Habibiy (1890-1980)

Habibiy (taxallusi; asl nomi Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li) (1890, Paxtaobod tumani Qo‘qon qishlog‘i — 1980.16.4, Toshkent) — O‘zbekiston xalq shoiri (1974). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1970). Qo‘qon va Andijondagi madrasalarda tahsil ko‘rgan.
Navoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat asarlarini mutolaa qilib, aruz vaznining badiiy latofati va boy imkoniyatlarini qunt bilan o‘rgangan. Habibiyning g‘azalnavislik ijodi mazkur adabiy muhitda shakllanib borgan. Navoiyning 500 yilligiga tayyorgarlik ishlari boshlanishi bilan Habibiy safdoshlari Bokiy, Mahjuriy, Anisiy va Sayfiy bilan birga Navoiy komiteti tomonidan taklif etilib, Toshkentga ko‘chib kelgan (1938). G‘.G‘ulom, H.Olimjon, S.Abdulla, S.Mirzayev, S.Mutallibov singari allomalar bilan birga Navoiy adabiy merosini o‘rgangan.
Habibiy 1939 yilda Farg‘ona kanali qurilishiga shoir sifatida safarbar etilgan. Shu vaqtdan boshlab uning g‘azallari respublika davriy matbuotida e’lon qilinib, mashhur hofizlar tomonidan ijro qilina boshlagan. O‘z g‘azallari hamda mumtoz adabiyot va musiqa sohasidagi bilimi bilan hurmat qozongan Habibiy 1940 yilda Yangiyo‘lda tashkil etilgan viloyat musiqali drama va komediya teatriga adabiy emakdosh etib tayinlangan va 1946 yilga qadar shu lavozimda xizmat qilgan.
«Mehnat qo‘shiqlari», «Yangi yallalar» (1949), «Kolxozchilar ashulasi» (1951), «Ko‘ngil taronalari» (1957), «Zamon farhodlari» (1959), «Tanlangan asarlar» (1967), «Devon» (1971), «Navro‘zi olam» (1973) va b. she’riy to‘plamlar muallifi.
Habibiy ijodida sevgi va vafo, vatanga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hamda sadoqat g‘oyalari ustuvorlik qiladi. Habibiy mumtoz o‘zbek she’riyati va, ayniqsa, musiqasini nazar-pisand qilmaslik, hatto feodal davrlarning sotsializmga yot merosi sifatida rad etish hollari avj olgan zamonlarda Navoiy, Muqimiy singari mumtoz shoirlarning hayotbaxsh an’analarini izchil davom ettirgan.
Habibiyning adabiy merosi mumtoz o‘zbek adabiyotining g‘azal, murabba, muxammas, musaddas, ruboiy, tuyuq, qasida va doston singari janrlarida yozilgan 40 mingdan ziyod baytdan iborat. Uning 300 dan ziyod g‘azallariga kuy bastalangan bo‘lib, ularning aksari hozir ham ijro etiladi.
Habibiy Toshkentning Kamolon qabristoniga dafn etilgan. Toshkent, Andijon shaharlari va Paxtaobod tumanidagi ko‘chalar Habibiy nomi bilan ataladi. Paxtaobod tumanida Habibiy uy-muzeyi barpo etilgan.
Naim Karimov


IShQ DARSI

Ey yoronlar, ishq darsin qilganimda ibtido
Jilvagar erdi ko‘zimda nozanin bir mahliqo.

Safhayi orazda har lahza o‘qib holu xatin,
Harna mazmun bo‘lsa bo‘ldi shubhasiz ko‘nglimga jo.

So‘zlasam ishqu muhabbatdan ochilgay chehrasi
Bor ekan bildim muborak zotida mehru vafo.

Ishq aro Farhodu Majnunlarga tan bergay jahon
Qilmadi tarki muhabbat ko‘rdi ko‘p jabru jafo.

Tan berurman emdi har mehnatga toqat ko‘rsatib,
To tirik borman bu yo‘ldan yonmagayman mutlaqo.

Yashnagayman dam-badam ko‘rsam tanimga sig‘mayin
Oy yuzidin kasb etib ko‘nglim, ko‘zim nuru ziyo.

Senga ham bo‘lgay muyassar, ey Habibiy, vasli yor,
Bo‘lmagay aslo umidu orzular barhavo.


KO‘NGIL QUVONChI

Kel ey ko‘ngilning azizi ko‘p etma istig‘no,
Na deb o‘zingga meni avval aylading oshno.

Dilim charog‘i, ko‘zim nuri, tan madorisan,
Azta boshing haqi, bir lahza bo‘lma beparvo.

