Muhammad Rahmon (1949-2010)

Muhammad Rahmon 1949 yil Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi Palandara qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2003). ToshDUning jurnalistika fakultetida taxsil olgan (1967— 72). «Muvozanat» (1976), «Yashil daryo» (1979), «Yuragimning dastxati» (1986), «Ijobat» (1984), «Asraganim, avaylaganim» (1987) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bolalar uchun ham asarlar yozgan («Momoqaymoq», 1978; «Erga tushgan kamalak», 1981; «Qanotli tushlar», 1989). K. Chukovskiy, A. L. Barto she’rlarini, Lizoletta Velskof-Genrixning «Tokey Ito» romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


TAQVIM VARAQLAYoTGAN ODAM

Taqvim varaqlayotgan odam
Xomush tortishi kerak:
Umr o‘tyapti, umr!
Taqvim varaqlayotgan odam
O‘yga tolishi kerak:
Rozi qila oldimmi ota-onamni?
Farzandlarim tarbiyasi nechuk?
Tiq etsa eshikka termilib,
Ko‘zlari yo‘limga to‘rt bo‘lmadimi
O‘sal yotgan birodarimning?
Uchmadimmi shayton vasvasasiga,
Iymonim salomatmi?
So‘ngti manzilimga qo‘yib qaytsalar,
Yo‘lda birov astoydil kuyib,
Xo‘rsinib-xo‘rsinib ayta olarmi:
«Ketgan – qaytar,
Ketmonlagan qaytmaydi!»
…Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
O‘zgacharoq o‘ylashi ham mumkin
Taqvim varaqlayotgan odam:
Tushlikni qayerdan qilsam ekan,
Erta kimning yiloshi edi?
O‘tirib qolmadimmi bir joyda uzoq,
Kimning tagiga suv quysam ekan?..
Poyabzal qalashib yotar ostonasida nuqul,
Xudoning bergan kuni uyida mehmon –
Yombi topib olganmi yalangoyoq qo‘shnim?!
Chapqanot qo‘shnimiz – yolg‘iz ayolning
Eshik dastbandiga kecha allakim
Ilib ketdi bir savat oq gul! –
Sababi 8 martmikan faqat?..
…Vatan uchun osilib ketish,
Vatanga «osilib» ham yashash mumkin…
…Men hali hammasini aytmadim, shoshmang,
Sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Deylik, garchi Ulug‘bek emas,
Al-Beruniy yoki Galiley,
Valekin munajjim ishtiyoqi-la
Kuzatib borishi mumkin u
Burjlarda quyoshning harakatini.
Taqvim varaqlaridan
Kunma-kun, soatma-soat
Kuzatib borish mumkin!
Masalan, javzoning yigirmanchisi:
Quyosh chiqishi – roppa-rosa besh.
Bir yarim – avji kamoli,
Vaqti zavoli – yetti yarim…
Etkazgan kuniga shukur qilish kerak,
Tasannolar aytishi kerak
Hisobdon insonning zakovatiga
Taqvim varaqlayotgan odam.
Lekin…
Xulosasi boshqacharoq bo‘lishi ham mumkin.
Aytdim-ku, sermulohaza bo‘ladi
Taqvim varaqlayotgan odam.
Xususan, qalbini o‘ragan bo‘lsa
Kulcha ilon kabi hasad va g‘araz,
Kibru havo o‘ragan bo‘lsa.
Hamma va hamma narsaga,
Boringki, Quyoshga ham
Mefistofel nazari ila boqsa:
«Bilamiz, hoziru nozirsiz qayerda, qachon –
Bosgan qadamingiz o‘lchoqli!»

…Bir kiftimda rahmon,
Bir kiftimda shayton –
O‘zing insof bergil bandalaringga.

KO‘HI PADARKUSh

Tutab yotar ko‘hi Padarkush*,
Shamol uvlar mag‘oralarida.
Ko‘rgan kabi xatarli bir tush
Jilg‘alar to‘lganar jarlarda.

Cho‘zilgan hu, ufqqa qadar
Qizg‘aldoqlar – uzun qonli iz.
Bunda mungli qissalar aytar
Har bir so‘qmoq, har maysa, yalpiz.

Ko‘rinmaydi yulduz-da, oy-da,
Tahlikali kishnagan otlar…
Ulug‘bekni xuddi shu joyda
Quvib yetgan emish jallodlar!

O‘g‘il – nonko‘r, qismat – beomon,
Yoziqda yozgani o‘qilgan:
Bu joylarda bir vaqt, bir zamon
Ulug‘bekning qoni to‘qilgan!

…Tikilaman zirvalarga jim,
Yurak-bag‘rim g‘ussalarga g‘arq…
Sharq, rostdan ham noziksan, tilsim,
Bilib bo‘lmas seni birdan, Sharq!

Himmat degan bo‘lar-da shuncha,
Neklik bormi bundan ham ortiq –
Zeru zabar podsholaringga
Haj safarin aylabsan tortiq!

Yig‘labsiqtab kom, anjom bilan
Olis yo‘lga kuzatganing dam, –
Unutmabsan ular ortidan
Hatto… qotil jo‘natishni ham!..
____________
*Hisor tizmalaridan birining nomi,  Urgut va Kitob tumanlari chegarasida.

* * *

Sen ham eslaysanmi goh qolib xoli,
Qo‘msaysanmi ko‘ngil ko‘chalarini…
Munavvar ayladi oydin xayoling
Savdoli bu umrim kechalarini!

Sen ham eslaysanmi yoshligingni – sha’n,
Rangi, iforini – nechuk edi ul?
Meni mast qiladi qirq yil naridan
Kitobing qatiga qistirilgan gul…

Obu otashidan dunyoni o‘tding,
Bekaram, bir kam deb qarg‘arsan yomon…
Sevgi-chi, ilk sevgi… nahot, unutding,
Men esa sog‘inib yashayman hamon.

Nomalar bitardim senga bir talay,
Qog‘ozga ishonib sirlarning sirin.
Xatjildni yopardim shirachin yalab –
Xatjildlar o‘zingdek, so‘zingdek shirin!

Tonmayman bo‘g‘zimga botsa ham tishi,
Eslab xo‘rsingulik yozim, kishim bor.
Yo‘kdir dunyosining men bilan ishi,
Mening bu dunyoda yo‘qlar kishim bor!
Sen ham eslaysanmi…

HAZRATI BIShIR HIKMATLARI

* * *

Ko‘p ko‘rganman jazavangni, shovushingni,
Ko‘tarmasang bo‘larmidi tovushingni.
Nasihating uchun qulluq…
O‘ngu tersdir,
To‘fi kiyib olgin, bolam, kovushingni.

* * *

Ko‘klam – kechalari yop-yorug‘ tushdir,
Kunduzi ruhimda sayragan qushdir.
Elda chayqalaman qizg‘aldoq kabi,
Yorab, nafaslaring bunchalar xushdir!

* * *

Ayo zamon, senmi bu nav tarz bergan,
Ajib bir hol mantig‘ini yo‘qlaydi:
Shiftg‘a qarab uf tortadi karz bergan,
Qarz ko‘targan xurrak otib uxlaydi!