Iqbol Mirzo (1967)

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliyev) 1967 yil 1 mayda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumaniga qarashli Qo‘shtegirmon qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2005). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Yurakning shakli» (1993). Shundan so‘ng shoirning «Ko‘ngil» (1993), «Seni sog‘inaman» (1994), «Meni eslaysanmi» (2000), «Tanlangan she’rlar» (2002), «Qo‘shiqlarim» (2004), «Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas» (2005), «Sizni kuylayman» (2007), «Agar jannat ko‘kda bo‘lsa…» (2010), «Vatan haqida qo‘shiq»«Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?!» (2014) singari kitoblari nashrdan chiqqan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).


Yolg‘iz

Milyon yilda meni yaratdi hayot,
Meni so‘rab, tog‘lar qator cho‘kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Bug‘lanib, qaytadan to‘kiladi suv,
Quyoshdan ishorat – ko‘z yorar ildiz.
Men, axir ularga o‘xshamayman-ku,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Har elat o‘zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan toiasan boshqa Iqbolni,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Nafasim – g‘animat, so‘zim – g‘animat,
Fojia – poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne’mat,
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz.

Yaratganga borib aytaman seni!
O‘zi hukm etsin odil va xolis.
Men qaytib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona, yolg‘iz…

O‘zbek

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam,
Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek.
Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham,
Noming aytar enasoylaring, o‘zbek.

Nuh to‘foni, demak qismat shamoli,
Kimningdir kamoli, kimning zavoli.
Sargashta kun ko‘rding ohu misoli,
Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.

Dili qonga to‘lib, ko‘zlari – yoshga,
Alp Tegin bir hikmat chegirdi toshga:
«Bizning qayg‘umiz yo‘q boladan boshqa…»
Bolangta bog‘lidir o‘ylaring, o‘zbek.

Bir zamon olovni iloh bilgan el,
Quyoshga qarashni gunoh bilgan el.
Har bir bosqinchini qo‘noq bilgan el,
Yovga so‘qmoq bo‘lgan ko‘ylaring, o‘zbek.

Ismingni ayirib kechdi asrlar,
Xonlikni beklikka bo‘lgan ne sirlar?
Kentlarga sochilgan o‘rda, qasrlar…
Kumdan qorilganmi loylaring, o‘zbek.

Dil ko‘zg‘alsa, elni to‘xtatib bo‘lmas,
Sel qo‘zg‘alsa, gilni to‘xtatib bo‘lmas,
Zanjir uzgan qulni to‘xtatib bo‘lmas,
Tig‘ bo‘ldi har bitta mo‘ylaring, o‘zbek.

Bo‘yningdan ketgan yo‘q hali dor izi,
Ko‘y, qora kunlarning o‘chsin qorasi!
Sen borsan – Temurning ulug‘ vorisi,
Osmoningga qaytdi oylaring, o‘zbek.

Katta qishloq ekan Parij, London, Rim
Dalamni sog‘inib ezildi ko‘nglim.
Dunyo go‘zali – sen, qadoqqo‘l singlim,
Go‘zaldir o‘ngigan ko‘ylaging, o‘zbek.

Haftalab yo‘l qarab sarg‘aymas Kumush,
Tog‘ni tolqon qildi bobomeros musht,
Tin oldi dovonga boqib Alpomish,
Tog‘larni qo‘pordi yoylaring, o‘zbek.

Qo‘lingni ko‘zimga suray, otajon,
Yoningda ul bo‘lib yuray, otajon,
Yaxshi kunlaringni ko‘ray, otajon,
Sovimasin qo‘lda choylaring, o‘zbek.

Onajon, havoli bog‘lar muborak,
Handalak band bergan chog‘lar muborak,
Kelin yuzidagi dog‘lar muborak,
Bug‘doylarga to‘lsin uylaring, o‘zbek.

Sumbula – to‘kinlik, to‘ylar mavsumi,
Bir qo‘zg‘alib olar bog‘bonning xumi.
Asli, bir satrdir she’rim mazmuni:
To‘ylarga ulansin to‘ylaring, o‘zbek!

Aylanay

Ko‘zmunchog‘ing qo‘yma asta, dildorim,
Ay, aylanay, noziknihol qaddingdan.
Kuzagimni xushbo‘y etgan bahorim,
Ay, aylanay, atirgulim, atringdan.

Ikki ko‘zim manim, ikki dagarim,
So‘zi novvot, qiliqlari shakarim,
Mirzo Ulug‘begim, Mirzo Anvarim,
Ay, aylanay, sabza urgan xattingdan.

Mayiz bo‘lib saratonda kuygan el,
Bolasidan dalasini suygan el,
Yaxshi kunni faqat to‘yga qo‘ygan el,
Ay, aylanay, kiprikdagi gardingdan.

Ba’zan ko‘ngil uchun ko‘ngil so‘ralar,
Kim termular, kimdir sekin mo‘ralar,
Ay, do‘stlarim, ulfatlaru jo‘ralar,
Ay, aylanay, nomardingu mardingdan.

Omon edi orzu, tilagam kecha, Tangrim,
bokding chuqur yuragimgacha,
Bedavo dard berding suyagimgacha,
Ay, aylanay, tanlab bergan dardingdan.

