Mahmudjon Nurmatov (1935-2020)

1935 yilda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan. “Tanqid va estetika”, “Hurmat va xulqiy go‘zallik”, “San’atning milliy o‘ziga xosligi to‘g‘risida” kabi bir necha ilmiy kitoblari chop etilgan. Falsafa fanlari doktori, professor.

Iqbol quyoshi botmasin

Bog‘da gul tersa nigor, qo‘lga tikon botmasin,
Yo tikon zarbi tegib, behuda zahmat tortmasin.

Uyquda bo‘lsa agar, gulzor aro ul sarvinoz,
Qo‘zg‘alib bodi sabo uyqusidan uyg‘otmasin.

Mayli, men hijron aro, do‘stlar, g‘amu anduh chekay,
Nurnisor bo‘lsin omon, hargiz alamga botmasin.

Asrasin qodir Xudo nopok g‘arazlar qasdidan,
Dil murodi – dilbarim tuproqda bejon yotmasin.

Aylagil kulbang aro, yoringni qalbin mash’ala,
Ul sening mehringni ham yog‘iyga, aslo, sotmasin.

Qaynasin dil chashmasi, oqsin nigor gulzoriga,
Ayriliqning dardida ming yilgi muzdek qotmasin.

Hur diyorim tongida yorimga qalbim intizor,
Ey Zamoniy hajr aro iqbol quyoshi botmasin.


Muddao diydor erur

Dilbarim, garchand, sitamkor, dog‘uli ayyor erur,
Yor uchun bo‘lmoqqa qurbon tanda jon tayyor erur.

Otashin qalbim yonardi aylabon izhori ishq,
Har safar yorim visoli o‘zicha sirdor erur.

Tunlari zulmat quvib, kutdim shafaqni muntazir,
Tongni otkuzguchi, u, ko‘zlari xummor erur.

Ichmayin g‘aflat mayini, dahr aro kezsam, ne tong,
Ul sanam ko‘yida ko‘ngil doimo bedor erur.

Tutdiyu hijron sharobin, ishqida mast ayladi,
O‘rtanmoq, o‘chmas olovda yorima darkor erur.

Oshkor bo‘ldiyu rashkim, kuldilar beishqlar,
Bevofolar rashki ishqdan mutlaqo bezor erur.

To‘sdilar yo‘lni raqiblar, men so‘zimdan qaytmadim,
Tan aro shirin muhabbat, chin vafo poydor erur.

Topdimu mehnatda rohat, lek, hijron o‘rtadi,
Dil aro doim, Zamoniy, muddao diydor erur.

Sog‘intirding

Firoqning dashtida dilbar, jamolingga sog‘intirding,
Chunon nozik gulhayodek niholingga sog‘intirding.

Bu hijron dardida ruhim metindek bezavol bo‘lmish,
Sahardin to qaro shomim, visolingga sog‘intirding.

“Sevurman!” deb. Jismu jondin vafoga va’dalar qilding,
Bo‘lursan, deb, vafodorim, savolingga sog‘intirding.

Desam: Zuhro-yu, Laylolar, alar-ku teng kelolmaslar,
Muruvvatli parizodim, kamolingga sog‘intirding.

Muhabbat ko‘kida porloq mudom shamsu qamardursan,
O‘zing ozoda nahrimsan, zilolingga sog‘intirding.

Netay, orzum shikoriga o‘zga yor yoqmadi hargiz,
Hayotimdek go‘zal, totli xayolingga sog‘intirding.

Hayotim bog‘ida borsan, beholu bemajol yorsan,
Hajrga aylamay toqat, malolingga sog‘intirding.

Orzulari armug‘onim, kulbam aro charog‘onim,
Sarvinozim, Zamoniyni hilolingga sog‘intirding.

Keldilar

Gul ochib hur lablaridan shakkariston keldilar,
Keltirib guldan nasiba la’li xandon keldilar.

Chaqnatib o‘t ko‘zlaridan har taraf nur bazmida,
Bazm aro lutf aylamakka yaxshi mehmon keldilar.

O‘ynatib dil, dilni o‘ynab, jon bo‘lib bu dil aro,
Dilrabolar dilrabosi dilraboxon keldilar.

Sanchilib bag‘rimga saf-saf nayzador kipriklari,
Bu ko‘ngil yaproqlarin aylabki, alvon keldilar.

Qon kechar jismim aro tomirmi mujgon, bilmadim,
Ahdu – paymon urfi birla, ruhi raxshon keldilar.

Keldi hijron, yondi e voh, hur muhabbat xonasi,
Mehri qaynab gohi nolon, gohi shodon keldilar.

Ey, Zamoniy, hajr o‘tini ishq o‘ti-la toblagil,
Ming raqibni dog‘da tashlab, qalbi bo‘ston keldilar.