Ra’no Uzoqova (1916-1947)

Ra’no Uzoqova 1916 yilda tug‘ilgan. Termiz pedagogika texnikumida tahsil olgan. “Mardona yuring”, “Subhidamda uchgan qaldirg‘och” she’riy to‘plamlari, “Malohat”, “Sarviqad”, “Makr va muhabbat”, “Gulandom”, “Tun sirlari”, “Orzu” kabi dostonlar va balladalar hamda “Mehri”, “Rashk”, “Zafarning hukmi”, “Uchrashuv”, “Qasos”, “O‘g‘irlangan baxt” kabi nas­riy asarlar muallifi. 1947 yilda vafot etgan.

GULLAR

Muhabbat bog‘ining hurlari – gullar,
Qalbim bulog‘ining durlari – gullar.

Gullarning bargiday g‘uborsiz liram,
Gullarday pokiza, ozorsiz liram.

Qalbimning izhori – gullar sevgisi,
Gul erur sevgining yorug‘ ko‘zgusi.

Ko‘zguda ko‘raman sevgimning aksin,
Gullardan to‘qidim muhabbat aslin.

Gullardir sevgining, ishqning guvohi,
Gullardir muhabbat ahlining shohi.

Gar yigit yurakdan sevarkan yorin,
Gul tutib so‘ylaydi ishqining borin.

Shu uchun sevgiga shoh, dedim, gulni,
Muhabbat ko‘kida moh, dedim, gulni.

Shu uchun ishqimni berdim gullarga,
Ishq berur g‘oliblik, mardlik dillarga.

Baxtim gullagandir, sevganim gullar,
So‘lmaydi baxt gulim, o‘tsada yillar,

U borki, baxtimning gullari so‘lmas,
Maylida, kuz kelsin, hech xazon bo‘lmas.

NIGOHING

Gar tushsa ko‘zingga ko‘zim, o‘zimni
Havodek musaffo, yengil sezaman.
Xayolim sendadir, sevdim ko‘zingni,
Soyadek yoningda tun-kun kezaman.

Qalbimga yaqindir, yaqindir jondan
Sendagi beozor, mayin tabassum.
Armonim – ko‘zingdan ayrilib, hijron
Domiga tushmayin, bo‘lmayin mahkum.

Shifobaxsh tabibdek mayin boqishing,
Naqadar hayotbaxsh, bilsang, naqadar.
Ko‘zingdir feruza – osmon guvohing,
Shul sabab ko‘nglimda bo‘lding mo‘tabar.

Gar tushsa ko‘zingga ko‘zim, o‘zimni
Havodek musaffo, yengil sezaman.
Xayolim sendadir, sevdim ko‘zingni,
Yoningda soyadek tun-kun kezaman.

O‘YLARIM

U sirli qarashlar ketmas ko‘zimdan,
Ey, mehri olovdek xumor ko‘z dildor.
Topolmam, bunga men javob o‘zimdan
Ko‘zlarim nigoron seni axtarib.

Kapalak singari sho‘x o‘ylarimni
Tog‘ kabi xayoling bosib tashladi.
Eh, bilsang, band etib mening borimni,
Bir zo‘r kuch o‘zingga torta boshladi.

Labimdan arazlab ketdi tabassum,
Uyg‘oqman o‘zgaga uyqu tuyular.
Chindan ham o‘zingga ayladi maftun,
Urmasam, oh, u dam nafas bo‘g‘ilar.

Avvallar azobdek tuyuldi bu dard,
Lek, sezdim huzur va halovat ekan,
O‘tkinchi xayollar qilolmadi band,
Bu azob o‘zi bir farog‘at ekan.

Men ketdim, o‘ylarim tashlab o‘zingga,
Sen uni og‘ritib siltamasang, bas.
Soyadek yuz qo‘yib kezar izingga,
Toabad yoningda bo‘lib hamnafas.

VATANIM

Senigina ko‘rdim, seni sevdim,
Senigina dedim jonimdan.
Senigina quchib, seni o‘pdim,
Senginasan aziz qonimdan.

Sen bo‘lmasang na kun, na kecha,
Na oy, yulduz, quyosh kerakmas.
Senginasan mening baxtim, tongim,
Sen bo‘lmasang dunyo – tor qafas.

Qani menga bunday gul og‘ushlar,
Qayda bunday olovli bo‘sa?
Ishon,  jonim, hayot yo‘qdir menga,
Dilda otash mehring bo‘lmasa,

Parvonaman senga, mayli, o‘ting
Yondirsin-da, qovursin abad.
So‘nggi nafas, so‘nggi nigohda ham
Sening qadring qolgusi faqat.