Kavsar (1987)

Kavsar (Shodiyeva) 1987 yil G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan. Kavsarning “Non hidi” (Toshkent, 2003) va “Tong quyoshi” (Toshkent, 2009) nomli she’riy hamda “Gulistondan javohirlar” (Toshkent, 2010) tarjima kitobchalari nashrdan chiqqan. Hozirda J. Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari yuzasidan ilmiy izlanishni davom ettirmoqda.

VATAN NEDIR?

Vatan nedir?
Vatan ne demak?
Men tinglagan
Allami yoxud,
Buvim aytgan
Yoqimli ertak?
Bilmam uning
Qay birida bor?
Qay birida
Uning nafasi?
Vatan balki
Oppoq qushlarning
Makon tutgan
Ko‘ngil qafasi…
Vatan nedir?
Vatan ne demak?
Buxoroning tinch
Sahrosimi?
Yo xofizning
Mayin sadosi?
Vatan mag‘rur
Nigohlarini
Qadagan tog‘lar
Qoyasimi?
Yo qo‘limga
Ohista chiqqan
Chumolining tor
Uyasimi?..
Vatan nedir?
Vatan ne demak?
Ayting kasbu
Korimmi Vatan?
Jayron tuyoqlari
Ostida,
Qolgan xasu
Xorimmi Vatan?..
Aytma go‘zal
Tashbehlaringni,
Vatan tashbeh
Emasdir shoir.
Sen o‘ylagan
Bir siqim tuproq
Yoki uvoq
Emasdir Vatan.
Vatan menga
Begona emas.
U – Chinorim,
Minorim – vatan.
Vatan meni
Begona demas.
U – mardonam,
Durdonam – Vatan.
Men anglagan
Tuyg‘ular, hatto
Ko‘ksimdagi
Dardim – bir vatan.
Unib chiqqan
Yalpiz, rayhonning
Bo‘yidagi
Gardi ham – vatan.
Vatan nedir?
Vatan ne demak?
U zaminning
Sarhadlarimi?
Yo‘q, yo‘q…
Sarhad deya
Chalg‘ima shoir,
Sen vatanni
Bilmog‘ing kerak.
Vatan asli –
Qizg‘aldoq ichra,
O‘ynab yurgan
Betinim bola!
Vatan menga
Bag‘rini ochib,
Kulib boqqan
Mehribon Ona!

ZAMIN

Osmon olislarga
Chorlagan sari
Men zamin bag‘rida
Qolaveraman.
Tungi chiroqlardek
Porlagan bari,
Yulduz tasvirini
Solaveraman.
O‘zing ayt menga sen,
Qildimmi xato,
Qarshingda oyni ham
O‘ylayveraman.
Rashk etib nolima,
Bilmaysan hatto
O‘zingdan seni men,
Yo‘qlayveraman.
Fusunkor ohanglar,
Mayin navolar
Ko‘ngil tilsimlarin
Ochaveradi.
Yuragim eng go‘zal
Tuyg‘ularini,
Shu zamin ustiga
Sochaveradi…

JAVOB BER, YuRAK…

Kechir, yuragimni aldayolmadim,
Bedoru xastani aldamoq abas.
O‘tmish xayolimni haydayolmadim,
Endi yolg‘izgina zohidlik havas.

Hayot nedir, nedir haqiqat?..
Savollarga ko‘mar yuragim.
O‘zing ayt deb so‘rama faqat,
Shudir sendan bitta tilagim…

Bu dunyo nimadir, omonat nima?!
Va’dami yoki bir va’dali iymon…
Unda omonatga xiyonat nima?!.
Xiyonat – va’dani unutmoq, inon…

Hayot nedir, foniy dam nechun?..
Yana sendan so‘rayman takror.
Sen qaydasan, endi sen uchun,
Javob berar yuragim bemor…

Kechirgin sensizin yashay olmadim,
Kamalak dunyo ham qalbimga qafas.
O‘zganing dilini g‘ashlay olmadim,
Xayolimda isming, kezar har nafas.

