Oygul Asilbek qizi (1983)

Oygul Asilbek qizi 1983 yili Zarkent qishlog’ida tug’ilgan. O‘zbekiston Milliy Universitetini tamomlagan. She’rlari bir necha bayozlarda nashr etilgan .

* * *

Tushimmi o‘ngimmi eslay olmayman ,
Faqat yodimdadir seni ko‘rganim .

Osmonni to‘ldirgan yorug’ nur kabi ,
O‘sha senmi yonimda turgan ,
O‘sha menmi ming jur’at bilan ,
Qo‘llaringdan mahkam ushlagan .

Haqiqat xayolot o‘rtasidagi
Sarhadlar bir muddat buzilib ketdi .
Senu men ikkimiz oramizdagi
Qismat zanjirlari uzilib ketdi .

Qara ,ko‘zlarimga qattiqroq qara ,
Ellarga sovurma oniy lahzani .
Meni yuragingga shunday muxirla ,
Kaftingga chizilgan taqdiring kabi ,

Tushimmi o‘ngimmi eslay olmayman ,
Faqat yodimdadir seni ko‘rganim

* * *

Eshikni ochaman ichkari …
Qarshimda sukunat boqadi.
Umrimga mengzagan qumsoat,
Bildirmay quyiga oqadi.

Kunlarim to‘kilar, tunlarim,
Yillarni to‘ldirib o‘ynaydi.
Afsuski, umrni soatday,
Teskari ag‘darib bo‘lmaydi

* * *

Qo‘ng’iroq chaladi qizg’aldoq bargi ,
Gulkosa labida shabnamning sozi .
Yalpiz yanog’ida yomg’irning gardi ,
Uzoqdan bulbulning kelar ovozi .

Uxlar oftob ufqqa boshini qo‘yib ,
Asta qaddin rostlamoqqa urinar .
Hali butun qishloq uyg’onmay turib,
Uch kunlik kelinchak hovli supirar.

AROSAT

Bir yonimda dunyoning turar hushro‘y surati ,
Bir yonimda namoyon olamning bor kulfati .
Saodatga savobim bir yonda iqror qilar,
Bir yonimda gunohim yomon sharmisor qilar .
Bir tomondan jahannam ,do‘zax sasi keladi ,
Bir tomondan jannatning xushbuy isi keladi .
Bir yelkamda Rahmonning sano aytgan elchisi ,
Bir yelkamda shaytoning menga qo‘ygan soqchisi .
Bir oyog’im rahmatning ko‘chasidan o‘tadi ,
Bir oyog’im la’natning ko‘chasiga tortadi .
Bitta qo‘lim beshikni ushlamoqqa chog’langan ,
Bitta qo‘lim tobutning dastasiga bog’langan .

SIZDA NIMA BOR

Siz hayol surmaysiz yomg’irga qarab ,
Bahor keladimi sizga farqi yo‘q .
Faqat yashayapsiz bir o‘zni ayab ,
Go‘yo bu olamning sizga daxli yo‘q .

Bilmadim ,azizim sizda nima bor ,
Umrida bir bora kuymagan yurak .
Kechiring ,boshqa hech narsa ko‘rmadim ,
Qorong’u, zaxlagan ko‘ngildan bo‘lak .

ShE’RIYaTGA QADAM

Osmon chayqaladi suvning sozida ,
Quyosh parchalanib ketganday go‘yo .
Bu zaminda ayni bahor kezida ,
Tog’larning poyiga qulaydi samo .

* * *

Ikki olam zavqin birday axtarib ,
Vale ishqdan bo‘lak zavqni ko‘rmadim .
Dunyo dardlarini bir joyga yig’ib ,
Sevgidan ortiqroq dardni ko‘rmadim .

* * *

Qatra ishq so‘radim taqdirdan ,
Ko‘piga jur’atim etmasdi .
Qo‘rqaman bugungi baxtimdan ,
Ko‘pikday yorilib ketmasmi .

* * *

Ko‘nglimni ulashdim ,to‘zimni topdim ,
Hikmat g’aznasidan so‘zimni topdim .
Boshimda charx urar taqdiri azal ,
O‘zni qurbon qilib, o‘zimni topdim .