Sodiq chegachi

Sodiq chegachining ayoli xiyonat qildi…
Chegachi cho‘loq edi,
kambag‘al edi,
befarzand edi u ustiga-ustak.
Oysuluv bo‘lsa-da ayolin ismi
suluv emas edi oydayin.
Ajab,
vafo qilmadi Oysuluv
go‘zal bo‘lmasa ham…
Uni shayton yo‘ldan urdi,
Sodiqni urdi xudo.
Oysuluv
yig‘ladi ikki bukilib…
O‘chokdagi o‘chayotgan o‘t
qizil tillarini o‘ynatib
masxara qilardi Sodiqni.
Qumg‘on
kulardi uning ustidan
sharaqlab…
– Yo‘qol… – dedi sekingina chegachi.
Ayol o‘rnidan jilmadi.
Tunda yo‘qolib qoldi
Sodiqning o‘zi.
Kimdir
uning gandiraklab
Bachqirariq tomon ketayotganini
ko‘rganmish…
Bir yil o‘tdi, uch yil, besh…
Sodiqning cho‘pdek ozgan,
aqldan ozgan ayoli
suvqizi kabi sochlari yozg‘in
o‘tirarmish
Bachqirariq qirg‘og‘ida.
Qo‘llarida
Sodiq chegachining
Kamonchasi, parmabigizi, sirachi…
«Chiqing, begam, ko‘nglingizni chegalab beray,
Ko‘nglingazni bering, begim, chegalab beray…»

Ko‘ngil

Ko‘nglim og‘rir mening, Ko‘nglim og‘rir.
Tovonimga tushib ketgan ko‘nglim.
Bir malak cho‘ktirmish ko‘nglimni,
Bir falak cho‘ktirmish ko‘nglimni,
Charxfalak cho‘ktirmish ko‘nglimni,
Notavon ko‘nglimni.
Hilol tilib ketgan uni,
Shamol yulib ketgan uni,
Quduqqa tushib ketgan ko‘nglim.
Zada ko‘nglimni ko‘taraman deb
Bir olam cho‘kib boradi,
Onam cho‘kib boradi;
Onam…

* * *

“Seni bugun ko‘rmasam bo‘lmas” (2015) kitobidan she’rlar

Qizim Kumushoy

Menga oltin nima, menga nima dur?
Baridan a’losan, qizim Kumushoy.
Yorug‘ dunyo nima, olam nimadir?
Qarog‘im gavhari – ko‘zim Kumushoy.

Kulsang yorishadi zimiston xonam,
Qoshingda muntazir onangu onam.
Yagona xudoyim bergan yagonam,
Yig‘lasang, yosh yuvar yuzim, Kumushoy.

Kulging kumush bo‘lsa, chehrang to‘linoy,
Kechalar uzanib silar qo‘ling oy.
Quyosh xizmatingda, sodiq quling oy,
Yulduzchalar tizim-tizim, Kumushoy.

Sen dunyoga kelding, dunyo xush bo‘ldi,
Yomon kunlar qoldi, eski tush bo‘ldi.
Jujuqqinam, nega qo‘ling musht bo‘ldi?
Mening aytolmagan so‘zim, Kumushoy.

Senga qo‘shib xudo berdi farog‘at,
Momiq sochlaringda ajib tarovat.
Termulsam bir huzur, o‘ylasam rohat,
Joningdan aylanay o‘zim, Kumushoy.

Shahlolaring

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,
Yulduz ko‘rar bo‘ldim, mana, kunduzlari.
Bor-u… ko‘kning eng charog‘on yulduzlari,
O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.

Nima qilay, men ham senga yoqsam deyman,
Nima qilay yonib tursa shahlolaring.
Suydirib so‘ng tonib tursa shahlolaring,
Qarog‘laring tub-tubiga boqsam deyman.

Oramizga kiprigingdan devor qo‘yma,
Bag‘rim o‘yma, xudodan qo‘rq, dilozorim.
Nargis ko‘zim, binafshabo‘y, gul’uzorim,
Oshig‘ingni tashlab qo‘yma, bekor qo‘yma.

Qo‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring,
Qara, ko‘kda topishdilar ikki yulduz.
Qora ko‘kda topishdilar ikki yulduz,
O‘sha yulduz bo‘lib yonar shahlolaring.

Malol kelmasin

Yuzimizga yopmang eshigingizni,
Biz kelgan chog‘larda shamol kelmasin.
Egallab olmaymiz beshigingizni,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Nozik ta’bingiz hech bo‘lmasin xira,
Kelsak, so‘ramaymiz sizdan yo‘lkira.
Sizga og‘irligi tushmaydi sira,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Shunaqa beqaror turish-turmushim,
Turmushim o‘ylasam keladi g‘ashim.
G‘ashlanib qaraydi tag‘in bu kishim,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Siz uxlasangiz ham oy sochar ziyo,
Yulduzlar boqadi oyga mahliyo.
So‘rab seving, degan qonun bormi yo?
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Sevgi ham bir bisot – zardan ziyoda,
Bisotim otdayu o‘zim piyoda.
Yashasak yashabmiz biz ham dunyoda,
Sizga muhabbatim malol kelmasin.

Marg‘ilon

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,
Borsam alam o‘rayveradi.
“Kumush yaxshi yuribdimi”, deb,
Hamma mendan so‘rayveradi.

So‘rayverar ko‘cha, guzarlar,
So‘rayverib ko‘nglim buzarlar,
Kumushoydan, oygina qizdan
Qandoq qilib umid uzarlar.

“Yaxshi”, deyman, “shukur, sog‘-omon,
Kelib qolar, deyman, Marg‘ilon…”
Qarolmayman Oftoboyimga,
Ich-ichidan kuyar, bag‘ri qon.

So‘roq belgisidek yangi oy
Ergashadi, tinmay so‘roqlar.
Kumushini so‘raydi mendan
Kumushi yo‘q tilla ravoqlar.

Birdan jimib, to‘xtar o‘yindan –
Qizchalarning savolchasi bor.
Yuz ellik yil bo‘ldi – qo‘ynimda
Kumushoyning ro‘molchasi bor.