Hayot nedir, nedir haqiqat?
Javob berasanmi yuragim?
Indamasang sen ham beshafqat,
Yurak bo‘lasan-ku keragim…

ISSIQ NON…

Ko‘chadan horib men uyga qaytaman,
Dimog‘imga urar issiq non hidi.
Shu onda tark etib butun horg‘inlik,
Tanimni yayratar yashash umidi.

O‘zbegim ayoli, non yopuvdingmi,
Non yopgan qo‘lingdan o‘rgilay o‘zim.
Onamsan, opamsan, Momo Havosan,
Izn ber, poyingda etayin ta’zim.

O‘zbegim ayoli, mehmoning bormi,
Darvozang bekitmay qo‘yibsan ochiq.
Tabarruk ne’matdek mehring ham taftli,
Bag‘ri kenglik senga Ollohdan tortiq.

Gar qoqsam darvozang bir suv bahona,
Aslida dil tortar suhbating qo‘msab.
Bilaman, tashrifim senga yoqadi,
Yangi oy ko‘rgandek ketasan yashnab.

Andisha, hayodan yaralgan xilqat,
Doim farzandida fikru xayoli.
Olam beshigini tebrata olgan,
O‘zbek ayolisan, o‘zbek ayoli.

Mushfiqqinam,
Bugun non yopuvdingmi…

KELADI

Yurdim qamishzorning keng saroyida,
Nayiston ichra bir navo keladi.
Tengi yo‘q, har biri o‘z chiroyida,
“Alif”dek qomati raso keladi.

Bir majlis emishki, dilga yoqar xush,
Alar suhbatidan ziyo keladi.
Xushbaxtxona ichra kel ey, zohid tush.
Har xonadan bo‘yi Xudo keladi…

Qamish aro edi topganim bir soz,
Chaldimu, shoshilib sabo keladi.
Topganini yig‘ib yana, deydi: “Oz..”
“Mim” kabi egilib gado keladi.

RAVO KO‘RDINGMI?

Menga tun chehrangni ravo ko‘rdingmi?
Qahringni men uchun jazo ko‘rdingmi?

Rashk deya atalgan chohga yiqilib,
So‘zimni, ishimni xato ko‘rdingmi?

Ayt, menga yana sen nelarni ko‘rding?
Qaddi dol hilolni raso ko‘rdingmi?

Ne uchun egningda o‘zga bir libos,
Sen eski jomani qaro ko‘rdingmi?

KEChIKKAN JUR’AT

Samoga boqmadim, shunchaki bu kech,
Orazing izladim tun oymomodan.
Oydan ham topolmay, nigohing bu kech,
Bu kecha yalindim nurli samodan.

Topib ber malagim siymosini, ko‘k,
U aytdi: “Malaging ko‘rinmadi hech”.
Men usiz zaminda turolmadim, ko‘k,
Ko‘k dedi: “adashding, uni yo‘qlab kech”.

Bir oz xira tortgan yulduzga qarab,
So‘rayman, qaydadir aytgin yulduzim,
Javob berar menga hassasin qadab,
Men qaridim endi, o‘tmaydi ko‘zim.

Bulutlar tinmadi, ko‘zga yosh olib,
Yoshlanib-yoshlanib o‘tdi bir oqshom.
Barchaning qalbiga sirli ishq solib,
Bilsamki, ketibdi u, o‘tgan oqshom.

IZLAMANG MENI

Qaylarda qolding deb izlamang meni,
Intizor ko‘zingiz irmog‘idaman.
Yo‘q, yo‘q, meni deb dovondan oshgan,
Chashmi iztirobning qirg‘og‘idaman.

Vafodan yaralgan bevafoginam,
Men endi firoqning ishq to‘ridaman.
Ketyapman, sizdan yo‘q hech qanday ginam,
Chunki men pokiza qalb to‘ridaman.

