Minhojiddin Haydar (1941)

Jurnalist va shoir Minhojiddin Haydar 1941 yilning 3 may kunida Andijon viloyati, Oltinko‘l tumani Maslahat (To‘n ko‘ygan) qishlog‘ida tavallud topgan. Andijon meditsina bilim yurtini (1958-1960), Toshkent Davlat dorilfununining filologiya fakultetini (1963-1968) tamomlagan. «O‘zbekiston madaniyati» (hozirgi «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati») ro‘znomasida, «Yosh gvardiya» va G‘afur G‘ulom nashriyotida yetakchi muharrir bo‘lib xizmat qilgan.
Uning birinchi she’riy to‘plami 1971 yilda «Inson yuragi» nomi bilan chop etiladi. So‘ngra uning «Nina ustida qasr» (1979), «O‘chmas bo‘ron» (1979), «Tirik alanga» (1984), «Bulbulso‘z» (1991) kabi bir qator she’riy to‘plamlari va 1992 yilda «Musallo» nomli publitsistik asarlari bosilib chiqqan.

* * *

Men neki ko‘ribman bu olam aro,
Balki ular hayot hukmigadir xos.
Biroq omonatday tuyular dunyo,
Ba’zan bo‘yoqlarga qo‘yilsa ixlos.

Goh soxta husnga maftunmiz rosti,
Rang pardasi ichra quchib, suyamiz.
Oltindan afzalku tishimiz asli,
Goh unga tilladan niqob qo‘yamiz.

Goh yupatmoq bo‘lib injiq go‘dakni,
Puffak tutqazamiz — rangi bir olam.
E voh, ba’zan shunday rangdor puffakni
Tutqazib qo‘yamiz kattalarga ham.

Dunyoning ishlari asli-ku ajab,
Dur sadaf qo‘ynidan topmish oshiyon.
Ajab, aslida-ku qilich qon talab,
Lekin qinni bezar yoqutu marjon…

Qalbim sadosiga quloq tutdim jim,
Bir nido ruhimga singdi ilk marta:
Eh, qilichku qilich va lek, do‘stlarim,
Vijdon ko‘zini hech to‘smasin parda!..

BULBUL
(Rivoyat)

Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Shundan, ohang sehriga singib ketarkan odam.
Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Shundan, mitti tilida erib ketarkan olam.

Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Uning yuragi emish — ming bitta kuyga maskan.
Har bir kuyiga yashirin ekan gavhari ko‘ngul,
Ming kuyni sayrab, biroq bittasini topmaskan.

Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Yo‘qolgan qalb parchasin nechun qo‘msamas kuyi?!
Kuylarini birma-bir takror etib u butkul,
Yo‘qolgan kuy dardida yonarkan umr bo‘yi.

Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Balki, yo‘qolgan kuy deb yurak yangroq shu qadar?!
U — ezgu bir sirmidi, aytiqeiz dardmi nuqul
Yo oliy nafratmidi, qalbda tosh qotgan kadar?!

Tili bilan chertarmish yurak sozini bulbul,
Axir, yurakda borin aytolmasa naylasin?!
Halal bermangiz unga, ey, Odamlar!
Axir ul
O‘sha bittasini ham, mayli, topib sayrasin!..

SOG‘INCh

Qildayin ingnchka tortdimi bardosh,
Qalbda jo‘shar sog‘inch to‘la hayajon.
Kipriklar dorbozi — to‘lg‘in qatra yosh
Ko‘zgusida ko‘rdim Sizni, ONAJON!

Ana, ipak qatmin tortyapsiz sergak,
Tilga kirmoqchiday kashtangiz go‘yo.
U — malak bir qizga atalgan palak,
Yo kenja o‘g‘ilga «kuyov sarupo…»

Ipakmikan desam tovlangan qo‘lda —
Ekan sochlaringiz kumush tolasi.
O, Onajon, nechun ko‘zingiz yo‘lda,
Pursog‘inch nigoh-la o‘yga tolasiz?!

Qalbim torlariga tushadi larza,
Unsiz ezgu kuyga quloq solaman.
Kuy-la oqib kelar mehringiz asta,
Jonday maktubingiz qo‘lga olaman:

«Bolaginam, muncha ketmasang olis,
Ayriliqda — jonni o‘tga qalayman.
Aksing ko‘rinarmi ekan deb har kez,
To‘yib-to‘yib to‘lin oyga qarayman…»

Nedir tiqilganday bo‘lar bo‘g‘zimda,
Qaynoq qonlarimda o‘tli g‘alayon.
Onajon, siymongiz o‘chmay ko‘zimdan,
O‘qday otilaman tashqari tomon:

Seryulduz — paxtazor ichra oralab,
Kimdir kelar edi — qaddi dol bo‘lib: —
Oh, ONAJON, Sizmi kelyapsiz izlab,
Nur kahkashon ichra bir hilol bo‘lib?!