Marg‘ilonga borgim kelmaydi,
Borsam qayg‘u o‘rayveradi.
“Kumush yaxshi yuribdimi” deb,
Hamma mendan so‘rayveradi.

Aldab yashadim

Ufqda ko‘rinsa qush, xabar kutdim,
Atay sizni ko‘rib tush, xabar kutdim,
Sizdan darak kutdim, xushxabar kutdim,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Ey dil, yo‘l so‘ngida safo bor dedim,
Kuyma, qizlarda ham vafo bor dedim,
U go‘zal bo‘lsa-da, vafodor dedim,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Davralarning guli men emas, boshqa,
Davronning bulbuli men emas, boshqa,
Ichkilikning quli men emas, boshqa,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Jonim g‘aribligin anglab yashadim,
Tanlamaganni men tanlab yashadim,
Eshitgim kelganni aytdim o‘zimga,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Yolg‘onchi dunyoga rost so‘zlaring xayf,
Yolg‘ondan zavq topdim, chindan topdim kayf.
Aldangan bo‘lsangiz o‘zingizda ayb,
Meni o‘zimni shunday aldab yashadim.

Seni o‘ylasam

Gul, kelding umrimning kuz pallasida,
Shamollar guvlaydi seni o‘ylasam.
Gulbo‘ron – ilk qorlar arafasida
Yuragim gullaydi seni o‘ylasam.

Qaysi fe’lim yoqib mehribon xudo
Senday gulni menga ayladi ato?
Endi xato qilsam bo‘ladi xato,
Xudoyim qo‘llaydi seni o‘ylasam.

Qaytmas bo‘lib mendan ketgan gulyuzlar,
Yonimga qaytishga yonib yo‘l izlar.
Olisdan ko‘z qisib bir-bir yulduzlar,
Bo‘salar yo‘llaydi seni o‘ylasam.

Tilim – yuragimning davomidir, gul,
Yuragim ikki yurt dovonidir, gul,
Dovonda bir gulning tovonidir gul,
O‘lib ham bo‘lmaydi seni o‘ylasam.

Bahorning ilk kuni

Bahorning ilk kuni – birinchi martda
Seni uchratgandim birinchi marta…

Taqvim – kalendar ne tabiat uchun?
Mendek qalandar ne tabiat uchun?

Ammo birdan bitdi qahraton qahri,
Tumanday tarqadi izg‘irin zahri.

Bahorning elchisi bo‘lib turarding,
Nafis tarovatga to‘lib turarding.

Ammo atrofingda anov birovlar,
Ivirsib yurardi ko‘ngli qirovlar.

Ha-da, turqi sovuq, qish bandalari,
Bor-ku ishqdan ozod ish bandalari.

Gullayotganimdan hayron edilar,
Obodligim ko‘rib vayron edilar.

Ammo naylayinki asling bilmasdim,
Naylayinki, ko‘ngling faslin bilmasdim.

Bilmasdim borligim sezdingmi, bahor?
Intizor, zorligim sezdingmi, bahor?

Ammo avaylayman shu shirin dardni,
Ilk marta gul tutgan birinchi martni…

Jonim

Jonimdan to‘yganman, hayotdan pand yeb,
Kim so‘z ochsa, qalbim yarasin ochar.
Agar o‘lib ketsam o‘ksimagin, deb
O‘lib ketay agar, yuribman nochor.

Ko‘rgan kunim qursin, kunimni ko‘rdim,
Yuzlab yuzsizlarga bo‘ldim yuzma-yuz.
Xudo urganlarga o‘zimni urdim,
Yo‘ldan urgan bilan ketdim izma-iz.

Azizam, o‘zing ayt, bedilda ne dil?
O‘t-o‘lan ichra o‘t ichradir o‘lan.
Azizam, egilsang osmonga egil,
Suhbat qur ko‘nglini qurganlar bilan.

Kimga keragim bor? Yashashga yo‘q ep…
Qo‘lsiz, oyoqsiz g‘am yuragim ochar.
Agar o‘lib ketsam xafa bo‘lma, deb
O‘lib ketay agar, yuribman nochor.

Borligingni o‘ylasam

Meni ko‘rsang yuzlaring
Qizarardi, qizirdi.
Isming aytsam ichimda
Yurakkinam isirdi.

Maktab payti ortimdan
Asta-asta borarding.
Qarasam yuz burarding,
Qaramasam qararding.

G‘aroyib-da chindan ham,
Bolamiz-ku o‘zimiz.
To‘lib ketadi o‘pkam
Uchrashganda ko‘zimiz.

Darslikda yo‘q bu saboq:
Bunday suygin suyganda!
Yuragim toshar nogoh
Sen jilmayib qo‘yganda.

Yoshimizni aytmayman,
Cho‘pchakmi bu, ertakmi?
Balo bormi deyishar,
Jinnimi bu, tentakmi?

Endi ko‘nglimni ochsam,
Eshigin yopolmayman.
Ko‘zing yodimda, ammo
Ismingni topolmayman.

Uyalaman o‘zimdan
Darrov yuzim qiziydi.
Borligingni o‘ylasam
Yurakkinam isiydi.

Qaydadir

Jonki, topolmas oromin, oromu jonim qaydadir?
Oromni jondan ayirgan oromijonim qaydadir?

Ozoridan ming o‘rgilib, ketmas edimku qoshidan,
Endi degayman o‘rtanib, qoshi kamonim qaydadir?

O‘tdimi davrim debon dardim ziyoda kun sayin,
Davru davron gultoji avvalzamonim qaydadir?

Poyiga gullar sochib, jonim poyandoz yo‘liga,
Ruhimi tez aylagan ruhi ravonim qaydadir?

Necha oy xufton dilim, tundek qorong‘u kunduzim,
Ko‘nglima yog‘du sochar mohi tobonim qaydadir?