Siz meni izlamang, ko‘kdagi oydan,
Men oydan uzoqqa uchib ketganman.
Faqat sizdan qochib bevafoginam,
Quyoshning bag‘riga ko‘chib o‘tganman.

Kelmangiz yonimga ko‘ngil so‘rgani
Men sizga dilimni berib ketganman,
Sizdan yashirib bu yuragingizni,
O‘zim bilan olib, ko‘kka yetganman.

Qaylarda qolding deb izlamang meni,
Men ma’yus chehrangiz nigohidaman,
Yo‘q, yo‘q, meni izlab samoga boqqan,
Har tola kiprikning dargohidaman.

ONA
(Dunyodagi barcha onalarga bag‘ishlanadi)

Qildim bayon vasfing
Uzundan – uzoq,
Ona, so‘z topmadim
Senga loyiqroq.
Quyosh bor dunyoda
Charog‘on biroq,
Men uchun quyoshdan
Mehring ulug‘roq.

Dunyo tushungaydir
O‘zicha bizni,
Bildik o‘zimizcha
Biz ham dunyoni.
Bugun o‘zgalarga
Bo‘lib beqadr,
Men bildim, onajon,
Yaxshiroq seni.

Podshoh ham, gado ham
Kimgadir farzand.
Barchaga teng bergan
Mehrini ona.
Qabul et, poyingda
Aylayin ta’zim,
Bir doston tug‘ildi
Bugun sha’ningga.

O‘qidim, nozikta’b
Shoirlaring ham,
Vasfingni yoymakka
Ojiz qalami.
Ne sabab bunday, ey
Aytgin, buyuk zot,
Balki qalbing to‘la
Hayajon, titroq…

Bilmadim, taqdirim
Ne yo‘lga boshlar.
Hali yashirin bu
Kelajak siri.
Shoira bo‘lolsam
Faqat sizga deb,
Men qasr quraman
Birinchi bo‘lib.

Tojmahal qurildi
Sevgiga atab.
Men deyman, bo‘lg‘usi
Onaga atab.
Ey, dunyo jamiiyki
Qizlarni asra,
Chunki, u avvalo
Bo‘lg‘usi ona…

Ha, qizlar biladi
Ona qadrini,
Qachondir ular ham
Ona bo‘lganda.
Ona iztirobin
Tushunar balki,
Ular ham bolam deb
Qayg‘urganida.

Men diyor izladim
Dunyoni kezib,
Va qo‘nim istadim
Kulba axtarib,
Qush bo‘lib uchdimu
Bag‘ringdan uzoq,
Men makon topmadim
Qalbingdan yiroq…

BOG‘ ARO

Muhabbat bog‘iga
Kirgan ilk kunim.
Eng ezgu orzular,
Ezgu niyatlar,
O‘tli nigohlaru
Nihon yonishlar…
Ta’rif etolmayman
Til tekkizolmayman,
Bu – o‘tmishimning
Yorqin kunlari…
Hijronning domiga
Ilingan kunim,
Behisob qayg‘ular
Ilk iztiroblar,
Mungli nigohlaru
Undan nolishlar…
Ta’rif etolmayman,
Til tekkizolmayman,
Bu ham o‘tmishimning
Yorqin bir kuni…
Endi men hammasin
Unutgan kunim,
Qayg‘udan yiroqda
Osuda tunim.
Faqat u qiynaydi,
Qaynoq sog‘inchim,
Va’dasin unutgan
Yolg‘onchi gulim…
Ta’rif etolmayman,
Til tekkizolmayman.
Bu gulshan aro men
Qola olmayman.

