Habibulla Hotamqulov (1947-2003)

Habibulla Hotamqulov 1947 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Marhamat tumanidagi “Oq oltin”, Jizzax viloyatining “Jizzax ovozi” gazetalarida faoliyat ko‘rsatgan. She’riy asarlari bilan matbuotda tez-tez chiqish qilib turgan. 2003 yilda vofot etgan.

YO‘LIM

Xayr, qishloq…
Tuproq qizigan
Yo‘llaringni men tark etaman.
Xayolimga mangu chizilgan
Odamlaring olib ketaman.
O‘yin-kulgu ko‘nglimga urdi,
Qalbda esa orzularim mo‘l.
Men yuzimni ufqqa burdim,
Unda kutar iz tushmagan yo‘l.
Bu yo‘l meni eltar quyoshga…
Uni bir-bir sevaman, o‘pib.
Olib yurib, borarkan boshqa
Dunyolarga ketaman o‘tib…

TOShKENTGA

Assalom, o‘zbekning bosh shahri, salom,
O‘zi keksa, qalbi yosh shahri, salom.
Issiq mehrin olib keldik Jizzaxning
Mehringga qo‘shilsin Shosh shahri salom.
Ko‘ksidan nur sochgan oftob Jizzax bu,
Odamlari mag‘rur, shitob Jizzax bu,
Biroz ginasi bor tarixchilardan
O‘tmishi yopiqlik kitob Jizzax bu.
Bag‘ri xazinali cho‘limiz kengdur,
Jizzaxdan Toshkentga yo‘limiz kengdur.
Qabul et yurakdan salomimizni,
Nur bilan yo‘g‘rilgan kalomimizni.
Assalom, o‘zbekning bosh shahri, salom,
Bosh shahri, qadimiy Shosh shahri, salom.

BOBUR

Shoir va hukmdor – olov bilan suv,
Bir tomirda oqmas ikkisin qoni.
Ajabkim, qolding she’r yurtida mangu
Va ulkan davlatning bo‘lding xoqoni.
Bir qo‘lda qilichu bir qo‘lda qalam
Jang qilding, yurakda g‘azal vulqoni.
Qilichingga egdi bosh yarim olam,
Qalaming zabt etdi butun dunyoni.
Seni fotihlikka undagan chog‘da
Tomiringda oqqan ajdodlar qoni.
Qalam ham tutqazdi yurtdan yiroqda
Sog‘inchda qovrilgan yuraging seni.
Mening Bobur bobom, sen chekkan alam
Qiynab kelmoqdadir hanuz dunyoni.
Bugun qilich erur har bitta qalam
Va askar atalgay shoirning nomi.
Yarmi oq va yarmi qora zamonda
Qalam ahlin yo‘qdir o‘zga imkoni.
Kimdir qon to‘kishga shaylangan onda
Shoir jim turarmi bo‘lsa iymoni?
She’rparastlik balki sendandir meros,
Axir, men ham senday barlos o‘g‘loni.
Kimning qalbi dardli der shoir bular,
Biroq qiynoqlarning bor sharaf-shoni:
Ne baxt, bizniki der bugun ko‘p ellar
Yurtiga sig‘magan senday dahoni.

“QURIGAN ChINOR QO‘ShIG‘I”*

Bir vaqtlar gavjum edi
Shoxlarim qushlar bilan
Va ostimga to‘shalardi
Soyam misoli gilam.
Shamollarni qarshilardim
Qo‘shiq aytib suronli.
Oq libosga yo‘rgaklandi
To‘zganda qor bo‘roni.
Shamollaru yomg‘ir bilan
Do‘stlashgandim u mahal,
Oy ustimga yopar edi
Yog‘dusidan kumush hal.
Sadoqatli beka kabi
Va’dalarga uchmadim.
Panohimga oldim har bir
Kelib qo‘ngan qushchani.
Dovullarga ildizlarim,
Butalarim dosh berdi.
O‘tmas edi po‘lat arra
Tanam go‘yo tosh edi.
Endi esa yaqin qoldi
Bu dunyodan ayriliq.
Shamol udda qilolmagan
Ishni qildi qarilik.
Mayli, yomg‘ir bargsiz shoxda
To‘xtamay yerga tushsin.
Qushchalar ham boshqa yashil,
Daraxtlar tomon uchsin.

* Qaysin Quliyev satri.

RAShK

Xiyonatning raqibidir rashk,
Muhabbatning sodiq posboni.
Behuda bosh ko‘tarmaydi u
Tiniq bo‘lsa sevgi osmoni.

To olamda ishq kitobidan
O‘chmas ekan xiyonat nomi.
Otelloning bezovta ruhi
Tark etmaydi ushbu dunyoni.