Maqsuda Egamberdiyeva (1955)

Maqsuda Egamberdiyeva 1955 yilda Farg‘ona viloyatidagi Bog‘ish qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent Davlat Dorilfununining o‘zbek filologiyasi kulikyotini tamomlagan. 1978 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda «Gulbarg», 1980 yilda «Yosh gvardiya» nashriyotida «Maktub», 1985 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda «Nasiba», 2011 yili “Osmon sohilida” nomli she’riy to‘plamlari bosilib chikqan.


ShU BAHOR

Shu bahor tutmadi shafqatin darig‘
Mendan yuz o‘girgan ilhom parisi.
To‘ldi-da bir mushkin yomg‘irga borliq,
Etdi dimog‘imga ra’nolar isi.

Zangori ko‘ldayin osmon beg‘ubor,
Navbahor yo‘liga sog‘inchlar sochdim.
Maysa bo‘lib ungan umidlarim bor,
Telba to‘lqinlarga kecha sir ochdim.

Kurtaklar bag‘riga yashirgan ma’vo,
Mahriga yetarmi olam-jahonlar?
Loyqa izni yuvdi musaffo havo,
Sarmast — sumalakka yetishgan jonlar.

Doshqozondan toshgan sumalak nedir?
— Qirlarga yoyilgan munis boychechak.
Momolar qalbida o‘lmagan surur,
Bolalarga tubsiz, davomli ertak.

Bodom xosiyatli tushin ta’biri —
Oy ko‘ylakni tongdan aylaydi qabul.
Shabnamlar mo‘ltirar — tugaydi sabri,
Muattar tugunni ochsin atirgul.

Eshitib guldirak nidolarini,
O‘zing-chi, topolmay jilg‘alar giryon.
Gullagan o‘rikning novdalarini
Surtib yuzlariga, pichirlar osmon.

Kel — ey, ko‘hna Navro‘z, xo‘rsiniq, navo,
Kishnagan tulporlar, mushfiq qaldirg‘och..
Jafokash har ko‘ngil yetishgan safo!
Muborak uyg‘ongan har gul, har og‘och!

SENI ESLAB

Negadir hammasi bo‘ldi teskari,
Men senimas, ha sen meni unutding.
Negadir, boshqacha tus oldi bari,
O‘zga yor qo‘lini sen qanday tutding?

Yillar ko‘prigidan o‘tib borarkan,
Taqdir hazilini tushunolmadim.
Bo‘sh bolishga, berib taqdirimga tan,
Boshimni qo‘ydimu, ko‘z yumolmadim.

Dildagi sanoqsiz suratlaringni
Yoqib tugatolmas eskirmas alam,
Sog‘insam mehribon suhbatlaringni,
O‘rniga hech nima berolmas olam.

Iztiroblar aro chiqmish savodim,
Afsus, maktub yozsam, yetmas o‘tmishga.
Endi o‘rganmoqdir yolg‘iz murodim,
O‘z ko‘nglim yonidan loqayd o‘tishga.

* * *

O‘kinchlar seniki, jufti yo‘q ayol,
Sen esa hech kimning suyanchi emas.
O‘rik gullaridek to‘kilgan xayol,
Sening bu fayzi yo‘q kulbangni sevmas.

Ayolning beori, erning nomardi.
Senga tig‘ sanchishda ikkilanmaydi.
Sening himoyasiz, yupqa soyangga —
Yuqaverar quvnoq jononlar gardi.

Shafqat so‘rab turgan dardu dilingni
Ko‘zlardagi shubha ezib qo‘yadi.
Makkora savollar qisar tilingni
Bosh urganing devor «kulib» qo‘yadi.

Peshonangning o‘zi qilmagach karam,
Muhabbating mulki qolgach beega,
Onang kuyar, lekin istamasang ham,
Sanchilgan tikansan ota uyiga.

Ko‘zingdan to‘kilgan devona yoshlar,
Madhu sano aytar benajotlikka.
Ayovsiz nur bilan oylar, quyoshlar
Bostirib kirishar mulkingga tikka.

Yo‘l yurib, manzilga yetolmaysan hech,
Ko‘p bor aldanasan, bir sharpa kutib.
Borasan, ko‘zing — o‘t, qoshlaring — qilich
Sendek qaysarni G‘am qo‘yolmas yutib.


