Jo‘rabek Ramazonov (1983-2014)

Jo‘rabek Ramazonov 1983 yil Surxondaryo viloyatining Boysun shahrida tug‘ilgan. Tumandagi 1-maktabda tahsil olgan. Ijod namunalari respublika matbuotida elon qilingan. O‘zbekiston yosh ijodkorlarining an’anaviy “Zomin” seminari ishtirokchisi. “Tavallo” (2003), “Bugun” (2008), “Yur, qochib ketamiz” (2011) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. “Boysun” gazetasining adabiy bo‘lim muharriri bo‘lib ishlagan. 2014 yil yurak hurujidan vafot etgan.


Q I Yo M A T

Dunyo ko‘rmas emish boshqa payg‘ambar
Muhammaddan toki mahsharga qadar.

Ungacha poklanib bo‘lishi shart yer,
Yozilib bo‘lishi kerak hamma she’r.

Qiyomat kunida erkagu ayol
Qip-yalang‘och yurar emish bemalol.

Tangrining qoshida tiz cho‘kib u choq,
Har bir gunohiga berarmish so‘roq.

Hozir-chi, erkakka urar erkak do‘q,
Ayolning egnida yarim libos yo‘q.

Aslini shunchaki surishtirsang gar,
Payg‘ambar nomiga mingta da’vogar.

Menimcha, qiyomat boshlanar shu dam –
Qachonki odamga sig‘insa odam!

* * *

Garchi ko‘p dunyoda ellar, elatlar,
Ba’zisin xalqidan qonuni bisyor.
Ammoki har nima bo‘lsa, millatlar
Ozod yashamoqni aylar ixtiyor.

Erk axir tomirdan unguvchi daraxt,
Yaprog‘in yo‘llarga gulday to‘shasa…
Bu qanday el – agar kunduzi karaxt,
Tunlari xavotir bilan yashasa!

Bu qanday el, agar haqgo‘ylar asir,
Daholar avaylab yursa jonini.
Eyishga bir burda noni yo‘q shoir
Maqtasa shohining dasturxonini!

Bu qanday el, agar unutib shonni,
Tonglariga o‘zi berolmasa zeb.
Millatning yagona qahramonini
Tanishtirsa xalqqa dushmaning shu deb

Dehqoni ko‘rnamak, cho‘poni o‘g‘ri,
Qizi beandisha, o‘g‘li toshbag‘ir…
Telba buyruqlarning ayovsiz cho‘g‘i
Asl farzandlarni kuydirsa bir-bir…

Ha, tarix dillarga cho‘kar tosh bo‘lib,
Unutib bo‘lmaydi lahza-yu onin.
Yurtim, sen misoli bir quyosh bo‘lib,
Yashnatib yuraver dunyo ayvonin!

X O‘ R O Z

Tong chog‘i xo‘rozni turtadi tovuq:
“Turing endi, xalqni uyg‘otish kerak!”
Xo‘roz-chi, to‘ng‘illab qo‘yadi sovuq:
“Hali erta axir, jim yotish kerak!”

Ikkinchi bor tovuq turtganidan so‘ng
Erinib ochadi xo‘roz ko‘zini.
Allaqachon ortda qolib ketgan tong,
Suron egallagan zamin yuzini.

Shunda so‘ka boshlar tovuqni xo‘roz:
“Nega uyg‘otmading sen befarosat?
Hamma yoqda bizga begona ovoz,
Endi qichqirishga qolmabdi hojat!”

Bu na latifa-yu, na bir rivoyat,
Shunday ekan, ma’no izlamang bundan.
Lekin… boshlanishi mumkin qiyomat
Odamlar xo‘rozga ishongan kundan.

U R U Sh

Qo‘shnimiz bor edi – bardamgina chol,
Faqat bir qulog‘in miltiq cho‘qigan.
Qiziqib, urushdan beramiz savol,
Deydi: “O‘lmaganman tanklar o‘qidan.

Qo‘ltiqtayoqqa ham suyanganim yo‘q,
Huv ana, miltig‘im ayvon qoshida.
Hozir ham shu Vatan uchun jang qilmoq
Lozim bo‘lsa, borgum safning boshida!”

To‘g‘ri, men urushni ko‘rgan emasman,
Xiyla eshitganman choldan harqalay.
Ammo olovlangan yuragim bilan
Hayot maydoniga kiribman bilmay.