Kim so‘rar ishqda tovon, boshdan tovonim bo‘ldi cho‘g‘,
Yor demas, so‘rmaydi hech ul notavonim qaydadir?

Yaxshidir o‘zi, vale so‘zi yomondir bunchalar,
Iqboling der, ey xudo, yaxshi-yomonim qaydadir?

Kuyaymi

Og‘aynilar, yoshlik tez o‘tganiga kuyaymi?
Yurakdan qo‘r, ko‘zdan nur ketganiga kuyaymi?
Olachalpoq tush kabi sudralar qora turmush,
Sochu soqol mosh-guruch bitganiga kuyaymi?

Ko‘z yoshingga qaramas, ko‘ngil o‘zi yosh axir,
Ko‘ngil qurg‘ur tamanno etganiga kuyaymi?
O‘zim-ku yo‘l istagan, qarab kulgim qistagan,
Etagimdan birovlar tutganiga kuyaymi?

Tegajoq qiz-juvonlar, oq-do‘mboq qiz juvonlar
She’rim aytib menga gap otganiga kuyaymi?
Kecha kaltak yeganlar, suykalganni suyganlar
Qariganda o‘ranib o‘tganiga kuyaymi?

Tez botadi oftob ham, tez tugaydi sharob ham,
Ulfat cho‘qishtirmay “g‘o‘lt” yutganiga kuyaymi?
Eski qo‘shig‘im tinglab, eski rasmimni o‘pib,
Sodda qizlar haliyam kutganiga kuyaymi?

Tabassum

Qanday totli bu baxt, bu safo!
Boshda sochar boshdan zar sevgi.
Yoz tongidek toza, musaffo
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Tomiringga qorishar ziyo,
Nari ketar yomonlik, riyo.
Qiz to‘xtaydi. Qaraydi qiyo…
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Birdan o‘pkang to‘lib ketadi.
Tushunganlar kulib ketadi.
Hamma yaxshi bo‘lib ketadi,
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Aylanasan xayol bog‘ida,
Qiynalasan hijron dog‘ida,
Qo‘shiq aytging kelar gohida
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Kim biladi qiz bola sirin,
Yuragingga tashlar ko‘z qirin,
Ming va’da, ming hiyla yashirin
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Qanday shirin bu baxt, bu safo,
Shunday achchiq bu dard, bu jafo.
Ko‘zyosh bilan tugaydi, ammo
Tabassumdan boshlanar sevgi.

Buloq

Buloq ko‘zyoshining asl asosi
Anov cho‘qqilarda, tumanli tog‘da.
Mening g‘ussalarim manbai, rosti,
O‘smirlik yoshimda, juda yiroqda.

Buloq ko‘zyoshidan tiniqib ichib,
Chanqog‘i bosilib, yo‘lchi minnatdor.
She’rlarimni o‘qib, yorishib ichi
Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.

Men o‘zimni yengdim

Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.
Yana bakor keldi kuchli irodam.
Yana gul hayotga yuzimni tutdim,
Yana el qatori odamman, odam.

Ammo yo‘l qo‘ymayman unutishingga,
Chekkan jabrim uchun tortgaysan jazo.
Kechalar sharpadek kirib tushingga
Eslataveraman men – Iqbol Mirzo.

Kitob muqovasin eshikdek ochib,
O‘rnashib olaman fikru o‘yingga.
Qaygayam borarding zamondan qochib,
Qo‘shig‘im bostirib kirar uyingga.

Abadiy tirikdir shoir qarg‘ishi,
Men yutsam, seni deb iztirob yutdim.
Alvido! Buyog‘i xudoning ishi,
Men o‘zimni yengdim – seni unutdim.

Kuni kecha uchrashdik

Kuni kecha uchrashdik, biroq
Mahallangda o‘sgandayman men.
Hushtak chalib goh o‘yinqaroq,
Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.

Katta sinflardan qizg‘onib,
O‘n yil birga o‘qigandayman.
Birdan yigit bo‘lib o‘yg‘onib,
Ismingga she’r to‘qigandayman.

Qo‘rg‘onchadan to‘ydan qaytishda
Qo‘llaringni topgandayman-a,
Boshim gangim, ko‘rganday tushda
Tutqatorda o‘pgandayman-a.

Harbiyda xo‘p sog‘inganim bor,
Oy seni eslatib o‘tardi.
Sen meni kutarding intizor,
U paytlarda… qizlar kutardi.

Kuni kecha uchrashdik, biroq
Birga-birga o‘sgandayman men.
Gaplar otib goh o‘yinqaroq,
Goh yo‘lingni to‘sgandayman men.

Mening Bag‘dodimning qizlari

Bodomqovoq, qiyiq ko‘zlari,
Begonadan tiyiq ko‘zlari.
Quralaymi, kiyik ko‘zlari?
Mening Bag‘dodimning qizlari.

G‘o‘rlik paytim, beboshlik paytim
Sizni tashlab ketibman daydib.
Mana, keldim bosh egib qaytib,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Umrimda ko‘p tannozni ko‘rdim,
Suhbatlashdim, o‘tirdim, yurdim.
Hammasidan chiroyli yurtim –
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Ko‘z bo‘yash yo‘q, ulama soch yo‘q,
Nazar qattiq – bunga iloj yo‘q.
Qayda bo‘lmay, sizdan ko‘nglim to‘q,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Ohanjama so‘zlar begona,
Mehnat bilan tug‘ma dugona,
Iqboljoni uchun yagona,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Oyxonlari, Dilrabolari,
Dilnozlari, Gulhayolari,
Kumushlari va Ra’nolari…
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Asli manov yerim sizniki,
Ko‘zdan to‘kkan terim sizniki,
Hamma yaxshi she’rim sizniki,
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Oy qizlarim, oyday to‘ling siz,
Oydin bo‘lsin yurar yo‘lingiz,
Men uchun ham baxtli bo‘ling siz –
Mening Bag‘dodimning qizlari.

