Mengnor Ollomurodov (1955)

Mengnor Ollomurodov 1955 yilda tug‘ilgan. Uning “Yuragimda yig‘lab turgan qiz”, “Sevgi daraxtining guli”, “Arzimni  o‘g‘limga yetkar”, “Navro‘z yoki siz istagan kelin keldi” singari kitoblari chop etilgan.

IKKI QUShDAY UChAYLIK

Yulduz-yulduz bog‘larda
Samoyi oy ko‘rinur.
Sog‘inch-sog‘inch chog‘larda
Sochlaring soy ko‘rinur.

Tun ko‘nglima nur bo‘lib,
Oy – mahvashim, kelsango.
Tund ko‘nglima hur bo‘lib,
O, otashim, kelsango…

…Sen bahoriy bog‘sanu
Xori ahvolim nadir?
Sen chashmai sho‘xsanu
Tashnai holim nadur?

Bir-birga dil ochaylik
Sayri sayhon ichinda.
Ikki qushday uchaylik
Sirli osmon ichinda.

Ikki qushday uchaylik
Sirli nihon ichinda…

SARG‘AYGAN SUKUT

Hislarning tog‘dayin ko‘chganin ko‘rdim,
Tog‘larning xasdayin uchganin ko‘rdim,
Oyning qaro tunni quchganin ko‘rdim,
Sayragan tilimda – sarg‘aygan sukut.

Kim dunyoni bozor deb aytsa, netay,
Qoplonni bir ilon daf etsa, netay,
Bol qovunni bir it yeb yotsa, netay,
Sayragan tilimda – sarg‘aygan sukut.

Zuhr Qorabotir maylida o‘ynar,
Zilollar zalolat zaylida o‘ynar,
Shaytonlar bo‘stonlar saylida o‘ynar,
Sayragan tilimda – sarg‘aygan sukut.

Tog‘larning ko‘zyoshin Toshli soy ichdi,
Rumiyning ruhini to‘yib nay ichdi,
Xayyom xazonlig‘da kuyib may ichdi,
Sayragan tilimda – sarg‘aygan sukut.

Yo‘lmanu, yelmanu ko‘chkinchidurman,
Gulmanu, kulmanu o‘tkinchidurman,
Borliqda yo‘qlikmu ne sinchidurman,
Sayragan tilimda – sarg‘aygan sukut.

KEChIRIM SO‘RAYMAN

O‘zimni yo‘qotib qo‘yganim ayon,
Bildim, dunyoda ne yomondan-yomon,
Boshimda malomat toshi beomon,
Kechirim so‘rayman sendan yuragim!

Hayot gavhar berdi menga bebaho,
Men uni sindirdim befarq, beparvo,
Ingragan sasimdir zorli benavo,
Kechirim so‘rayman sendan yuragim!

Dunyoda tonglar bor, shomlar-da yo‘qmas,
Goh ko‘nglim gulnafas, gohida abas,
Kecha daraxt edim, men bugun bir xas,
Kechirim so‘rayman sendan yuragim!..

…Bir lahza ko‘zimni bosgan edi xob,
To‘fon kabi bosib keldi iztirob,
Bitta xato uchun shunchalar azob,
Kechirim so‘rayman sendan yuragim!

OTAShINGDA GULLAYaPMAN IShQ

Ishqdir mening sari sayronim,
Ishqdir mening ruhi rayhonim,
Ishqdir mening guli naysonim,
Otashingda gullayapman ishq!

Ishq keldimi, men sho‘xman, ey, dil,
Ishq ketdimi, men yo‘qman, ey, dil,
Ishq yondimi, men cho‘g‘man, ey, dil,
Otashingda gullayapman ishq!

Ishqsiz hayot, g‘avg‘oyi g‘ashdir,
Ishqsiz yulduz – muzlagan toshdir,
Ishq navosi nuri quyoshdir,
Otashingda gullayapman ishq!

Bag‘ringdaman, halvoyi so‘zim,
Mehringdaman, humoyi yuzim,
Sehringdaman, ey, qaro ko‘zim,
Otashingda gullayapman ishq!

Ishq ohida adoyim mening,
Ishq bog‘ida paydoyim mening,
Ishq mohina fidoyim mening,
Otashingda gullayapman ishq!

Ishqsiz daryo, yo‘lingdan qolma,
Ishqsiz dunyo, qoshima kelma,
Ishqsiz kunni boshima solma,
Otashingda gullayapman ishq!

Lola kabi lovullar jonim,
Daraxt kabi shovullar jonim,
Olov kabi ol gullar jonim,
Otashingda gullayapman ishq!