ELIMGA

Bog‘i ko‘karmasin seni sotganning,
Seni talaganlar itdan xor bo‘lsin.
Tuhmat toshlarini senga otganing,
Avlodu ajdodi sharmisor bo‘lsin.
Seni aldaganlar kul bo‘lsin kuyib…

Hayot manzaralari

Laylaklar suv ichgan Oydinbuloqqa
Bulutlar termilar oysirab.
Bir sigir olamni tutar so‘roqqa,
Tunning devoriga shoxlarin tirab.
Sukunat ko‘rpasin uxlar yopinib,
Supurib qo‘yilgan eshiklar tagi.
Nihoyat, tong otar tiniqib, tinib,
Kimning kuni tug‘ar, kimning ermagi?
Kabob hidin sezmay o‘tar guzardan
Kelinchak qo‘lidan osh yegan yigit.
Buva “inga”sidan boshlari osmon,
Bir uy to‘la inson baxt-la bir vujud.
Choyxona. To‘rt ulfat bahslashar tinmay,
Buzmay vaqt amriga hech pinagini,
Gap qizitar tinmay, o‘zlari bilmay,
Aylantirib hayot g‘ildiragini…


Yaxshi tushlar ko‘ring

Yaxshi tushlar ko‘ring, oydin kechalar,
Termilib turganda yuzingizga baxt.
Bosgan izingizni saqlab ko‘chalar,
Ismingiz shivirlab aytarkan daraxt.
Yaxshi tushlar ko‘ring, uyqusiz gullar
Sizga afsonalar to‘qiyotgan chog‘.
Yulduzlarga boqib mudroq dovullar
O‘zicha falsafa so‘qiyotgan chog‘.
Yaxshi tushlar ko‘ring, hazrati inson,
Yaxshi tushlar ko‘ring, ey dilbar ayol!
Yaxshi tushlar ko‘ring, ona, otajon,
Uxlang murg‘aklarim, shirin, bemalol!
Yaxshi tushlar ko‘ring, oydin kechalar,
Sizni o‘ylab yashar bu ko‘hna olam.
Sizni o‘ylab yashar necha-nechalar,
Siz uchun tayyordir xatarlarga ham…
Yaxshi tushlar ko‘ring, oydin kechalar…

Vatandoshlarimga

Yoningizda tursa kimdir jigarxun,
Tashlab qo‘ying asta ko‘z qiringizni.
Jonimizga darmon shu Vatan uchun
Vatandoshlar asrang, bir-biringizni.

Kam bo‘ladi bunaqa kunlar

Kam bo‘ladi bunaqa kunlar,
Quyosh go‘zal, havo mo‘tadil.
Uchraganlar-odamoxunlar,
Boqishlari mehrli oqil.
Arazlama afsonalardan,
Seni ular suyaydi ko‘proq.
Ko‘ngil uzib koshonalardan,
Horg‘in dilga yoqa ol chiroq.
Mayli, seni yomon desalar,
Axir, senga ayon haqiqat.
Va johillar, mayli, kulsalar,
Senga Tangri qilur marhamat.
Axtaradi she’riyat darxon,
Hayrat bilan chok-chok dilni.
G‘irromlarni tanlaydi davron,
Abadiyat tanlar pok dilni.
Kam bo‘ladi bunaqa kunlar…

Bolakay

Sen borsan – dunyo bor, bolakay,
Qutqargil dunyoni zavoldan.
Dunyo lol, sen bergan savoldan,
Sen borsan – dunyo bor, bolakay.
Kulging – sof, bu faqat kulgidir,
Bahorga bichilmas, bebaho.
Ishonching dunyoning mulkidir,
Yashashdan, asli, sen – muddao.

Sen borsan – dunyo bor, bolakay…

Kelinchak

Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir,
Sen – malika, kuyov – shoh, to‘yxona – qasr.
Salomlar qil, samoviy nurlar qo‘llasin,
Momolardan qolgan urf – sirlar qo‘llasin.
Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir.

Ikki dilni payvandlar surnay navosi,
Yoring bo‘lsin bir umr ishqing fidosi.
To‘lg‘anadi kuy-qo‘shiq, silkinar tanlar,
Yuraklarni tark etib uchar armonlar.
Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir.

O‘g‘il boqqan unutmish yillar zahmatin,
Shafqat qil, kutib yasha hayot shafqatin.
Nazokating bebaho dengiz duridan,
Qadamlaring nishona baxt sururidan.
Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir.

Jaranglagan torlarning eng jarangi – sen,
Oq ko‘ylakda gullagan bog‘lar tongi – sen.
Bo‘ylaringda nigohlar qilgaylar duo,
Shu xonadon dardiga topganday shifo.
Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir.

Salomlar qil, kelganing hovli-makonga,
Jigarlaru qo‘shnilar, lol xonadonga.
Salomlar qil, orzular, oq tilaklarga,
Suyib boqqan chehralar, pok go‘daklarga.
Yal-yal yongan kelinchak, dil senga asir.


Tegirmon oldida

Betakror qarashlar, noyob aqllar,
Aylanaveradi oddiy parrakka.
Aylanaveradi tegirmon – yillar,
Uzayaveradi yo‘llar – yurakka.