Askarlikdan qaytish

Xayr, moviy diyor! Eh, kim biladi,
Balki yo‘lim tushmas bag‘ringga qaytib.
Poyezd jilar. Bir qiz zor yuguradi
Shpalga qoqilib, ismimni aytib.

Kupeda to‘rt kishi. Gurji o‘rtog‘im
O‘rtaga to‘kadi topgan-tutganin
Va hikoya qilar qolsin deb nomin
Devorga, daraxtga o‘yib bitganin.

Vodillik og‘aynim uni ma’qullar,
Shu-da bizdan qolar xotira, axir.
Qumiq do‘stim yozib qo‘yganin aytar
Ismini xarsangga, yana qaygadir.

Beun cho‘zilaman o‘rnimga, alhol,
Hech qayga ismimni qo‘ymadim bitib.
Ko‘zimni yumaman: bir qiz zoru zor
Ortimdan yugurar ismimni aytib…

Meni kechir

Toshbaqaning yelkasida vaqt,
Yalmog‘izning xaltasida baxt.
Kunlar o‘tar sudralib, karaxt,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Qizg‘aldoqning tubida dog‘lar,
O‘zi bilmas nimani xohlar.
Yig‘lab chopib borar irmoqlar,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Naykamalak senga o‘q otar,
Dilga hilol xanjardek botar.
Yuragingni qor bosib yotar,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Qumrilarning bo‘g‘zida tolqon,
Navolarning rostligi yolg‘on.
Yolg‘onlarga mayliga ishon,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Hayotingni yog‘duga to‘ldir,
Qalbingdagi Iqbolni o‘ldir.
Sevolmadim, gunohim shuldir,
Meni kechir, gunohimdan o‘t.

Yodingdami?

Yodingdami, gul sayli edi,
Ko‘ngil sayli, dil sayli edi.
Bahor ham biz tufayli edi,
Men sen uchun, sen men uchun.

Lolalardek qizargan yuzing,
Xushbo‘y edi nafasing, so‘zing.
Ko‘zim tushsa qochardi ko‘zing,
Men sen uchun, sen men uchun.

Yurak qushdek tipirlar edi,
Jismu jonim jimirlar edi.
Nigohlaring shivirlar edi:
“Men sen uchun, sen men uchun”.

Lolazordek bugun qon dilim,
Ochildingmi mensiz ham, gulim?
Armon bo‘ldik endi, sevgilim,
Men sen uchun, sen men uchun.

Tabiatning bormidi qasdi?
Xazon bo‘ldi qizg‘aldoq fasli,
Bu dunyoga kelgandik asli
Men sen uchun, sen men uchun…

Esingizga kimlar tushdi

Marjon-marjon turnalarga termuldingiz,
So‘ng parishon xo‘rsindingiz, so‘ng kuldingiz.
Lekin kulgu xo‘rsiniqdan og‘ir bo‘ldi,
Xayolingiz qayga uchdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Turna safi paykon kabi ketdi tamom,
Yana neni izlayapsiz ko‘kdan hamon?
Ko‘zingizga tushgan tomchi – yomg‘ir bo‘ldi,
Nigohingiz neni quchdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

So‘ray desam, bilamanki, aldagaysiz,
Esim-hushim, muhabbatim senda deysiz.
Ko‘zyosh tomib ishq sharobi taxir bo‘ldi,
Majnun uni qandoq ichdi, bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Nahot menga yo‘ldosh bo‘lsa yolg‘on sevgi,
Qachonlardir, kimlardandir qolg‘on sevgi.
Nahot hayot shunchalar toshbag‘ir bo‘ldi,
Ne deb o‘zni ovutishni bilolmadim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Boshqa qizda edi mening ko‘nglim axir,
Mana men ham ayrilmoqqa ko‘ndim axir.
Sizni menga bog‘lab qo‘ygan taqdir bo‘ldi,
Bu o‘ngimmi yoki tushmi, bilolmdim,
Esingizga kimlar tushdi, bilolmadim.

Oshiqligimni ayting

Ey yaxshilar, dildorga
oshiqligimni ayting,
Hamroz bo‘ldi dil torga,
oshiqligimni ayting.

Dilnavozu dilrabo,
ko‘rgaymikin dil ravo?
Dilafro‘z, dilozorga
oshiqligimni ayting.

Holi yomon deb ayting,
bog‘i xazon deb ayting,
Gulzoda, gulbahorga
oshiqligimni ayting.

Chohlar qazib yurmasin,
ko‘nglin buzib yurmasin,
Dushmanimga, ag‘yorga
oshiqligimni ayting.

Yuragi dog‘liq mardlar,
yurakka bog‘liq dardlar,
Taskin bo‘lar, bemorga
oshiqligimni ayting.

Qanoti yo‘q ne xabar?
El qolmasin bexabar,
Jarchi solib bozorga
oshiqligimni ayting.

Gulmisiz

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Hurmisiz, paykarmisiz, jononmisiz?
Hajringizda o‘lmagan jonim mening,
Men-ku lol, siz ham menga hayronmisiz?

Qosh bo‘lib qo‘nmish ikki kuygan hilol,
Qoshiga yulduzchalar uygan hilol,
Yolvorurman, ko‘zni och, uyg‘on, hilol,
Oymisiz, oftobmisiz, osmonmisiz?

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Qumrimi, gulmohmi yo jayronmisiz?
Durmisiz, injumisiz, olmosmi yo?
Bormisiz rostdan yoki yolg‘onmisiz?

