Jo‘ra Rahim (1933)

Taniqli bolalar shoiri Jo‘ra Rahim 1933 yilda Namangan viloyatining Chortoq shahrida tug‘ilgan. U Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgach, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridagi maktablarda ishladi.
Jo‘ra Rahimning kichkintoylarga atalgan asarlari 1952 yildan vaqtli matbuotlarda nashr etib kelinmoqda. Shoirning „Qo‘ng‘iroq“, „Momaqaldiroq“, „Bir butun oy, o‘n ikki yulduz“ deb nomlangan o‘ndan ortiq kitoblari bosilgan.
Filologiya fanlari nomzodi Jo‘ra Rahim she’riy asarlaridan tashqari ilmiy-ma’rifiy kitoblari bilan ham o‘z muxlislarining e’tiborini qozonib kelayotir.

BIR BUTUN OY, O‘N IKKI YuLDUZ

Juda qadim zamonda
Chol-u kampir bor edi.
O‘g‘il va qiz ko‘rmagan,
Dastyorga-chi zor edi.
Ikkalasi ham ahil,
Aqlda edi dono.
Shuning uchun qo‘shnilar,
Hurmatlardi doimo.
Kampir uyda o‘tirar,
Qilib uyning yumushin.
Chol omoch-la yer haydab,
Tamomlar dala ishin.
Bug‘doy o‘rish ko‘yida,
Chol qirga ketdi bir kun.
Kampir qoldi uyida,
Ovqat tayyorlash uchun.
Mana ovqat ham tayyor,
Kim olib borar qirga.
Kampir yalinib ko‘rdi,
Qo‘shni o‘g‘li Tohirga:
— O‘rgilay, o‘g‘lim, shuni —
Eltib bergin bobongga.
„Bir butun oy, o‘n ikki —
Yulduz“, degin bobongga.
— Ha, ho‘p, — deya Tohiijon
Jo‘nabdi qir tomonga.
Yo‘l yurish va charchoqlik
Oxir tegibdi jonga.
So‘ng madori quribdi,
Qorni ocha boshlabdi.
Tugunni yerga qo‘yib,
Asta yecha boshlabdi.
Tugunda so‘lqillama
Bir qatlama bor ekan.
Idishda chuchvaralar —
Terilgan qator ekan.
Chuchvara, qatlamadan
Keragicha yebdi u.
— Qolganini eltarman
Bobomlarga, — debdi u.
Etib borib boboga
Topshirarkan tugunni.
Debdi: — Buvim-chi, menga
Tayinladilar shuni:
„Bu tugunni bobongga
Eltib bergin“, — dedilar. —
„Bir butun oy, o‘n ikki —
Yulduz, degin“, — dedilar.
Tohimi alqab-yulqab
Bobo ovqatni yebdi.
Idishni bera turib
Tohirga shunday debdi:
— Kech qolding, o‘g‘lim, yugur,
Adashib qolma qirda.
„Yarimta oy, oltita —
Yulduz“, deb qo‘y kampirga.
— Ha, ho‘p, — deya Tohiijon
O‘qday uchib ketibdi.
Kechga qolmay kampirning
Huzuriga yetibdi.
— Siz yuborgan ovqatni
Bobom maqtab yedilar.
„Yarimta oy, oltita —
Yulduz“, degin dedilar.
— Tugunni yechibsan-a? —
Deb so‘rab qoldi kampir.
— Yechganim yo‘q, buvijon, —
Tohir bermay turdi sir.
— Shoshma, shoshma, yulduzim,
Quloq ber, menga qara.
Oltita yulduz o‘zi,
Olti dona chuchvara.
Yarim oy degani —
Yarimta qatlamadir.
Gapimga quloq solib
Gap qaytarmay turatur.
Bir butun qatlamadan
Yarmini o‘zing yebsan,
Nega hech tan olmaysan,
Sira yemadim deysan?
O‘n ikki chuchvaradan,
Olti dona qolsa ham,
Eganim yo‘q, deya san
Bo‘yin bermaysan, erkam.
Ebsan, mayli, jon bolam.
Eganlaring osh bo‘lsin!
Ammo to‘g‘ri gapirgin,
Buviginang o‘rgilsin.