Iroda Umarova (1987)

Iroda Umarova  1987 yilda, Jizzax viloyati, Forish tumani, Garasha qishlog‘ida tavallud topgan.

OTA UY

Mo‘jaz hovli,
Kattagina bog‘,
Darvozasi hech turmaydi berk.
Bunda kezib yurar bosh-adog‘
Tog‘ havosin kiyib olgan Erk.
Bunda kesmas quyosh qo‘lini
Ko‘cha bo‘ylab cho‘zilgan devor.
Bunda turmas yurak zo‘riqib,
Ovoz chiqar yayrab, jarangdor.
Tepsang, qo‘shning qilmas bezovta,
Peshonasi tosh ostonalar.
Somonsuvoq badanlariga
Behi hidin sepgan xonalar.
Uchta sandiq, bir eski tancha –
Shudir xolos bisot degulik.
Dabdaba va buyum o‘rniga
O‘rnatilgan mehr, totuvlik.
Ota hovlim,
Toming chetida
Ayronkadi osilgan butoq –
Quchog‘ingda turgani uchun
Mendan ko‘ra baxtli,
Baxtliroq!..

TILAK

Ko‘kning tovoniga sanchilar cho‘qqi,
Qarang, yarasidan oqmoqda shafaq.
Bir kunlik umrining rahmati haqqi,
Kapalak so‘nggi bor ko‘tarar qadah.

Kumushrang teraklar favvorasida
Oymomo nozlanib yuvar ekan jom –
Tuyg‘ular chirpinar dil qafasida,
Bir go‘zal, bir shirin tuyular oqshom.

Xayrli tun… yonar yulduzlar tani,
Xayrli tun… titrab-titrab yig‘lar sham.
Tilagim: har sahar bandalarini
Yaxshi odam qilib uyg‘otsin Egam.

* * *

Senga qo‘l siltadim, munavvar ochun,
Quyoshing ko‘nglimga oqmaydi sirqib.
Kimnidir o‘ylashim, yig‘lashim uchun
Umrimni tunlarga beraman qirqib.

Yulduz bisotida tugaguncha zar,
Qo‘yaman ko‘zimni osmonga tashlab.
Oy yaqin keladi yuragim qadar,
Labimga bir tomchi kulgu bag‘ishlab.

Qalbimga bostirib atirguldan iz,
Sog‘inib yashashdek hayot meniki.
Kutganim kelar va yig‘lar cho‘kib tiz:
Bu chiroyli sog‘inch… nahot meniki?!

O‘shanda yelkamdan qo‘lin olar tun,
Va qaytib keladi tonggi kulgular.
Mahzun taqdirimga ko‘nib topgan shu
Baxtimga ko‘zingiz tegmasin, gullar!..