Xo‘p g‘alat holat emish oshiq ishi,
Kim degay rohat emish oshiq tushi.
Behol, betoqat emish oshiq kishi,
Bir nafas ko‘z qirini solg‘onmisiz?

Gulmisiz, jambilmisiz, rayhonmisiz?
Tog‘misiz, daryomisiz, sayhonmisiz?
Voajab, mendan so‘raydir do‘stlarim
Qulmisiz, shoirmisiz, qurbonmisiz?

Kipriklaring

Kipriklaring quyuqdir biram,
Tirnoqlaring tabiiy guldor.
Tirnog‘ingga arzimasam ham
O‘tib ketma beparvo, dildor!

Fursat ketib borar qasdma-qasd,
Bu ne alam, bu ne sitamki,
Ketib qolma, senga shu nafas
Bevafolik yarashsa hamki.

Xayr, dema, xayr qil menga,
Toshko‘chada bo‘lmasin dil xor.
Yuragimni beray qo‘lingga
Bir erkalab o‘pib qo‘y, dildor.

Jilmayasan she’rimni tinglab,
Tashna labga tutma zaharni.
Qo‘y, yaramni uyg‘otma tirnab,
Qo‘y, eslatma anavilarni.

Dilginamga tushdi yalt-yult cho‘g‘,
Behalovat ziraklaridan.
O‘zim ketdim, haydashgani yo‘q
Dang‘illama yuraklaridan.

Keyin senga bo‘lguncha oshiq
Osmonga ham yerga sig‘madim.
Chaqmoqlardan o‘rgandim qo‘shiq,
Bulutlarga yotib yig‘ladim.

Kulib boqsang sadaqa jonim,
Mendan kulib ketmagin zinhor.
Qaytib kelmas mening zamonim,
O‘tib ketma beparvo, dildor!

Noz va firoq

O‘lay agar, arazning xo‘p gashti bor,
Agar araz beg‘araz, begard bo‘lsa.
Endi yetar! Xizmatiga men tayyor –
Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.

Jon-jon derdim agar jonim olsa ham,
Sovib ketmay o‘rtansaydi, kuysaydi.
Uchrashganda yolg‘on qovoq solsa ham,
Chetga qarab rostdan kulib qo‘ysaydi.

Sal cho‘zilib ketdi firoq bu safar,
O‘yindan o‘q chiqmasa deb qo‘rqaman.
Shayton bor-da o‘rtada, shu bachchag‘ar
Tumshug‘ini tiqmasa deb qo‘rqaman.

Aloq-chaloq tushga o‘xshar hayotim,
Ko‘nglim bog‘da, o‘zim esa tog‘daman.
Ucholmasang, ortiqcha yuk qanoting,
Bir bahona topolmasdan dog‘daman.

Muddat kerak ekan nozu arazga,
Agar ishqda shu qiynoqlar shart bo‘lsa.
Sovg‘a oberardim aytib u qizga
Yarashtirib qo‘yadigan mard bo‘lsa.

Kirib borayotgan mahalim kuzga

Kirib borayotgan mahalim kuzga,
Ko‘ngil chak-chak yog‘di, ko‘ngil tinmadi.
Guldastadek xushbo‘y, xushro‘y bir qizga
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Lolazor misoli dog‘ edi bag‘rim,
Necha yil bu dashtda chechak unmadi.
Shudringdek tovlanib ketdi-da mehrim,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Men kuzdan bahorga hatlamoqchiydim,
Gullamoqchi edim, yana bo‘lmadi.
Yana binafshani hidlamoqchiydim,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Daraday huvillar edi quchog‘im,
Ko‘zim va quchog‘im birdek to‘lmadi.
Menga ishonmadi, tushunmadi chog‘im,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Bu balki eng so‘nggi jur’at, qasd edi,
Baxt qushi aylanib o‘tdi, qo‘nmadi.
Qayerga bo‘lsa ham ketsak bas edi,
Yur, baxtli bo‘lamiz, desam ko‘nmadi.

Unutma

Unutma, xudoyim bizni erkalab
Uchrashtirib qo‘ygan kunni unutma.
Unutma, yuzingdan olgunimcha lab
Qushdek uchib ketgan tunni unutma.

Bir tola sochingni aylagan tumor,
Bo‘ylaringdan mastu bo‘yingga xumor –
Kim bo‘lsa, o‘shani unutma zinhor,
Bag‘ri qon, yuragi xunni unutma!

Umrim orom bilmay o‘tar alomat,
Sen qayerda bo‘lsang, shunda halovat.
Qaylarda bo‘lsang ham bo‘lgin salomat,
Men seni sevaman, shuni unutma!

Senga xatlar yozdim

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,
Yomg‘irlarda qolib qunishdi kaptar.
Mahzun kuy taratdi yomg‘ir torlari,
Yurakka ko‘ylakdek yopishdi dardlar.

Senga xatlar yozdim, alanga bo‘ldi,
Oy ham quyosh kuydi, qoraydi olam.
Ingichka yuragi tutunga to‘ldi
Va o‘zini yerga tashladi qalam.

Senga xatlar yozdim, boychechak bo‘yli,
Gullatib yubordi qog‘ozni – qorni.
Koshki, eriyversang o‘qigan ko‘yi,
Koshki, unutmasang meni, bahorni.

