Muzaffar Ahmad (1956)

Muzaffar Ahmad 1956 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini (hozirgi TDPU) tamomlagan. Uning bir qator she’riy kitob­lari chop etilgan. “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.

EShIK

Xonamga kiraman hatlab ostona,
Ochilib ketadi orqada eshik.
Yopaman, ochilar yana va yana,
Ushlolmas na qulfu na oshiq-ma’shuq.

Eshik orqasida go‘yo kimdir bor,
Nafasi kelmoqda, hozir kiradi.
Ammo, u negadir bosh suqmas zinhor,
Balki, mendan taklif kutib turadi.

Yurakda bir hadik tinchlik bermaydi,
Etar, ta’qib qilma izimdan, axir.
Kimsan, sen, do‘stmisan, dushmanmi, mayli,
Ijozat beraman, ichkariga kir?

Sog‘indim, ko‘zlarim yoshini to‘kdi,
Begunoh go‘daklik qaytmagay sira.
Yo eshikka kelgan… qalbim entikdi,
Bu senmi, bolalik? Senmi, xotira?

Esimda, falakni yurardim ko‘zlab,
Juda mag‘rur edim, juda shafqatsiz.
Endi-chi? Salomga keldingmi izlab,
Ey sen, ilk muhabbat – yig‘lab qolgan qiz?..

…Qarsillatib yopdim. Chiqdi ko‘p jahlim,
Tavba, eshik tag‘in ochildi shu on.
U hamon hayallar, yurakda vahim,
Do‘stlar, bu kim o‘zi? Bu nechuk mehmon?

Men-ku, bu hayotda bir inson misol
Yashadim goho chin, goh yolg‘on so‘zlab.
Eshik orqasida turar, ehtimol,
Mening yolg‘onimdan zavol ko‘rgan qalb?

Ming foyda yo‘lida sarf aylab kuchim,
Kimga bergan bo‘lsam bir firib, ozor.
Menday badkirdordan o‘ch olmoq uchun
Kelib turganmikan biror qasoskor?

“Bajaraman! Ishon! Xo‘p! Muhayyo!” deb,
Kimga va’da bergan bo‘lsam men agar.
O‘sha va’dalarga qani vafo deb,
Tashrif buyurdimi qay bir da’vogar?

Gar xiyonat qilib imon, vijdonga,
Bo‘lgan bo‘lsam harom-xarishga moyil,
Endi yashash hayf deb, senday insonga,
Uyga kirmoqchimi yoki Azroil?..

Do‘stim, bular bari shunchaki bir gap,
Xayol ekanligi hammaga ayon.
Lekin, ko‘kragimda duk-duk, duk-duklab
Eshik qoqayotir g‘alati mehmon.

Bo‘sag‘a oldida ba’zi bir onlar
Qursharmi seni ham shu o‘y, tafakkur?
Rostdan borib qolsa shunday mehmonlar
Qanday kutib olajaksan, o‘ylab ko‘r?

G‘IJJAK

Devorda osig‘liq turibdi g‘ijjak –
Otamning umrlik yo‘ldoshi.
Devorda osig‘liq turibdi g‘ijjak –
Onamning sevimli sirdoshi.

Qayda ul aziz qo‘l, ul mehribon qo‘l,
Qayda ul sehrgar – javob ber, axir?!
Ming kun o‘tdi, balki, o‘tgandir ming yil,
G‘ijjak chalinmasdan turibdi sag‘ir.

Kamon qillari ham tashlayotir tob,
Kun-kundan to‘liqar kuylashga zor soz.
Qayda, sukut?
Qayda, sukut?
Yo‘q javob!
G‘ijjak o‘z-o‘zidan chiqarar ovoz!

Onam mudrar ekan sovuq to‘shakda
Nogoh, beixtiyor uyg‘onib ketar.
G‘aroyib musiqa! Tun yarim chog‘da
G‘ijjak nola etar, nolalar etar!

“Meni ham o‘zingni qiynama, jonim,
Oh ursam, sendan-da, o‘tajak nolam.
U ketdi, kelmaydi!” Devordan olib,
Sirdoshin quchoqlab yupatar onam.

YIRTILGAN SURAT

Bugun yo‘lda
Yirtiq bir surat ko‘rdim:
Yigitning ko‘zlari…
Qizning ko‘zlari…
Yirtiq surat uzra
Ma’yus, lol turdim.
Shamol bo‘zladi:
Va’da-vafolarni
Poyimga sochib,
So‘kinib, qarg‘anib,
Oh urib, qochib,
Qay tomonga ketdi
Bugun o‘zlari?..
Chinor bosh chayqardi,
Shamol bo‘zlardi,
Ul ko‘zlarni
Xazon ichra gizlardi…

MAHATMA GANDI

Istayman: uyimning derazalari
Doim ochiq tursin, lang ochiq tursin.
Xonamda o‘ynasin quyosh zarlari,
Etmish yurt – iqlimdan shamollar yursin.
Xushbo‘y shabadalar, latif shamollar,
Turfa, toza, erka, afif shamollar…

Istayman: uyimning derazalari
Doim ochiq tursin, lang ochiq tursin.
Dunyo shamollari, shabadalari
Qo‘l ushlashib yursin, eshilib yursin.
Orombaxsh shamollar, sho‘x shabadalar,
Muattarlikda tenggi yo‘q shabadalar…

Uyimni to‘ldirsin bari bemalol,
Ruhim yuksaltirsin bag‘riga olib…
…Yo‘q, men istamayman: biron-bir shamol
Meni yiqitmasin oyoqdan chalib…

* * *

– Sevaman! – deb kuldi ko‘kda oy,
– Sevaman! – deb chayqaldi terak.
– Sevaman! – deb shovqin soldi soy,
– Sevaman! – deb titradi yurak.

So‘ng… hammasi alvido aytdi,
Oy, terak va soy aytdi vido.
Vido – xanjar. Yurakka botdi,
Bo‘ysunmadi bu o‘jar ammo.

Oy yashrindi. Yiqildi terak.
Mana, soy ham oqar yiroqda.
Faqat yurak, bu sho‘rlik yurak
Hamon o‘sha-o‘sha – titroqda!