Ismatullo Yo‘ldoshev (1953-2021)

Yo‘ldoshev Ismatullo Asadovich 1953 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan. 1976 yilda Toshkent davlat universitetining huqushunoslik fakultetini tugatgan. 1969 yildan 2013 yilga qadar prokuratura organlarida mas’ul lavozimlarda ishlab kelgan. Huquqshunoslik fanlari nomzodi. Adliya katta maslahatchisi (polkovnik). O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
I.Yo‘ldoshev quyidagi asarlar muallifi:
“Yolg‘izlik” (So‘g‘diyona – 1979), “Armonli dunyo” (Zarafshon – 1980), “Habib bo‘lgin menga muhabbat” (Zarafshon – 1990), “Havas” (Zarafshon – 2001), “Bunda tonglar kashf etar o‘zni” (Zarafshon – 2002), “Bir hovuch oftob” (Zarafshon – 2004), “Ko‘ngil yog‘dusi” (Zarafshon – 2005), “Qalb charog‘i” (Zarafshon – 2005), “Beshikdagi nur” (Zarafshon – 2007), “Rubeji jizni” (Zarafshon – 2007), “Mehr” (Zarafshon – 2009), “Ishq mehrobi” (Navro‘z – 2012), “Umr devoni” (Sharq – 2012), “Na puti k istine” (Moskva Olma Media Grupp – 2013), “O‘zimni tinglab” (Zarafshon – 2014).
Bundan tashqari 2004 yilda “Qabohatga qo‘yilgan tuzoq”, 2005 yilda “Jumboq” qissasi asosida O‘zbektelefilm tomonidan kinolar ishlangan.
2021 yilning 29 iyulida vafot etgan.

*   *   *
Shirin so‘z eshitmas ul ahli riyo,
Umri arosatda o‘tar zim-ziyo.
Tavbaga kelmaydi ketar chog‘da ham,
Shaytonni chaqirib o‘qitar duo.

*   *   *
Nodonga o‘rgatma, bo‘lmaydi oqil,
Seni bir chaqaga olmaydi johil.
Azal tole’iga shunday yozilgan –
Etmishga kirsa ham topmaydi aql.

*   *   *
Hayoting tinch bo‘lsa, baxt degani shu,
Qanoting juft bo‘lsa, dov kelgani shu.
Tiriklik poygadir, sen bir chavandoz,
Chopmasa G‘iroting yov kelgani shu.

*   *   *
Ko‘rkdir odamzodga odobu iymon,
Qaniydi bir umr yashasa komron.
Dumog‘i hidlanib, bir kun semirsa –
Bilki, ilinibdi domiga shayton.

*   *   *
Dil ishqdan qo‘r olgan, yordan sado bor,
Vasling sharoriga ilhaq gado bor.
Poyingda Mashrabdek o‘zni unutdim –
Ko‘nglim mehrobida yolg‘iz Xudo bor.

*   *   *
Qaydan kelayapmiz, qayon ketamiz?
Manzil qay makonda, qachon yetamiz?
Savob-gunohlarni o‘lchaguvchi zot –
Senga qay birini bayon etamiz?

*   *   *
Jasadga jon kirmish kuyu qo‘shiqdan,
Sahroga jon kirmish to‘kilgan ashkdan.
Har neni istadim, o‘zimdan topdim,
Ko‘ngil sayqallanmish ilohiy ishqdan.

*   *   *
Intilib yashayman senga umrbod,
Dunyolar, daryolar bo‘lsada barbod.
Men uchun hamisha o‘zing muhtaram,
Sen hamon Shirinsan, men esa Farhod.

*   *   *
Dunyoning chechagi, shams ul-anvori,
Kim bo‘lsa, shu gulning men xaridori.
Sendek hur malakni izlab topardim,
Oyoqyalang kezib ko‘ngil bozorin.

*   *   *
Sevib qolgan bo‘lsang, demak yurak bor,
Ko‘ngil ka’basida ishqdir iftixor.
Ishqi ilohiydan tonib o‘tmoqlik,
Bilki gumrohlikka bo‘lganing iqror.

*   *   *
Qiz bola tug‘ilgan uyiga mehmon,
Ota-onasiga biram mehribon.
Biroq o‘zga uyda baxti ochilgay –
O‘zga xonadonni qilar charog‘on.

*   *   *
Umr mazmunini bezatgan ayol,
Hayot beshigini tebratgan ayol.
Ayolsiz xonadon quvonchi bo‘lmas –
Dunyo dasturxonin tuzatgan ayol.

*   *   *
Boshlig‘ing ko‘r bo‘lsa, sen ham g‘ilay bo‘l,
Izmida iylangan loydan qulay bo‘l.
Baribir bir kuni sotib ketasan –
San’atingni o‘rgat, mayli to‘lay pul.

*   *   *
Har yolg‘on bo‘ladi bir kuni oshkor,
Zamona lo‘ttiboz, jamoa bozor.
Men-ku gapirmadim tilsiz quduqqa,
Siringni fosh qildi quloqsiz devor.

*   *   *
Baland martabali zoti muhtaram,
Huzuriga kirdim, ayla deb karam.
Men ham ochman, dedi tishini kovlab –
Gapiga ishondim, men kallavaram.

*   *   *
Ko‘zingga qarashga qilolmas jur’at,
Jonini berguday turlanar murtad.
Shunday yaqinki u sening joningga –
Sug‘urib olishga kutadi fursat.

*   *   *
Bir so‘zki, taftidan kelar harorat,
Bir so‘zki, atridan dilda tarovat.
Ko‘ngil obodligi yurt obodligi –
Obodlik tinchlikka berar shahodat.

*   *   *
Ba’zilar matlabi mansab va boylik,
Ularga zar-zevar, oltin chiroylik.
Kimdir diydasi to‘q, kim nafsiga qul –
Kimdir zog‘lik yoqar, kimdir humoylik.

*   *   *
O‘t ketsa, ho‘l-quruq qolmay yonadi,
Qanoat aylasang, nafsing qonadi.
Eng yaxshi do‘stingdan xiyonat kutma –
U avval sotadi, keyin tonadi.

*   *   *
Ahmoqning bo‘lmaydi aniq nishoni,
Shakkoklik qilmagin zinhor ishonib.
Quloqqa «tepadi» laqmani topsa –
Johilga chiqarar ahli peshvoni.

*   *   *
Devorda bo‘lmasa edi gar quloq,
Har aytgan kaloming bo‘lmasdi uloq.
Devorga gapirdik, sado chiqmadi –
Lekin men gung bo‘ldim, sen bo‘lding cho‘loq.