Ozorlar yetdi

Yomg‘irlar sochildi, g‘uborlar ketdi,
Senga gul tutolmay bahorlar ketdi.
Ellar hovuchida uforlar ketdi,
Shamolcha himmatim bormidi mening?
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Barcha go‘zallarni rashk qilguvchi – men,
Boqmasa yuragin ham tilguvchi – men,
Qo‘l yetmas yulduzga intilguvchi – men,
Dilimda illatim bormidi mening,
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Oqshom umid bilan chirog‘ing yoqib,
Toshkent tomonlarga yuraging oqib,
Unsiz yig‘lagansan rasmimga boqib…
Yuragim, bilmadim, bormidi mening…
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Endi har bitta so‘z – zaharli tikan,
Ey, nadomat yuki boshini eggan!
Koshki, ko‘z yoshingga arzisam ekan,
Bir pullik qimmatim bormidi mening
Mendan senga faqat ozorlar yetdi.

Yuragimning tutuni

Tirik daraxt kesildi,
Qurimadi o‘tini.
Ko‘zimdagi yoshlarim –
Yuragimning tutuni.

Tog‘lar ko‘rkam ko‘rinar
Boshidagi qor sabab.
Boshimdagi qirovlar
Ul bevafo yor sabab.

Yupqapo‘choq bodomning
Ilma-teshik ko‘zi bor.
Bodomchadek yurakda
Tikonlarning izi bor.

Kuz yomg‘iri o‘chirdi
Muhabbatning o‘tini.
Ko‘zda yoshimga sabab
Yuragimning tutuni.

Arosatda oshiqlar –
Sanoqda bor, yo‘q sonda.
Eslamasam, sen yo‘qsan,
O‘ylamasam, yo‘qsan-da!

Dumalagan tosh borki,
Bir kun joyin topadi.
Osmon qolmas yulduzsiz,
Osmon oyin topadi.

Qor yog‘adi – sochilar
Boshimdan ishq kukuni.
Ko‘zlarimni yoshlatar
Yuragimning tutuni.

O‘zing

Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,
Go‘zal, o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.
Yuragimni qirib, shirin o‘rtaydi,
Ayniqsa, qoshlaring, ayniqsa, ko‘zing.

Chiroyli qizlardan seni axtardim,
Xayoliy timsollar yaratdim takror.
Tobora yuk solib, ulg‘aydi dardim,
Ey, barcha go‘zallar jam bo‘lgan dildor!

O, mening navrasta orzularim, o!
O, mening tubi yo‘q, notovon ko‘nglim!
Istardim: meniki bo‘lsaydi dunyo,
O‘ylardim: hech qachon topmasman o‘lim.

Shoirona yengil kayfiyat bilan
Yangi may ichgandek sarhush yurardim.
Yashardim pok dilu sof niyat bilan
Men hamma insonni yaxshi ko‘rardim.

Hozir ham shunaqa…
Qo‘yaver, mayli…
Kel, ruhim erkala, ayt shirin so‘zing.
Hamma go‘zal qizlar senga o‘xshaydi,
Ammo o‘xshamaysan hech kimga o‘zing.

Sening jamolingda tajalli husn,
Sening visolingga eltajak yo‘lim.
Muhabbat muborak bo‘lsin sen uchun,
Sen menga muborak, Nargizim, gulim!

Sen bo‘lmasang

Sen bo‘lmasang nima qilardim?
Qanday yig‘lab, qanday kulardim?
Yana kimdan baxtim tilardim?
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Suyaklarim qaqshaydi yomon,
Iskanjaga oladi dardim.
Yaxshiyamki, sen bor, mehribon
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Chalg‘uvchilar tinmay chaladi,
Yiqilsamu loy bo‘lsa qadrim.
To‘g‘riligim kim ham biladi,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Yulduz uchsa tegar boshimga,
Men hammani do‘st deb bilardim.
O‘zing guvoh achchiq yoshimga,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Umrim bo‘lsin ko‘yingda ado,
Men baribir senga kelardim.
Bu kimsasiz olamda, xudo,
Sen bo‘lmasang nima qilardim?

Javob

Ko‘p kitob o‘qidim yoshlik kezimda,
Gohi G‘arb, gohi Sharq hushimni oldi.
Atay yodlamadim, lekin esimda –
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

O‘zbekdek samimiy, o‘zidek toza,
Beshik bolasining ko‘zidek toza,
O‘spirin oshiqning so‘zidek toza
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Muhammad Yusufdan kuylar irmoqlar,
Tog‘ni tilimlagan kiyikso‘qmoqlar,
Oq cho‘girma kiygan momqaymoqlar…
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Kim bor tag‘in ona xalqqa qayishgan,
Qayg‘usidan cho‘kkan, baxtidan jo‘shgan.
Kuychi shoir edi ko‘klardan tushgan,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Uzr, ey shoirman, zo‘rman deganlar,
Noma’qul buzoqning go‘shtin yeganlar,
So‘zga no‘noqlaru gapga chechanlar,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Aylanib bag‘ri keng O‘zbekistonni
Sekin gapga soling mo‘min dehqonni,
Shoir desa, eslar Mahammadjonni,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Sofdil inson edi shoir bo‘lib ham,
Quladi paymona lim-lim to‘lib g‘am.
Endi qutilmasmi sizdan o‘lib ham,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Mujmal satringizni kim yod oladi?
Eshitsa chumchuqlar ham dod soladi,
Qolsa, sizdan faqat isnod qoladi,
Muhammad akaning she’rlari qoldi.

Jonim

Raqiblarim bir poda,
G‘animlarim ko‘p, jonim.
Zahrim sochsam mabodo,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Ko‘zday yaqin do‘stlarim,
O‘yishga shay ko‘zlarim.
Nordon bo‘lsa so‘zlarim,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

G‘ussa yog‘ar samodan,
Qayg‘u sapchir daryodan.
Men ketsam, bu dunyodan,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Ko‘ngli siniq edimmi,
Ko‘ksi tiniq edimmi,
O‘z boshimni yedimmi,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Mana bu bog‘i nazm,
Ilonlar qurar bazm.
Ikki tillilik – rasm…
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yosh boshimga ming savdo,
Dushmanim to‘p-to‘p, jonim.
Jahl qilsam mabodo,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yurak bag‘rim qon bugun,
Topganim yolg‘on bugun.
Tomog‘imda jon bugun…
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

To‘rt tarafga chopaman,
Faqat ozor topaman.
Men dunyodan xafaman,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Go‘zalsan malakdayin,
Senga ne tilak deyin,
Sevmagin mendan keyin,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Yuzlarimdan o‘p, jonim,
Ko‘zlarimdan o‘p, jonim,
Ranjitsam ham kulib tur,
Xafa bo‘lma, xo‘p, jonim.