AYoL ASLI

Ayol kimdir?
Ayol – ojiza.
So‘zlarida turmagan – ayol.
Ayol kimdir?
Ayol – pokiza.
G‘animga yuz burmagan – ayol.
Ayol edi, Mavlaviyning
Onasi,
Ayol edi, bu dunyoning
Oynasi.
Ayol edi, jur’atsiz dil
Xonasi,
Bu olamni ushlab turgan
Muhabbatning
Soyasi…
Ayol kimdir?
Ayol – ojiza…
G‘iybatlardan chiqmagan – ayol,
Ayol kimdir?
Ayol – mo‘‘jiza.
Dunyolarga sig‘magan – ayol.
Ayol kimdir?
Yig‘latgan – ayol.
Ko‘ksidagi yagona ishqni
Foniy hisga
Tig‘latgan – ayol.
Ayol kimdir?
Yig‘latgan – ayol,
Ham yig‘latgan, yig‘lagan – ayol.
Ayol kimdir?
Kuldirgan – ayol.
Ham kuldirgan, kulgan ham – ayol.
Ayol kimdir, aytay do‘stlarim:
Asli – ayol, joni – ayolmas.
Ayol kimdir, bu dunyoda:
Asli – erkak, joni – muannas…

BERAHM ERTAK

Ko‘nglim sezgandi,
Bir kun sen menga
Ketishing haqida
So‘ylaysan ertak.
Men-chi ertaklaring
Ustidan kulib,
Aytaman bu cho‘pchak
Menga ne kerak?..
Mana, sen aytgan
Zamon ham keldi.
Navbatin kutmoqda
Berahm ertak.
Rahm et, bir zum
Qolay yoningda,
Sen-chi, unamading.
Hozir…
Ketishing kerak…

NE’MAT ORZUSI

Ko‘chalar, daraxtlar,
Chang. G‘ubor bosgan.
Bir on ezilib,
Qor yog‘sa edi…
Osmonni xiralik,
Tumonat bosgan,
Yomg‘ir-da suzilib
Bir yog‘sa edi…
Balki soyabonim
Uyda qoldirib,
Boshyalang dalaga
Chiqardim, balki…
Temur xiyobonin
Ortda qoldirib,
Toshkentni aylanib
Chiqardim, balki…
Chiroqlar, chiroqlar…
Yashil chiroqlar…
Yo‘l bering, yo‘llarda
Yurayin yayov.
Chiroqlar, chiroqlar
Katta so‘roqlar:
“Bu katta yo‘llarda”
“Nechun siz yayov?”
Ko‘chalar, daraxtlar
Chang bosgan, xiyol
Bir dam tizilib
Qor yog‘sa edi…
Shoirni karaxtlar
Tun bosgan xayol,
Yomg‘ir ham suzilib
Bir yog‘sa edi…

* * *

“Men” bo‘lsa, dunyoga havas bo‘larkan.
Ruhiyat qushiga qafas bo‘larkan,
Allohning eng go‘zal mo‘‘jizasidan
Bandaga berilgan nafas bo‘larkan.

Dindoshim, birodar, uloqtir “Men”ni,
Pokiza ko‘ngilga joylagil “Sen”ni.
Musharraf bo‘lgaysan, topmoqqa balki,
Hayotning sayqali o‘shal “Hech kim”ni.

YoRNING QULIMAN

Dunyo meni
Anglamoq uchun,
O‘ttiz yil kerakdir.
Balki ellik yil…
O‘shal kun inson deb
Tan olmoq uchun,
Sarflamoq kerakdir
Umrni balki.
Sen kimsan demading:
Yorning quliman,
Gunohkor bandaman,
Devonasifat.
Xaroba edimu,
Erga to‘kildim.
Kezaman dunyoni
Xarobasifat.
Ko‘zlardan oqqani
Tomchi yosh emas,
Dengiz qa’ridagi
Durdan nishona.
Olgan malomatim
Asli tosh emas,
Bog‘ida ko‘ringan
Hurdan nishona…
Ayting bu dunyoni
Qurgan kim edi?
Kim edi, kim uchun
Bunyod ayladi?!.
Jim edi, koinot,
Asli jim edi…
Jimlikda insonni
U yod ayladi.

