Muhabbat Ibrohim qizi (1950)

Muhabbat Ibrohim qizi 1950 yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Oliy ma’lumotni Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika kulliyotida olgan.
1970-yildan buyon matbuotda ishlaydi.
Ilk ijod namunalari «Lenin uchquni»da 1962 yilda chop etilgan. Shundan buyon
viloyat, reslublika matbuotida qatnashib keladi. Qator qo‘shiqlar muallifi. 1975 yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan yosh ijodkorlarning Butunittifoq seminar-kengashi qatnashchisi.


AZIZ ODAMLAR

Dilimni chulg‘adi ajib bir tuyg‘u,
Hislarim tebratib misli belanchak.
Sekin tun qo‘yniga bekindi uyqu,
Siz tomon chorladi samoviy chechak —
Aziz odamlar!..

Ilhom chashmasida yuvib yuzimni,
Oppoq tong qo‘shig‘in kuylaganda nay.
O‘tli nigohlarga tikdim ko‘zimni,
Sizlarni sharaflab quyildi ohang —
Aziz odamlar!..

Dunyoda yasholmas yolg‘iz hech kishi,
Odam bor — odamzod bilan u tirik,
Mitti yuragida olam tashvishi,
Shodligi — shodligim, dardimga sherik —
Aziz odamlar!..

YaNA SENI YO‘QLAB QO‘LIMDA QALAM

Yana seni yo‘qlab qo‘limda qalam,
Yana so‘roqlaydi yurak qurmag‘ur.
Yana dilginamni g‘ijimlar alam,
Garchi men o‘zimni tutsam-da mag‘rur,
Seni so‘roqlaydi yurak qurmag‘ur.

Anhor bo‘ylaridan izlayman seni,
Xiyobon ko‘chadan o‘tarmisan yo?..
Taqdir yo‘llaridan izlayman seni,
Iqboling tark etib ketarmisan yo?..
Seni so‘roqlaydi yuragim tanho!..

Olis yulduzlarga boqsam tunlari,
Hurkak xayolimda yoniq ko‘zlaring.
Sen bilan baxtiyor o‘tgan kunlarim,
She’r bo‘lib quyilar shirin so‘zlaring,
Yurak so‘roqlaydi yoniq ko‘zlaring.

Shunda qo‘llarimga tutadi qalam,
Sehring harorati dilni etib lol.
Zimdan yuragimni turtadi alam,
Nahot so‘nggi so‘zing edi: «Yaxshi qol!»
Shundan yurak pora, tilim esa lol…


SOG‘INCh

Shohimardon soylarida qalbim oqar,
Shovullagan qo‘shiqlari dilga yoqar.
Yonib turgan yuraklarning navosimi?
Kuchgim kelar muzdek, salqin havosini.

To‘yib-to‘yib nafas olib yursak deyman,
Soy bo‘yida mushoira qursak deyman…
Sog‘indim-ku, o‘sha dilkash davralarni,
Hayotikni bag‘ishlagan pallalarni.

So‘z mulkining memorlari, keling tezroq,
Tabiatning in’omlari sizga mushtoq.
Sayr etaylik Shohimardon bog‘larida,
Ko‘shig‘imiz jaranglasin tog‘larida.

Keling, ustoz Hamza ruhin shod etaylik,
Qutlug‘ nomin qayta-qayta yod etaylik…
Shohimardon soylarida qalbim oqar,
Shovullagan qo‘shiqlari dilga yoqar.