Kosa

Nukusdagi Savitsskiy muzeyida kosa uchun teridan tikilgan g‘ilof bor.

Bir teri ichida necha bor ozib,
Necha bor semirar ushoq mol, derlar.
Ultonda avval ham tuzbo‘ron to‘zib,
Yana lim-lim to‘lgan Ko‘k Orol derlar.

Umidim bor Tangrim marhamatidan,
Qardoshim xo‘rsinsa, ko‘zim to‘la yosh.
U ham bovurim deb tushib otidan
Chinni kosasida tutar go‘ja osh.

Oyog‘im tagida kuldirgichim bor,
Bitta joyni bosib turolmayman hech.
Axir, yo‘llarimda Xiva intizor,
O‘shdaman saharda, Mo‘ynoqdaman kech.

Qo‘shiqlar to‘qiyman og‘ir va quvnoq,
Jon berib tinglayman el bayotini.
Safarda topganman, do‘st qoraqalpoq,
Ko‘ngil kosasining ehtiyotini.

Ustyurt cho‘llarida yuragim kuygan
(Qo‘y yungin jingala qilar bu oftob).
Sarvinoz, qimizmi, qimrondan quygin,
Yuragim bug‘lanib ketadi shu tob!

Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichsa qonajak,
Jonon kosa berdim senga, jonona.
Ajiniyoz bo‘lib sochayin chechak,
Roziman, qo‘lingda to‘lsin paymona!

To‘nkarib qo‘yilgan kosa – o‘tov bor,
Qo‘biz bor, chanqovuz, shu-da chang‘aroq.
O‘rtada muhabbat yoqqan olov bor,
Tutuni yo‘q hisob, cho‘g‘i yarqiroq.

Terisiga sig‘mas diydordan o‘zbek,
Firoqqa topolmas ayni dam bardosh.
Do‘ppimni qo‘ynimda saqlaganimdek
Qora qalpog‘ingni asragil, qardosh!

Tavakkal

Bir o‘zinga tavakkal, Tangrim, sendan so‘rayman,
O‘ylarimni ilohiy chechaklarga o‘rayman.
Tillo o‘g‘illar berding, kumushdayin qiz berding,
Imkon ham ber, shularning farog‘atin ko‘ray man.

Kumushimga Kumushning qolgan umrin qo‘shib ber,
O‘g‘illarga mirzolar shashtini ham jo‘shib ber.
Baxt berganda, iltimos, gashtini ham qo‘shib ber,
Sihatlikda keksalik gashtini ham suray man.

Izzat qildim kelgancha qo‘limdan va dilimdan,
Dadamga extiromim qaytsayoq bas o‘g‘limdan.
Yurtin sevishsa bo‘ldi, men sevgandek ko‘nglimdan,
Yo‘qsa sho‘r devor kabi nursizgina nurayman.

Ishonganim o‘zingsan, begona tutma, Tangrim,
Xayolimdasan doim, sen ham unutma, Tangrim,
Majolim yetganidan ko‘pini kutma, Tangrim,
Baytim bilan dillarda Baytullohlar quray man.

Do‘sti nodon yetarli, boshqa mol kerak emas,
Sevgili yor so‘zidan o‘zga bol kerak emas.
Dam shu damdir, shu holdan o‘zga hol kerak emas,
Ko‘pga ber, ko‘p qatori hovuch ochib turay man.

Har zarrangda hikmat bor, zarra qadar illat yo‘q.
Himoyatingdan o‘zga men faqirga himmat yo‘q,
Sendan so‘rayveraman, bitta senda minnat yo‘q,
Shafoat qil, bir sening poyingga bosh uray man!

* * *

Shoir she’rlari MP3 formatda:

Iqbol Mirzo – Ayyor qiz.mp3
Iqbol Mirzo – Bobolarga munosib bo‘l.mp3
Iqbol Mirzo – Bu dunyoga kelganim.mp3
Iqbol Mirzo – Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi.mp3
Iqbol Mirzo – Faqat biz birgamiz.mp3
Iqbol Mirzo – Istaysizmi-yo‘qmi sizni sevaman.mp3
Iqbol Mirzo – Ko‘nglingda nima bor bilmayman.mp3
Iqbol Mirzo – Ko‘ylaklari bilan cho‘milgan qizlar.mp3
Iqbol Mirzo – Kuni kecha uchrashdik.mp3
Iqbol Mirzo – O‘zbekiston.mp3
Iqbol Mirzo – Ona.mp3
Iqbol Mirzo – Pushaymon.mp3
Iqbol Mirzo – Senga barmog‘imni tegizmayman, Oy.mp3
Iqbol Mirzo – Shavkat Rahmon.mp3
Iqbol Mirzo – Yolg‘iz.mp3
Iqbol Mirzo – Yurt qo‘shig‘i.mp3
Iqbol Mirzo – Zamonni yomonlama.mp3

* * *

Shoir videolari:

Iqbol Mirzo bilan intervyu
Iqbol Mirzo “Rakurs” ko‘rsatuvida
Iqbol Mirzo “XXI asr she’riyati” ko‘rsatuvida