TOPGANIM

Hayolardan qochib-qochib,
Borib oxir, xato topdim.
Xatolarning yuzin ochib,
Borib yo‘ldan aso topdim.

Yiqildimu, dedim: “Alloh”
Gunohimga jazo topdim.
Shukr debon, so‘rdim panoh,
Bu dardimga davo topdim.

Bahouddin izlaridan,
Yurib-yurib, duo topdim.
Duolarning so‘zlaridan,
Hurmatidan hayo topdim.

Hayo olib bordim unga,
Qaytishimda ziyo topdim.
Xamir qildi qorib unga,
Jafolardan vafo topdim.

Sen, ey, Kavsar topmading hech,
Nafs balosidan o‘zgani
Ko‘ngil aytar: “O‘zingdan kech!”
Qo‘y, Rizosidan o‘zgani.

IYMON BILAN YaRATGAN

To‘lin oy, seni Rabbim tanho etib yaratgan,
Senga ko‘z tegmasin, deb dog‘lar surtib yaratgan.

Yulduzlarni atrofga chaman qilib yaratgan,
Seni ul chamanda misli sanam qilib yaratgan.

Bizni Alloh dunyoda halol bo‘l, deb yaratgan,
Xoksor-la qaddi dol, hilol bo‘l, deb yaratgan.

Biz-chi, halol bo‘ldikmi yechib hayo pardasin?
Vaholanki, U bizni inson qilib yaratgan.

Nafs yo‘liga og‘dikmi, ichib hayot bodasin?
Demadikmi, U bizni nodon etib yaratgan?

Odamzotga bu borliq mo‘‘jizadir shubhasiz,
Ko‘rmadikmi, erkagu ayol qilib yaratgan?!

Oyga ham qo‘yib qadam, topganimiz ne bo‘ldi?
Bari jumboq biz uchun, xayol qilib yaratgan.

Etti olam asrori senga Undan xabardur,
Eshit, inson, borliqdan yolg‘iz Alloh Akbardur!

Kel ey odam, birlashib, ibodatga bog‘la bel,
Alloh bizni musulmon banda qilib yaratgan.

Turku Ajam, Mag‘ribdan kelar yig‘lab odamzot,
Zero, ko‘ngil uyini iymon bilan yaratgan.

Mohim, seni U ko‘kda tanho qilib yaratgan,
Nur yuzingni biz uchun hayo qilib yaratgan.

Qalqon bo‘lsin eng go‘zal axloqimiz tunu kun,
Zero, Alloh barchani ibo bilan yaratgan!


NOLAI DIL

Zebogo‘y erursan, zebolik senga yarashgay,
Nain zebolik, balki dilrabolik yarashgay.

Uzlat istagay ko‘ngil bugun yoding ila,
Besabrlik menga, Senga ibolik yarashgay.

Loba ko‘rguzdimu deding: “berurman, tila”
Sultonlik Senga, menga gadolik yarashgay.

Xo‘bliq ayla manga, berib ishqdin nasiba,
Ki majnun esam, ishqda savdolik yarashgay.

Uzmam umidimni diydor diyoridin men,
Ki, qalbim dardiga bedavolik yarashgay.

Misli mohtob bilmangiz, chehrai zardimni,
Ki, dili xunman menga shaydolik yarashgay.

Olamorolikmu ishing, mendek g‘aribga,
Erib bitgay jon Senga jafolik yarashgay.

Rohim erursen Rohimli zot o‘zing, yo Rab,
Kavsaringga vasl, Senga tanholik yarashgay.

KELDIM

Shohmenu egnimda xirqa, men seni ko‘rgali keldim.
Yo‘q bisotimda miri ham, bazmi jom qurgali keldim.

Nurnisor deb ta’rifing yetkazdilar jahon ahliga,
Ko‘nglima ishq tig‘in sanchding, boisin so‘rgali keldim.

