Nargiza Alixonova (1974)

1974 yilda tug‘ilgan. Andijon Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Andijonim mening”, “Talaba taronasi” to‘plamlarida she’r­lari chiqqan. “Oy bilan suhbat” nomli she’riy to‘plami muallifi.

Osmoniy sharar

Yana taom tagiga oldi,
Ta’nalarga qolgum muqarrar.
Yana she’r o‘z ko‘yiga soldi,
Tinch qo‘y meni, osmoniy sharar.

Yuragimga suqilar yana
Xanjar kabi sovuq bir nigoh.
Bo‘g‘zimga so‘z tiqilib, mana,
Ko‘zlarimdan sizib chiqar, oh.

Tinch qo‘y meni, osmoniy sharar,
Turmushimga botqoqday – botay.
Sensiz kunim o‘tmasa agar
Sahrolarga bosh olib ketay,
Desam Majnun emasman, axir,
Mahkuma bir ayolman, netay?

Tinch qo‘y meni, osmoniy sharar…

Intizorlik

Kelmaysiz, ko‘zimga iztirob
Suratin jo aylab ketgancha.
Xayolda kezinib xushu xob,
Yurakni bezovta etgancha.

Hazinlik tark etmas dilimni,
Ko‘zdan yosh boladay yugurur.
Ismingiz band aylab tilimni,
Qo‘limdan ishimni tushurur.

Qiynaldim, ezildim, charchadim,
Siz yo‘qsiz-ro‘zg‘orim befarah.
Kunduzim beziyo, tunlar jim,
Gumonlar taxlanar tah-batah,

Bechora aqlimga tasanno,
Majnuna ko‘ngilni yupatar.
U ham zor, to‘siqlar bor, ammo,
O‘ksima, baribir, u qaytar.

Qaytdingiz – sog‘inchdan so‘zlagan
Ko‘zingiz olovdir, chaqindir.
Kulbamga yog‘ildi dur – mahzan,
Qalbimda qandillar yoqildi.

Ko‘zyoshimga cho‘milsa dunyo

Yurakni tars yorguday tilsim –
Qarog‘larga qalqigan marjon.
Meni tushunsang-chi, sevgilim,
Afsus, shuncha shirin ekan jon.

Istaganda to‘lib yig‘lolsam,
Ko‘zyoshimga cho‘milsa dunyo.
Xazonlardan daraxt yig‘olsam,
O‘zim unga aylansammi yo?

Mendan ko‘ngling to‘ladimi, ayt,
Sovuq tunni bersam isitib?
Tuzib bersam turkona shoh bayt,
Harflarin dil qonimdan bitib?

Gul yuragim yig‘laydi sim-sim,
Meni tushunsang-chi, sevgilim!

Duolar chiqadi tilimga

Ruhimning ustuni sinib qolmasin,
Ko‘ksimdagi qumrim tinib qolmasin,
Ko‘zlarim zulmatga ko‘nib qolmasin,
Ota, tushlarimda yo‘qlab turing goh!

Bodroqdek sochilar xayolim, sabrim –
Tilimga duolar chiqadi bodroq.
Asrandi boladay mung‘ayar qadrim,
Ota, tushlarimda yo‘qlab turing goh!

Oddiy so‘zlaringiz duolarga teng,
Siz bergan o‘gitlar tillolarga teng,
Borligingiz Makkatillolarga teng
Ekanligin juda kech bildim, e voh,
Ota, tushlarimda yo‘qlab turing goh!

Kuygan yuragimda yagona malham –
Tillarimda duo, ko‘zlarimda nam,
Rahmatiga olsin Yaratgan Egam,
Ota, tushlarimda yo‘qlab turing goh!