Ramz Bobojon (1921-2008)

O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli dramaturg va tarjimon Ramz Bobojon 1921 yil Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. Dastlab Ta’lim va tarbiya bilim yurtida, so‘ngra Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti)ning til va adabiyot fakultetida tahsil oldi. Mehnat fao¬liyatini yoshlar gazetasida boshlagan ijodkor ke¬yinchalik radiokomitetda muharrir, Adabiyot va san’at nashriyotida direktor bo‘lib ishladi, ko‘p yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, “Vatan” jamiyati rahbari lavozimida xizmat qildi.
Ramz Bobojon sermazmun ijod yo‘lini bosib o‘tdi. Shoirning ilk to‘plami 1939 yili nashr etilgan. Qariyb yarim asrlik ijodiy faoliyati davomida Ramz Bobojonning o‘ttizga yaqin she’riy kitoblari, jumladan, “Hadya”, “Oltin kamalak”, “Vodiy bo‘ylab”, “Sevgi sirlari”, “Senga, sevgilim”, “Birinchi parvoz”, “Muhabbatga ta’zim”, “Sening mehring” singari majmualari, “Saylanma asarlari” adabiyot muxlislariga taqdim etildi.
Zamonaviy o‘zbek dostonchiligida Ramz Bobojon qalamiga mansub “Obi hayot” asarining alohida o‘rni bor. Bu dostonda atoqli shoir xalqimizning ¬bunyodkorlik salohiyatini, do‘stlik tuyg‘usini ulug‘lagan. Uning she’r va dostonlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilinib, chop etilgan.
Ramz Bobojon dramaturg sifatida ham faol ijod qildi. Uning “Tog‘a va jiyanlar” komediyasi, “Yusuf va Zulayho” dramasi tomoshabinlarning qizg‘in e’tirofiga sazovor bo‘lib, teatr san’atimiz tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
U jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, jumladan, A.S. Pushkin, M.Yu. Lermontov, N.A. Nek¬rasov, A.A. Tvardovskiy, N. Tixonov singari rus shoirlarining she’r va dostonlarini, G. Ibsen, S. Mixalkov, N. Hazriy dramalarini ona tilimizga mahorat bilan tarjima qildi.
Ramz Bobojon mustaqillik yillarida hozirjavob publitsist sifatida o‘zining badia va maqolalari bilan istiqlolimizni tarannum etishga munosib hissa qo‘shdi.
Ramz Bobojonning o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi katta xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

* * *

Sevgilim!
Yodimda o‘sha tun
Oq-oppoq olmaday oymoma…
Yulduzlar yig‘ilsa bir butun,
Sochilsa shoirga manzuma…

Sevgilim!
Yodimda shalola
Daryoga qo‘shilib oqqani,
Uyqudan turolmay Kamola
Uyalib,
Go‘dakday boqqani…

Sevgilim!
Yodimda oqqushlar
To‘sh urib daryoda suzgani,
Yulduzdan to‘qilgan kumushlar
To‘lqin-la o‘ynashib o‘zgani…

Sevgilim!
Yodimda ilk bora
Sevgini tilimga olganim,
Dardingni dilimga solganim,
Na qilay, O‘zingga havola!

NEGA INDAMAYSAN?

Ko‘zlarim tubida yonar yuragim,
Yongan yuragimni yana yoqsang, yoq!
Sensan saodatim, sensan tilagim,
Sevgilim,
dilbarim, ko‘zlarimga boq,
Ko‘zlarim tubida yonar yuragim…

Nega indamaysan, nega tiling lol?
Kim aytib beradi sevgi ertagin?
Vafo deganing, bu, haqmi yo xayol?..
Ko‘zlarim tubida yonar yuragim,
Nega indamaysan,
nega tiling lol?

* * *

Ko‘kda oy, pastda soy –
ajab manzara,
Daraxtlar uchida yiltirardi nur.
Ba’zan bulut toshar, tiniqlik xira…
Ba’zan gangitardi xayolot qurg‘ur!
Nazdimda oymo‘ma kichrayganday,
Umri ado bo‘lib qolganday, kemtik…
Go‘yo vidolashib, pichirlaganday…
Men esa hayratdan turar edim tek…
Lekin, o‘ylanardim,
o‘yga botardim,
Umrimni qilganday oyga sarhisob.
Holbuki, bu kunni bir vaqt bir kitob –
Ehtimol, o‘sha kun, o‘sha soatning
Qadriga unchalik yetmagandirman.
Balki, bolalikday baxt-saodatni –
Ardoqlab, ko‘z-ko‘z ham etmagandirman…
Endi, ortga boqsam, ilon izi yo‘l,
Baland-past,
chag‘ir tosh, uzoqdan-uzoq…
Ba’zan sog‘inaman silkitganday qo‘l,
Xotiralar yo‘lga yoqadi chiroq.
Keksalik kekkayib turar qoshimda,
Fasllar umrimga, balki, tarozu…
Bir o‘y chaqmoq chaqib, deydi, boshimda: –
Adashma, bu kuning ertangi orzu!

* * *

Xiyobon bag‘riga otilding gulday
Va o‘zing nogahon gul bo‘lib qolding.
Bahor sehrlagan oshiq ko‘ngilday
Entikib-entikib, chuqur tin olding.
Balki, bir quchoqsan, bir bog‘ning o‘zi…
Balki, o‘xshashi yo‘q ilohiy gulsan.
Sendadir, sevgilim, qalbimning ko‘zi,
Men senga, sen esa sevgiga qulsan.