaman,
Falakning ol choynagidan.
Tonggi palla ko‘kka boqib
Muhabbat ko‘zoynagidan.

MEN ISTAGAN YuLDUZ

Yoz kechasi bir tiniq, yoz kechasi bir yorug‘,
Osmon to‘la yulduzu men istagan yulduz yo‘q.

Deyman, o‘zi bormidi yo orzu, farazmidi,
Ko‘kdan uni izlashim, kimdandir arazmidi?

Bilmadim, hozircha lek, ko‘rganim yo‘q nishonin,
Izlaganim-izlagan bir ko‘rishga ishonib.

Ko‘kka qarab yotib goh, o‘ylanaman, hech o‘zi,
Bormi deya, mening ham toleimning yulduzi?

Bor deganday, dilimda ishonch ila ovoz bir,
Ul yaratgan seni ham beyulduz qo‘ymagandir.

Qaysi biri ekan u, qayda ekan u, biroq,
Xayolimdan ketmas hech: shunday o‘y, shunday so‘roq.

Ko‘kda esa yulduzlar jivir-jivir qilgandek,
Bir-birila sirlashib, shivir-shivir qilgandek.

Gohi uchib qolarlar bir-birini quvlashib,
Davra tuzib o‘ynarlar qizchalardek quvnashib.

Avjlanadi shu tarzda yulduzlarning o‘yini,
Ko‘zni qamashtiradi, ajib, yog‘du quyuni.

Men kuzatib yotaman, aqlim shoshib qoladi,
Yozda osmon g‘aroyib, g‘uboringni oladi.

Bo‘lsa agar ming darding, zumda uni aritar,
Ham ko‘nglingni ilohiy ziyo bilan yoritar.

Undan in’om, aslida, baxtu tole nishoni,
Yulduzim borligiga yurishim ham ishonib…

Yozda shudir odatim, ko‘kka boqib tolaman,
Zavq, sururdan mast bo‘lib, sekin uxlab qolaman.

Yoz kechasi bir tiniq, yoz kechasi bir yorug‘,
Unda g‘ij-g‘ij yulduzu men izlagan yulduz yo‘q.

ShAFTOLI

Hovlimizning chetida xoli
O‘sgan edi bir tup shaftoli.

Bu yil kirib hosilga, qarang,
Ko‘taradi shoxlarin arang.

Tabiatning har haziliga
Engili ham hatto ziliga

Ming xil dardga berib keldi tob,
O‘saverdi yil sari shitob.

Har mevasi misli piyola,
Barg ostidan boqar qiyoslab.

Etilibdi serjilo, xol-xol,
Shaftolimas, voh-voh, misli bol.

Birin yesam, qarang, netdi-ya,
Naq, og‘zimda erib ketdi-ya.

Mevalarning beg‘ubori shu,
Ming bir dardga shifodori shu.

Qaddin bukib turar emish ul,
Qiling deya, mendan tanovul.

Bog‘ingizga eking, yarashar,
Qut-baraka, husn ulashar.

Xizmat qilar beminnat, beg‘am,
Garchi umri qisqa bo‘lsa ham.

Har tong olib pishganidan, rost,
Eymiz, unga ortadi ixlos.

Egan sari yegim keladi,
Shunda elga degim keladi,

Istasangiz mevalar bolin
Shaftoli yeng, do‘stlar, shaftoli.

DAFTAR HOShIYaSIDAGI ShE’R

Men ko‘nglimning sodiq quliman,
Ko‘nglim esa yurtga fidodir.
Chiqmaganman aslo izidan,
Umrim o‘tar uning izmida,
Men ko‘nglimning sodiq quliman.

Balki, shundan yorug‘ kunlarim,
Dilgirligim shundan, ehtimol.
Barchasidan kechib, ehtimol,
Ketolmasim – dil tugunlarim.

Shundan, balki, haqgo‘yga tirgak
Nohaqlikka qarshi bo‘lishim.
Barchasiga goh silkib etak
Shundan, balki, yolg‘iz yurishim.

To‘g‘ri so‘zni har yerda dadil
Aytishim ham shundan, ehtimol.
Kimga yoqmas yoki kimgadir
Yoqishim ham shundan, ehtimol.

Ko‘rsaturman hurmatu izzat
Dil amri-la tanishu yotga.
Bor ekanman, qilaman xizmat
Ul buyurgan ezgu murodga.

Yorug‘ kelajakning qasriga
Bir g‘isht qo‘ymoq etsa gar nasib,
Shunda do‘stlar, ko‘ngil amriga
O‘tgan umrim bo‘lar munosib.

* * *

Qo‘shiq aytib oqar daryolar,
Qo‘shiq aytar to‘lg‘anib, jo‘shib.
Hansiragan cho‘lu sahrolar
Tushlariga kirgay bu qo‘shiq.

Kuydek yoqar bu tonggi nasim,
Rohatingga ming rohat qo‘shur.
Uning erka ham mayin sasi
Tuyuladi misli bir qo‘shiq.

Goho o‘tsa ko‘kdan turnalar
“Qurr-ey”lari qolar havoda.
Ko‘zim quvnar, qalbim tirnalar
Bir dard tuyib ushbu navoda.

Lolazorga tashlasam nazar,
Lolalarning ko‘ksi to‘la dog‘.
Bu – hasratli qo‘shiq, alhazar,
Bosib kelar meni misli tog‘.

Ko‘katlarga yonboshlab bir dam
Er ko‘ksiga solsam gar quloq,
Mayin navo kelar undan ham,
Qo‘shiq oqar misli bir buloq.

Ko‘ngling bo‘lsa havasli, jo‘shiq,
Ko‘rinarkan rangin dunyolar.
Shundan, balki, har kuni qo‘shiq
Kuylab o‘tsa kerak daryolar.

* * *

Umrim o‘tar oqar suvsimon,
Gohi sokin, dolg‘ali gohi.
Bitta shu yer, bitta shu osmon
Hamishalik erur hamrohim.

Umrim o‘tar oqar suvsimon,
Kiftga ortib savob, gunohim.
Bitta shu yer, bitta shu osmon
Har nafasning erur guvohi.

Umrim o‘tar oqar suvsimon,
Gohi shodmon, goh dilda ohim.
Faqat shu yer, faqat shu osmon
Erur yolg‘iz pushtu panohim.

Umrim o‘tar oqar suvsimon,
Qolar ekan gulu giyohim.
Bitta shu yer, bitta shu osmon
O‘chirmasin izim, ilohim!