Hulkar G‘afforova (1985)

Hulkar G‘afforova 1985 yilda tug‘ilgan. Navoiy Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan. She’rlari “Istiqlol chechaklari” jamoaviy to‘plamida, viloyat, respublika nashrlarida e’lon qilingan.

* * *

Yurtim uzra ajib manzara –
Guvranadi oltin dalalar.
Elpinadi terak barglari,
Yoz shamoli yurtni allalar.

Cho‘miltirar qaynoq taftida,
Kun yuzidan quyiladi ter.
Yashayapmiz kunning taftida,
Shamollarim qo‘shiq aytadir.

* * *

Ruhimda sezilar bir titroq,
Bir charchoq sezaman tanamda.
Aslida, onangdek yaqinroq
Bir inson bormikan olamda?

Yashashga undaydi bu hayot,
Quvonchim aks etar bolamda.
Chidashga majburman, oh, nahot,
Sog‘inchni yig‘latib olamda?

* * *

Sen o‘t bo‘lsang, bo‘lgim kelar suv,
Otash bo‘lsang seldek shoshaman.
Anduhlarni yuragingdan quv,
G‘azablansang men ham toshaman.

Sen osmonu men xoksor zamin,
Borlig‘imning boricha bo‘yla.
Kel! Totaylik muhabbat ta’min,
O‘tinaman bir meni o‘yla.