Muxtasar (1975)

Muxtasar 1975 yilda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Katta qo‘shtepa qishlog‘ida tug‘ilgan.
1998 yilda Farg‘ona Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Tavof” nomli she’rlar to‘plami chop etilgan. Ayni paytda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” teleradiokanalida muharrir vazifasida ishlaydi.

* * *

Qushlar kuylaganda ruhi shonimni,
Maysaday salovot aytgan onimni,
Atirgul  qafasin yorgan jonimni,
Hadya qilay desam ko‘ngildoshim yo‘q.

Quyosh  tegrasidan chiqib ketarga,
Dilsizlar hukmidan olis safarga,
Meni men istagan  yo‘limga, zorga
Eltib boradigan cho‘ng bardoshim yo‘q.

Uch bor taqillab o‘tdim  oynani,
Eshik, ayvonlarin ko‘ring dunyoning.
Qayga shoshilmoqda shuncha sarsoni
Manzildan boxabar gulu toshi yo‘q.

O‘lan aytganida mezon barglari,
Meni yo‘qlarmikan qo‘hna dardlarim.
O, mening borlig‘im – dil ko‘katlari,
Sizlar  bo‘lmasangiz yozu qishim yo‘q.

Ertami yo kechmi bir kun anglarim,
Meni chorlagaydir mangu tonglarim.
Kechiring,ey jigar – qadrdonlarim,
Afsus, vafo qilar ko‘zu qoshim yo‘q,
Hadya qilay desam ko‘ngildoshim yo‘q.

ShOIRGA

Har dam
bir maromda tebranib
olam chiziqlari  ruhimdan o‘tar.
Nogoh o‘chib qoldi bir ziyo ,yohu,
Endi oftob o‘tar, boshimdan o‘tar…

Ketdingiz,
so‘z mulkin inja gullarin
Misralarga tizib  shodon ketdingiz.
“Ona xalqim, jonim Turkiston!” deya
Yonib kuylab, kuyib  nolon ketdingiz.

Dil kuyar,
Tutaydi o‘kinch,alamlar.
So‘z  dorin ostida ko‘rinmas  hech kim.
Qani, qayerdadir mardona  g‘amlar,
Va dadil so‘ramas: “Rauf Parfi kim?”

“Falakka sanchilib qolgan so‘zim bor”,
Degan jasoratni ko‘rdingiz qachon?
“Oh, shoir qismati , Bir  So‘zni izlar”
Bir So‘zning ishqida  jon berar shodon…

Yo‘lin to‘sganlarga  qo‘lini berdi,
Dilsiz “do‘stlari”ga  dilini berdi,
Kechirdi  pand bergan barcha yomonni,
Biroq, kechirmadi elga yolg‘onni!

Mangulik safari haq edi unga,
Hamon nolalari bag‘rimni o‘rtar.
Nogohon bir yulduz porladi tunda,
Qachon oftob o‘tar, jonimdan o‘tar…

* * *

Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi?
Xalq qo‘shig‘idan

Men nega yig‘larman sochlarim yoyib,
Olis yo‘llara termulib, sarg‘ayib,
Qaysi oshiq o‘tgan diydora to‘yib,
Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi?

Sen nega kulgaysan kuygan jonima,
Sarvigullar  soya solgan  holima,
Bormadim-ku, o‘zing kelding yonima,
Ishqi yo‘q zabonim, yana  keldingmi…

Qo‘qon yo‘llarinda Toshkan toshlari,
Meni qaysi yo‘llariga boshladi,
Bir bor suyib jahannamga tashladi,
Bo‘g‘zima bu jonim,  yana keldingmi…

Men bir qushman, olis-olis ketarman,
Ketsam joning so‘rmay olib ketarman.
Ishqing otashida  yonib bitarman,
Qasdima olg‘onim, yana keldingmi…

Emdi kelmog‘ing na, ketmog‘ing nadir,
Men seni bilmasman bitmog‘ing nadir,
O‘zda yo‘q g‘avg‘oni sotmog‘ing  nadir,
To‘lsa-da paymonim, yana keldingmi,
Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi…

* * *

Men uzoq yashadim…
Shu bugun bildim,
Ming bir xil  g‘avg‘oni oshaganimni.
Rahmatli otamning  choponi yanglig‘,
Hokisor do‘stlarday sokin jilmayib,
Hayot kiftiga qo‘l tashlaganimni.

Men  uzoq yashadim..
Qadamim sanab,
Qay kun g‘animim ham adashib ketgan.
Ko‘zlarimda qotgan achchiq yoshlarim,
«Otasining qizi» degan bobomning,
Nafasidan erib shalola bitgan.

Men uzoq yashadim,
Nega kam bildim,
Onam yopgan nonning tafti, qadrini.
Bugun toshlarim bor ko‘ksimda og‘ir,
Har burda nonimga  qo‘shib  yeyapman,
Do‘stlarim tutqazgan dashnomlarini.

Men uzoq yashadim,
Uzoqni ko‘zlab.
Tobora umrimni yondirdi shafaq.
Toliqish nimadir, yengilmoq nima
Buni qaysar ko‘nglim bilmadi  faqat.
…Hamon yashayapman beshafqat!

SIZGA…

Sizmi…
qoshim qaroligidan
oydinlarni sog‘inib kutgan.
Ikki ko‘zim  oralig‘ida
ziyo istab zor bo‘lib o‘tgan.

Sizmi…
ko‘zim gavhari kabi
sirlarimning shaydosi – gado.
Sochlarimday tovonimgacha
etolmagan bir umr ado.

Sizmi…
burnim chimdilab o‘tgan
shabbodaga malollar qilgan.
Ikki labim  yaprog‘idagi
novvotmi deb xayollar qilgan.

Sizmi…
“Arosat” deb atalgan
bekatlardan ketolmaydigan.
Izlarimdan uch kunda kelgan
chumolini tutolmaydigan.

Tirnoqlarim  gul bargi misol
Titroqlardan to‘kilmaydirlar.
Siz-she’r deysiz, bular shubhalar
Shubhani ham o‘qigaymilar…