Demagil sen ey, lolaruh, kelsam magar tufayl nechun?
Qaro sochlaring to‘zg‘imish, alarni o‘rgali keldim.

Shoh erur, ishqda gadodur deb aytsa nodon kishilar,
Menki, andin tafoxurda, sanga bosh urgali keldim.

Ne uchunkim kelursan boz deb jonima qilma jafo,
Dilim mehrin vafosidin ishq qasrin qurgali keldim.

Hajru firoqing dardini mendin raf’i et sumanso,
Vasling bihishtida bo‘lib, men muqim turgali keldim.

XATO AYLAMANG

Xayol ichra suzganim ko‘rib siz parvo aylamang,
Ka’badek ko‘ngil uyin shubhadin rasvo aylamang.

Shayxi San’on uchun buncha, siz tavallo aylamang,
Tarsoliqdin judo aylab, ani porso aylamang.

Majnuni Qaysni ko‘rib, ani mudovo aylamang,
Vasldin ayru firoqni oshiqqa ravo aylamang.

Qayu moh ko‘kda yuzin siza tajallo aylasa,
Samarqandu Buxoroni anga hibo aylamang.

BORMIKAN

Bu jahonda Seningdek sharm aylaguvchi bormikan,
Tun zulmatda o‘zini sham aylaguvchi bormikan.

Bu dunyoda yemoqlik bor birov haqqin xotirjam,
Lek vijdonan boshini xam aylaguvchi bormikan.

Xayr etsak-da Hotam kabi yuz kun bechoralarga,
Halol bir non ila karam aylaguvchi bormikan.

Bu olamda nafs yo‘lidan yurib yiqqanlari samm,
Savoblardan gunohni kam aylaguvchi bormikan.

Magar hisob vaqti hamma Mashhargohda bo‘lsa jam’,
Qo‘rqib gunohdin ko‘zni nam aylaguvchi bormikan.

Ochmagay ko‘ngilni Kavsar, o‘zgadin ko‘rmish sitam,
Anga Sendek o‘zni mahram aylaguvchi bormikan.

TO‘RTLIKLAR

Ortiq menga oshyon kerakmas.
Mol-dunyoga hamyon kerakmas,
Elting meni, do‘stlar oldiga,
Faqat menga nodon kerakmas.

* * *

So‘z gavhari ma’no dedilar.
So‘ng ularni so‘zga sotdilar.
Tikanlarga o‘rab ayovsiz,
Yaxshilarga qarab otdilar.

* * *

Tun kirdi ashkimni yashirmak uchun,
Hatto rahm etdi bu omonat dunyo.
Sen-chi, sen qadringni oshirmak uchun,
Ketdingmi tashlabon, ey guli ro‘yo.

* * *

Sen ey, inson, ko‘zni avayla,
Yaxshilarni ko‘rmog‘ing uchun.
Tikanlardan so‘zni avayla,
Qasri savob qurmog‘ing uchun.

* * *

Hayot o‘yin misli, inson – ovunchoq.
Yashamoq – sham erur, qo‘yibsan yoqib,
Faqat emas bunda lison – o‘yinchoq,
So‘zlaring daryoga ketmaydi oqib.

* * *

Shu latofat, shu chiroy, bitta xol ila,
Hofiz Sheroziyni lol etgan malak.
Jonimning rishtasin bo‘yningga bog‘la,
Bugun men Hofizu telbaman, halak.

* * *

Bobur sog‘inchida qolgan she’riyat,
Usmon xayolini olgan she’riyat
Bu kun meni yana asira aylab,
Jonimga o‘tli ishq solgan she’riyat.

* * *

Bir nigoh tashlab meni tohir etding,
Avval gung aylabon, so‘ng mohir etding.
Vasfing uchun topmasimdan bayt senga,
Lahza firoqing ila shoir etding.