Ortiqjon Jo‘rayev (1944)

Ortiqjon Jo‘rayev 1944 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tavallud topgan. Ko‘pdan buyon badiiy ijod bilan shug‘ullanib keladi. Shoirning “Cho‘l farzandiman”, “Buyuk karvon izidan”, “Yillar tuyg‘usi”, “Yuksak yulduzlar jilosi”, “Nur yo‘li”, “Shu kunlar umidi”, “Chaman ichra chamanga yo‘l”, “Gul bo‘yi”, “Marvaridlar shodasi” singari qator she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

O‘ZBEK MENING MILLATIM

Men bir daraxtdirman,
Mening ildizim,
Shu yurt, shu tuproqning qati-qatida.
U omon – men omon,
Ko‘ramiz to‘zim,
Bu birlik – taqdirning ilk dasxatida,
Men bor – diyorim bor,
Shu yurt bor – men bor,
Uning saodati porloq saodatim.
Bu xislat qalbimda mudom barqaror,
Yurtga mangu sodiq – o‘zbek millatim.

* * *

Qo‘y, bu kuy ta’rifin topmog‘ing mahol,
Derlar: ishq kuyida yongan bir oshiq.
Ko‘z yoshi ko‘l bo‘lib, unga bemajol,
G‘arq bo‘lmish ma’shuqa vasfiga intiq.

Shu ko‘lda yetilgan qamishdan cho‘pon,
Nay yasab labiga tutgandan titroq…
Oshiq qalbidagi bepoyon armon,
Havoga taralmish,
bu – “Cho‘li iroq”.

* * *

– Kezasan kun bo‘yi xazonlar ichra,
Chinorlar tagida turasan har dam.
Sitam qilgan kabi dildagi yara,
Ne uchun tutoqib “uf” tortding, odam.

– O‘tgan kunlarimning dilrabo oni,
Xayoli shu joyga boshladi, netay.
Axir bolaligim, yoshligim qani,
Qaysi manzillarda men uni kutay?

AL-BUXORIY

Deydilar: ulug‘lar mangu barhayot,
Bu bir afsonamas, qadim aqida.
Angladimki, hikmat ekan haqiqat,
O‘ylayverib al-Buxoriy haqida.

Shunchalar bo‘lmasa mo‘tabar, aziz,
Avlodlari unga qurib koshona…
Hurmatlarin yuksak tutarmidi hech,
Poyi qadamiga gul ekib yana.

Shu muhabbat bilan uzoq-yaqindan
Kelib, barhayotlik sehrin anglaydi.
Dili shu’lalanib abad yolqindan,
Ulug‘ zotning qissalarin tinglaydi.