Laylo Sharipova (1968)

Laylo Sharipova 1968 yilda tug‘ilgan. Buxoro Davlat universitetini tamomlagan. “Oh, armonlar”, “Qismat surasi”, “Shodlik sohili”, “Bu shunday dunyoki…”, “Onamga tortiq” kitoblarining muallifi. Hozirda Buxoro Davlat universitetida boshlang‘ich ta’lim kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.

NAVRO‘ZOYIM

Soylarida oqqan suvi oynalikka yaraydi,
Majnuntollar qizlariga qarab sochin taraydi,
Ona quyosh qirlariga sog‘inch bilan qaraydi,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!

O‘ksib tursam, qaddimni tog‘, ko‘nglimni bog‘ qilgan el,
Sahrodayin kunlar kelsa, daryo kabi to‘lgan el,
Dushmaniga ozor bersa, gunoh deya bilgan el,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!

Otam kabi suyab turgan, g‘ururim – orim – Vatan,
Onam kabi beminnatim, dilda gulzorim – Vatan,
Ko‘ksimdagi urib turgan yuragim, borim – Vatan,
Navro‘zoyim, yurtimizga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!

Obod elga obod kunlar olib kelgin Navro‘zim,
Shu Vatanda tog‘day o‘ssin, bog‘ bo‘lsin o‘g‘il-qizim,
Ulug‘larning bitigiga farzand bo‘lsin hur so‘zim,
Navro‘zoyim, shu chamanga kelishingdan o‘rgilay,
Bahoroyim, ko‘nglimizda kulishingdan o‘rgilay!
 
ONAJONIMGA

Ko‘ngli kabi ko‘ngil topmagan,
Bo‘yiga teng bo‘y topgan, onam.
Dil deb chopgan, gul deb chopmagan,
Koshonamu mardonam, onam.

Bu dunyosi lahzaga tengdir,
Torga toru kenglarga kengdir.
Ikki dunyo aro sarsitma,
Quvvat bergil, g‘amlarni yengdir.

Onam bedor bo‘lgan tunlarning
Lahzalarin qaytarolsaydim,
Sabrga jon bergan kunlarning
Nurlarini dilga solsaydim.

Dalda bo‘lsam, loaqal dalda,
Aritolsam, qani, dardlarin.
Chorlaganda borsaydim har gal,
Ko‘zga surtsam poyin gardlarin.

Ko‘ngli kabi ko‘ngil topmagan,
Bo‘yiga teng bo‘y topgan, onam.
Gul o‘stirib, dur deb chopmagan,
Dilda durim, mehri durdonam.

BOBODEHQONIM

Dala bolang, daladir onang,
Chanqasa gar suv tutish farzing.
Minnat qilmay bo‘lar parvonang,
Jim tinglaydi aytolsang arzing.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Dardkashi yer bobodehqonim!

Cho‘zilasan yerga, sezasan,
Ona yerning namchil taftini.
Oftob sabab qizigan boshing
His qiladi yerning kaftini.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Kafti qadoq bobodehqonim!

Issiqda tan lovullaganda
Mayli, deding, taftiga ko‘nding.
Bug‘doyzorlar shovullaganda
To‘lib ketar, to‘liqar ko‘ngling.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Keng fel’lginam, bobodehqonim!

Mehnat qilsang dam olasan, rost,
Tiniming yo‘q, topganing – mehnat.
Bedazorlar iforidan mast
Oyga boqib, uxlamoq ham baxt.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Baxti kulgan bobodehqonim!

G‘o‘zalarga cho‘zasan qo‘ling,
Chanoqlarda o‘zbaki salom.
Paxtaday oq bo‘ladi yo‘ling,
Bog‘-rog‘ bo‘lib gurkirar kalom.
Mehnat qilib yayragan jonim,
Kalomi pok bobodehqonim!
 
SOG‘INCh

Ona, sizni sog‘inganimni
Samodagi qushlar bildilar.
Lol qoldirib do‘stu g‘animni
Ergashtirib parvoz qildilar.

Men qush bo‘lib siz tomon yeldim,
Ko‘zim bahri to‘la marvarid.
Poyingizga cho‘kmoqqa keldim,
Dardingizni qilayin xarid.

Ona, sizni sog‘inganimga
Lojuvard ko‘k, ona yer guvoh.
Ko‘nglim qanday sig‘sin tanimga,
Sog‘inch o‘sib, bo‘ldi bir chorbog‘.

Kutib qoldi onam – Shofirkon,
Bolaligim qochar mo‘ralab.
Diydor istab shoshdim, onajon,
Borayapman yillar oralab.