Nazar Shukur (1954-1985)

Nazar Shukur 1954 yilda Chiroqchi tumanidagi Navro‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning geografiya fakultetini tamomlagan (1979). «Ko‘kdagi umr» (1984), «Kishloq yo‘llarida» (1985), «Vaqt xiyobonida» (1992), «Meni kechir, muhabbat» (2004), «Vido» (2005), «Sen qaytmasang…» (Saylanma, 2006) she’riy kitoblari nashr etilgan. 1985 yil 14 mayda Toshkent shahrida avtomobil halokatidan vafot etgan.

* * *

Yurak osmonida azob naysoni,
To‘sadi nurlarni – sevinchlar yo‘lin.
Bo‘g‘ziga tiqilar Harorat joni,
Beg‘ubor Cheksizlik ko‘tarar qo‘lin.

Yurak ham bo‘g‘ilar yetmay nafasi,
Tumanlar ortida ingraydi surur.
Tinadi yuzlarda kulgular sasi,
Iztirob – izg‘irin to‘kadi g‘urur.

Sovuq so‘z!..
Vujudni – yurak olamin,
Qahraton qahriday qo‘ydi sovutib.
…Sevinchlar yo‘lini ochadi sekin,
Muzlagan ko‘ngilni kimdir ovutib.
Nurlardan yorishgay yurak osmoni!..

* * *

Ketayapman. Oy qalqib oqar,
Oy yutganday yorishar bag‘rim.
Chiroqlarning taralgan tilla –
Sochlariga ko‘milar shahrim.

Shahar uzra, qo‘nolmay Kecha,
Uchib yurar, osmonda qushday.
Vujudi tosh, qop-qora ko‘cha
Cho‘ziladi eng uzun tushday.

Quvonchlarim, sal qo‘ying yolg‘iz,
Termulayin yuksakka picha…
Baxt qushiday keng qanot yozib,
Uchib yurar osmonda Kecha.

Daraxtlar ham ko‘rinmas yupun,
Sarg‘aysa-da barglar – kiyimi.
Bugun hayot naqadar shirin,
Keldi ekan hayotning kimi?

TANAZZUL

Sen meni bilmagan bir metin qo‘rg‘on,
G‘ishtim ko‘chib tushgan, o‘tlar – yollarim.
Unut bir maqbarday topolmadim shon,
Qaragin, chilparchin bor sopollarim.

But joyim qolmagan, darzlarim bisyor,
Yo‘qotdim takabbur qiliqlarimni.
Gar bilsang o‘zingni menga chin do‘st, yor,
Sen yerdan terib ol siniqlarimni.

SOMON YO‘LI

Somon yo‘li. Bosilmaydi bu yo‘lning changi,
Uxlamaydi o‘tib ketgan karvonlar zangi.

Kipriklarim nayzasiga ilingan osmon,
Shu tig‘ bilan o‘rtasidan tilingan osmon.

Yulduzlar-ku olov tuyoq tevalar izi,
Ko‘zlarimni ochtirmaydi changlari to‘zib.

Yulduzlarning yon-girdida bo‘shliq huvullar,
Yutmoq bo‘lib bu sahroda bo‘ri uvullar.

Kipriklarim nayzasida ingraydi osmon,
Naq ustimga qulamoqchi cheksizlik shu on.

Somon yo‘li surat yanglig‘ qoqilgan ko‘kka,
Ikki uchi ufqlarga sanchilgan tikka.

ShOIRNI TUShUN

Otilsa ortidan ta’nalar toshi,
Xam bo‘lsa ig‘vodan, g‘iybatdan boshi,
To‘g‘on bo‘l, quyilsa ko‘zidan yoshi,
Birodar, zil ketsa, shoirni tushun!

O‘rgatma sen unga zahmatsiz bir yo‘l,
Doim o‘z yo‘lini o‘zi topar ul,
Unga puldorlarning shafqati bir pul,
Baxti chil-chil ketsa, shoirni tushun!

Sen tinmay yashaysan, bola-chaqam deb,
Bolam deb yashar u el-yurt g‘amin yeb,
Nogahon arisa hayotidan zeb,
Sharobga dil ketsa, shoirni tushun!

O‘tmas u birovning qo‘liga qarab,
El haqin har joyda qiladi talab.
Sochiga erta oq qolsa oralab,
Umridan yil ketsa, shoirni tushun!

Bir kunda necha bor tirilar, o‘lar,
Sevinchdan yig‘lar u, dard ila kular,
Bir umr, bir umr yonaru kuyar –
Bag‘rida kul ketsa, shoirni tushun!

Sevdimi – qaytarma, yo‘lidan qolmas,
Bergan bor pandingta u quloq solmas,
G‘o‘ddaysang, seni ham bir pulga olmas,
Qo‘l siltab yo‘l ketsa, shoirni tushun!

Istasang yo‘liga choh qil, chuqur qil,
Tushirsang, bir nazar sol-da, shukur qil,
Qilmishing oldida o‘yla, fikr qil,
Orzusi tul ketsa, shoirni tushun,
Armoni mo‘l ketsa, shoirni tushun!

* * *

Huvullab yotibdi shundoq oramiz,
Adirlar… bo‘shliqlar… tog‘lar o‘rtada.
Ko‘rinmay yillarga yondosh boramiz,
Yonma-yon boramiz hatto ertaga.

Yon-verda beg‘ubor hayotbaxsh havo,
Biz birga olamiz nafasni to‘yib.
Har kuni tepada shu quyosh, samo,
Yashaymiz lutfida quvonib, kuyib.

Hamrohmiz doimiy dard, ezgularga,
Qaragin, hattoki birdir dilimiz.
Uzoqmiz
Va lekin tunu kunlarga,
Bir lahza, bir vaqtda tushar yo‘limiz.