Mahfuza Imomova (1989)

Mahfuza Imomova 1989 yilda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Hindistonning Bangalor universitetida tahsil olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” rukni ostida “Yorug‘ yo‘l” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

* * *

Tun negadir ko‘rinmay qoldi
Tunamoqda balki yo‘lakda.
Oy yorug‘lik ichra yo‘qoldi.
Quyosh chiqdi…
Shaffof ko‘ylakda.
Chapak chalib qo‘ydi chumchuqlar.
Har chechakka kirdi issiq jon.
Bahor keldi zaminni yo‘qlab,
Uch faslni qilgach imtihon.

* * *

Oqarmoqda osmonning ranggi,
Shitirlaydi…
Daraxtlar yupun.
Tush ko‘rarman, men bugun yangi,
Eskilarin unutmoq uchun.

Oqarmoqda oqshomning ranggi,
Bardoshimni sinar sukunat.
Chorlayapman latif bir tongni,
Qizg‘aldoqlar bargida tunab.

Oqarmoqda xira kunlarim,
Iztiroblar, endi xayru xo‘sh.
Sen ketarsan umrimdan nari,
Men ketarman ko‘rgali bir tush.

Ishq ketmaydi bizlardan faqat…

* * *

Borar yo‘lim aniq.
Borar yo‘lim chin…
Ketyapman…
Atrofda bir uyum xazon.
Ortimdan ergashib kelyapsan nechun?
Men senga bog‘lanib ulgurdim qachon?
Baribir ketyapman…
Yuragim og‘rib…
Ko‘zlaring tubiga bo‘lmoqdaman g‘arq.
O‘rtada bepoyon masofa bordir.
Kattadir azizim, o‘rtamizda farq.
Oh, chalg‘ib ketyapman…
Orzularimdan..
Menga azob berar bu ayri dunyo.
Muhabbat, oxirgi so‘zni o‘zing ayt
Ketaymi,
Ketaymi,
Qolayinmi yo?!

TONG

Og‘riq berar bu kech  jarohat,
Ko‘zlarim  liq sog‘inchga to‘lgan.
Sen ham meni kuttirma faqat,
Sen ham barvaqt turishni o‘rgan!

ONAMGA MAKTUB

Suprada un bormi,
Qozonchada yog‘,
Yomg‘irda ho‘l bo‘lib qoldimi o‘tin?
Kichrayib qolgandek bugun hammayoq.
Onajon, oradan shuncha yil o‘tib
Meni ham sog‘inib ketgandir, qishloq?
Elkamga ko‘ngilning yukini ortib,
Qiz boshim bilan men hamon safarda.
Ko‘zim-la chamalab osmonning ortin.
Oyog‘im tuproqqa to‘lar, shaharda
Nastarin gullari tutar yoqamdan.
Kun sayin sochilib ketar ko‘chalar
Qay birin tugatay?
Ayni shu damda,
Kechirgan kunlarim kelib o‘ch olar.
O, qanday ajoyib edi men ko‘rgan
Tushlarim, uxlamoq oson baridan.
Uyg‘onib izlayman dunyoni birkam
Dadamning qoldirgan choponlaridan.
Sig‘mayman kengliklar bo‘lmasa uyda
Har bitta g‘ussangdan ketganman ozib.
Yoshim ham ulg‘ayib bormoqda o‘ydan.
Xavotir qalbimni turtkilar hozir
Uyimiz sovuqmi…
Eshik oldidan
Ukam bir chekkaga oldimi qorni?
Qalinroq o‘raning,
Isitsin chidam,
Ona, uyimizda muhabbat bormi?

* * *

Keldim,
Kelmasidan tong sabolari
Quyosh nayzalarin sanchmasdan keldim.
Elkamda yo‘llarning iddaolari,
Yillar istibdodin yanchmasdan keldim.
Keldim,
har yaproqqa so‘ylamay keldim,
Haddimdan o‘zgaga bo‘ylamay keldim.
Nada bir tadorik, na shubha gumon,
Hattoki bir bora o‘ylamay keldim.
Men shunday mard keldim,
serjur’at keldim,
Kelmasam bo‘lmasdi, kelsam bo‘lmasdi.
Ko‘zlar ham to‘larku, nechun to‘lmas dil?
Men shunday dard keldim, lojuvard keldim.
Keldim,
ostonangda turibman kutib,
Shoshma, eshikni tez ochib yuborma.
O, donishmand zot,
Mo‘ysafid Hayot –
Sen meni havoga sochib yuborma.
Er qattiq, ko‘k baland, umr sarsari,
Yurakda ko‘z ochsin bari shodliklar.
Go‘zallik, muhabbat, baxtdan tashqari,
Sen meni ayirma parishonlikdan…
Keldim…

MUSOFIR

Ketasan, yo‘llarga tomib borar dil,
Ketasan, hech kim-la qilmay murosa.
Odamlar manzilga tomon boradir,
Sen hamon o‘tmishga tomon borasan.
Elkangni ezgudek og‘ir kitoblar…
Yuraging pichirlab allanima der.
Imlasang, yuzlarin berkitib chorlar,
Haydasang, ortingdan kelaverar she’r.
Uying tor, qishloq ham…
Sig‘maysan ko‘kka,
Seni qay orzular qamrab boradi?
Kimsasiz cho‘llarda,
Tog‘lari ulkan,
Yillarning shamoli yamlab boradi.
Dadilroq qadam bos, umr so‘ngida
Ko‘rinsin har bitta odamning izi.
Boshingga qor tushsa, do‘l tushsa chidab
Manzilga yetgaysan otamning qizi!

MUNOJOT

Yo rab, qayda xato qildim,
Ibodatda adashdimmi?
Har kimga bosh egolmadim,
Itoatda adashdimmi?

Dardlar buncha beordayin,
Firoq nafis, ozor mayin.
Yor kelganda men bormayin
Xijolatda adashdimmi?

Dil og‘rinar, ruhim zada,
Ishq – shartlashuv, baxt bir va’da.
Umid so‘nar har lahzada,
Saodatda adashdimmi?

Men o‘ylagan o‘ylar qani,
Bir so‘zu rostgo‘ylar qani?
Bolalikdan tinglaganim –
Hikoyatda adashdimmi?

Garchi armon berar firib,
Ko‘zlarga yosh olgan kirib.
Yo, barini bilmay turib,
Hidoyatda adashdimmi?

Yo‘l olarman o‘zim sari,
Notinch ko‘ngil, so‘zim sari.
Vafo bilmas dunyo zari,
Qanoatda adashdimmi?

Tangrim, qayda xato qildim,
Qalam, xatda adashdimmi?
Qalbim hamon yig‘lar sim-sim,
Muhabbatda adashdimmi?

Muhabbatdan adashdimmi?!