Ko‘rdim – kurashlarga yaramaydi bir,
Lekin ko‘kragini kergani kergan.
Angladim: bundaylar ortidan kimdir
Telefon go‘shagin ko‘tarib turgan.

Ba’zida mendan yuz burganda omad,
Shunchaki dard bilan cho‘kkanda ko‘ksim,
Ayamasdan sochar turli malomat
Qandaydir “…vich”larga ishongan do‘stim.

Ko‘rdim – falonchining erka bolasi
Imtihon mahali surganmish “tanka”.
Pistonchi mansabning zinalaridan
Suyanib chiqqanmish qo‘ltiqtayoqqa.

Maydonga qurolsiz, o‘qsiz kirganman,
Faqat yuragimni bo‘yadim oqqa.
Tanklarning zarbidan hanuz omonman,
Suyanganim ham yo‘q qo‘ltiqtayoqqa!

N U Q T A

Xohi jiddiy, xohi yo
Shunchaki hazil bo‘lar,
Tugaguncha bitta gap,
Ming jonim savil bo‘lar.
Falonchiga xush yoqar –
Buyruq beradi ko‘proq;
Chidayman-da boshimda
Tursa ham uzun tayoq.
Pistonchi kimlarnidir
Qilar tinmayin so‘roq.
Bunday mahal ustimda
Gerdayar o‘tkir o‘roq.
Ba’zilar pardoz uchun
Gohi “dum” ham qo‘yishdi.
Gapin ichga yutganlar
Meni uchga bo‘lishdi.

AYoL HAQIDA

Siz nega ayolni beozor deysiz,
Nimaga o‘yingiz bo‘lmaydi teran?
Shoirlar yolg‘onin istisno qilsak,
Kim unga qaysi vaqt jonini bergan?

Tasavvur qilaylik: izg‘irinli kun,
O‘tib ketayotir yo‘ldan bir juvon.
Axir, shu ayolning po‘stini uchun
Ehtimol qirq quyon bo‘lgandir qurbon!

Biz kabilar nuqul yolg‘onni yozib,
Qoshida o‘zini poyandoz tutar.
Lekin ayollarga yoqa bo‘lay deb
Orzu qilmagandir bironta suvsar.

Ayol ham o‘zini xokisor bilib,
Kimnidir suyadi, kimdan kuyadi.
Dahshatli timsohning terisin shilib,
Oyog‘iga etik qilib kiyadi!

Siz yana ayolni beozor deysiz…

O N A

Qaysidir qavmda urushdan keyin
Onalar kelarkan jang maydoniga.
O‘g‘lining jasadin topib, so‘ng sekin
Yaqinlashar ekan uning yoniga.

Agarda dilbandi old tomonidan
Yaralangan bo‘lsa, tortarkan uvvos.
Joy berib ajdodlar qabristonidan,
Aza tutisharkan onalarga xos.

Agar orqasidan o‘q yeganda u,
“Urushdan qochgan” deb qo‘yarkan tashxis.
Hech kim yig‘lamaskan, chekmaskan qayg‘u,
Ona ham murdadan o‘girarkan yuz.

Bu ko‘hna dunyodan qolgan bir qissa,
Aslini bilmayman – yolg‘onmi yo chin.
Ammoki, hayotda shundayin yasha,
O‘lsang, hech bo‘lmasa onang yig‘lasin.


B U L B U L

Bu bulbulga kelmas havasim,
Ko‘r qilmishi ko‘ksim tiladi –
Qancha go‘zal bo‘lmasin sasi,
Ozodlikda nola qiladi.

D O G‘

Yuzingda dog‘ing bor, deb
Oyga ta’na qilamiz.
O‘ylayman ich-etim yeb:
Qani yerda dog‘siz yuz?

Q O‘ R Q O Q

Baliqning qiltig‘idan qo‘rqadi,
Havoning shiltig‘idan qo‘rqadi,
Boshlig‘ining xonasidan qo‘rqadi,
Xotinining onasidan qo‘rqadi.

* * *

Bir sahar ukamni uyg‘otmoq bo‘lib,
Turtkilay boshladim tutib kiftini.
U esa negadir birdan seskanib,
So‘ng siltab yubordi mitti kaftini.

Xullasi, o‘sha tong qonadi burun
Uyg‘onsin deganda jajji bir go‘dak.
Qonamasmi xalqni uyg‘otmoq uchun
Minglab burunlaru milyonlab yurak…