Qaro ko‘zingga ko‘zim tushmasa yomon holim
Firoqing o‘tiga yo‘q sabru toqatim aslo.

Zamonu asrim aro ey yagona farzona,
Jahonda bormu kishi sen kabi go‘zal zebo.

Kulib ko‘zing qirida iltifot etar chog‘da
Qiyo-qiyo boqishing kimni qilmagay shaydo.

Chamanda ko‘kka boqib qoldi bir ko‘rib nargis,
Bo‘lurmu dunyada ko‘zlar ko‘zing kabi shahlo.

Chin e’tiqodim ila sofu toza mehringni,
Habibiy, safhai siynamda ayladim insho.
1941


KO‘ZI ShAHLO

Karashma birla hushim oldi bir ko‘zi shahlo,
Tag‘ofil ayladi-yu, ketdi boqmadi aslo.

Ko‘ngilda ohi jahonso‘zu yuz g‘amu anduh,
Dilimda dardi firoqu qoshimda ming savdo.

Teshik-teshik jigarimdan buloq o‘lib qonlar
Ko‘zimda to‘lmog‘u toshmoq bila ulug daryo.

Xayoli la’li labi mastu mayparast etdi,
Qaro ko‘zin qarashi qildi volayu shaydo.

Ajabki har tunu kun yora-yor ekan, ag‘yor,
G‘aribu g‘amzodalardan hamisha beparvo.

Humori bodayi vasli bilan xarob o‘ldim,
Xumorim achchig‘i to qilmagay meni rasvo.

Habibiy, ko‘z tutaman ishtiyoqiy vasli bilan,
Nechuk alamki yana qilsa nozu istig‘no.


TOHIRU ZUHRO

El og‘zida shirin afsona erdi Tohiru Zuhro —
Muhabbat birla chirmashgan haqiqiy oshiqi shaydo.

Zamona zulm ila otdi azim daryoga Tohirni
Va lekin qa’riga tortmay ko‘tardi boshiga daryo.

Bukun maydonda shonu shavkat ila jilvagar bo‘ldi,
Chin oshiqlikni ta’lim aylab elga bu iki barno.

Ochilgan, yashnagan gulshanda rango-rang olib ilhom
Naxush san’at bilan tasvir etibdir Sobir Abdullo.

Necha dushman chiqib to‘smoqchi bu nuri haqiqatni,
Qolib nuri haqiqat yov o‘zi barbod bo‘lur ammo.

Haqiqat shami o‘chmas zulmu dahshatning shamolidan,
Adolat bayrog‘i qayrilmagay bir zarra ham aslo.

Habibiy, e’tiqodim shulki iqbolu zafar bizda,
Nechunkim yangi-yangi kunda bo‘lmoqda hunar paydo.
1912


MAKTAB

Jahonda ilmu fanning koni maktab,
Tugalmas koni bepoyoni maktab.

Muhabbat qilsa kim ilmu hunarga,
Shirin jon birla teng jononi maktab

Vujudin ilm ila gavhar qilurga,
Qidirsa choralar imkoni maktab.

To‘lig‘ ilmu adab olmoqqa avval
Kishining g‘ayratu vijdoni maktab.

Aziz yoshlar uchun yoshlik g‘animat,
Bilimsizning bo‘lur armoni maktab.

Rivoj olsa ne chog‘lik ilmu urfon,
Madad baxshu madoru joni maktab.

Sharafli keldi maxluq ichra nnson —
Sharaf uzra sharaf ham shoni maktab.
1947


ABAS

Bahrasizlar birla o‘tgan umru fursatlar abas,
Toza jonparvar kalomi ahli hikmatlar abas.

Bazm aro jo‘sh ursa qaynab soz ila xonandalar,
Qilmagay ta’sir qizg‘in bazmu suhbatlar abas.

Ba’zi bir kaj fahmu xudbinlarga ming jon kuydirib,
Qilsa hurmat birla tanqidu nasihatlar abas.

Masnadi suhbatga loyiq ahli donish bo‘lsa kim,
Surat oro u quruq haybatli savlatlar abas.

Ishlaganda aqlu idrokingni ishlat avvalo,
Yo‘qsa hosilsiz bo‘lur behuda mehnatlar abas.

Bir yomonga rahm go‘yo javr erur yuz yaxshiga,
Gar aniqlansa yomonlik rahmu dlafqatlar abas.

Ey Habibiy, kimda-kim zavqi muhabbat bo‘lmasa,
Sidq ila har qancha ko‘p qilsang muhabbatlar abas,
1960