Oydin Temirova (1966)

Oydin Temirova 1966 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Uning “Qalbimga yaqinsan”, “Sog‘inch mamlakati”, “Otamning uyi” she’riy kitoblari nashr etilgan.

* * *
Surat, surat, nega sen tilsiz?
  Mirtemir

Nega gapirmaysan, kulmaysan, surat,
Bag‘rimga nashtarday botar ko‘zlaring?
Mening-ku dilimda dardlarim qat-qat,
Yo‘qmi sening menga aytar so‘zlaring?

Qanday kular eding, sog‘indim, axir,
Bahorday shod eding, olov, cho‘g‘ eding.
U tiyrak qarashlar hozir qaydadir,
Mening taqdirimda, nahot, yo‘q eding?

Gul fasli. Havorang ko‘ylak egningda,
Qip-qizil atirgul tutding qo‘limga.
Oh, gulga aylanib bo‘lgandim shunda,
Shunda bahor edi o‘ngu so‘limda.

Yuragim qatida o‘sha atirgul
O‘zimday sarg‘ayib yashaydi omon.
Sendan shu esdalik qolgan har tugul
Va yana surat ham qolgan bezabon.

Boqsam, yuraklarim jig‘illar hamon,
Shukrkim, qaydadir borsan, omonsan!
Boqsam, yuraklarim o‘rtaydi yomon,
Axir, suratda ham kuydirgijonsan.

Yana seni eslab kuydim, azizim,
Loaqal, suratda ko‘z tushar ko‘zga.
Bilmaysan, o‘zining yerda men uchun
Mo‘jizasi yo‘qdir o‘zingdan o‘zga.

* * *

Qayerdasan, qayda, azizim,
Ketib borar bahorlar, axir?
Bir so‘rog‘im, aytingchi, oxir,
Bizlarni hech bog‘larmi taqdir?

Tongday toza edi tuyg‘ular,
Gulday go‘zal edilar chindan.
Xasismidi shunchalar kunlar,
Diydoringni qizg‘anar mendan.

Yo‘limizni to‘sadi dovon,
Ko‘nglimizni cho‘ktiradi tog‘.
Chorlolmayman yonimga hamon,
Borolmayman sen chorlagan chog‘.

Jur’atsizman – qishloqcha hanuz,
Kelgil, o‘zing qo‘llarimdan tut.
Ko‘zlarida tonglar otgan qiz
Qayg‘ularin qilgil sen unut.

Qayerdasan?
Kutmoqdan bezdim.
Oy ham, kun ham taftsiz va hissiz.
Farg‘onada o‘n sakkizidan
O‘tmay yashar seni kutgan qiz.

Qayerdasan?..

* * *

Oydinbuloq, Oydinbuloq,
Chiroylisan soydin, buloq.
Nilufarlar o‘sib yotgan
Ko‘z yoshlaring qaydin, buloq?

Tunda go‘yo to‘lin oysan,
Oymomalar qo‘ngan joysan,
Sokin-sokin oqish bilan
Mening umrimga o‘xshaysan.

Kutganmiding meni bir kun
Dardlaringni bo‘lishmoq-chun?
Qara, men ham oyman, biroq,
Bag‘rimda dog‘, bag‘rim tutun.

Dillashaylik, Oydinbuloq,
Tillashaylik, Oydinbuloq.
Senga tashna bo‘lib keldim,
Olis-olis joydin buloq.

Oydinbuloq, Oydinbuloq…

* * *

Kumush bargchalarin chayib shamolda
Jiringlatib tilla qo‘ng‘iroqlarin,
Oydin tuyg‘ularni uyg‘otib jonda
Gurkirab gullabdi jiydalar bari.

Masihdek samoda uribdi nafas,
Aylanar parvona bahor yellari.
Atrofidan ketaolmay bir nafas,
Mastonalar bo‘ldim hidlagan sari.

Shoxini sindirsam chekarmi ozor,
Uforiga tashna oshiqman bori.
Sollanib-sollanib chayqalar, qarang,
Bo‘y yetgan bu go‘zal dala gavhari.

* * *

Serhasham  shaharning ko‘chalarida
Gohida cho‘chiboq yurganim –
Nogahon qaysidir burchaklarida
Uchratib qolmasam bo‘lgani.

Chinorlar sendayin purviqor,
O‘! Kuzak o‘zimga o‘xshaydi.
Yuragin maydalab-maydalab
Poyingga guldayin to‘shaydi.

Uchratib qolmasam bo‘lgani,
Bu gal ham sog‘inchdan so‘lmayman.
Men, axir, u ulkan nigohni
Qayerga qo‘yishni bilmayman.

* * *

Bog‘lar boshida oppoq
Farishtalar ro‘moli –
Tabassumlari yumshoq,
Hayoli qiz misoli.

Kapalak bosgan dunyo
Chaqaloqday beg‘ubor.
Boshimizdan yog‘diyo
Uchar yulduz – oppoq qor.

Qish chillasin poyoni
Qo‘shiq kuylayotgan chog‘,
Oppoq qanotin yoyib,
Hayrat bosib yotar tog‘.

Borlig‘ini to‘ldirib:
Har butoq, har puchmoqni,
Qor oppoq dilin berib,
O‘pib yig‘lar tuproqni.